Линклар

Qozog‘iston va Qirg‘izsiton rasmiylari ikki davlat chegarasida yuzaga kelgan bo‘hronni hal etishga kelishib oldi. 18 oktabr kuni chegaradagi vaziyatni muhokama qilish uchun Qirg‘iziston bosh vaziri Sapar Isaqov Ostonada Qozog‘iston bosh vaziri Baqitjan Sag‘intaev bilan uchrashdi.

Muzokaralar ortidan Sag‘intaev 19 oktabr kunidan boshlab piyodalar, savdo yuki bo‘lmagan avtomobillar, shaharlararo qatnaydigan avtobuslar hamda bo‘sh yuk mashinalari birinchi bo‘lib chegaradan o‘tkazilishini bildirdi.

Sag‘intaev muammoni butunlay hal etish rejasini ishlab chiqish uchun ikki davlat bosh vazirlari o‘rinbosarlaridan iborat ishchi guruhi tuzilishini bildirdi.

Qozog‘iston bosh vazirining aytishicha, Ostona qirg‘izistonlik savdogarlar chegara va soliq qonunlarini buzgani uchun chegarada nazoratni kuchaytirgan.

- Chegara rasmiylarimizning xabar berishicha, qirg‘izistonlik improtchilar Qozog‘iston chegarasidan o‘tayotib, Xitoy mahsulotlari haqida yolg‘on ma’lumot bermoqda. Biz bundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar ko‘ryapmiz, - dedi Sag‘intaev.

Ikki vazir uchrashishidan avval Bishkek Jahon savdo tashkiloti hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga Qozog‘iston ustidan arzlangan edi.

Qirg‘iz-qozoq chegarasida vaziyat 10 oktabrdan murakkablasha boshlagan. Qirg‘iziston Chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan seshanba oqshomidan Qozog‘iston nazorat-o‘tkazish maskanidan o‘tayotgan shaxslar va transport vositalarini qattiq tekshira boshlagan, buning natijasida o‘tkazish punktlarida turnaqator navbatlar vujudga kelgan.

Qozog‘iston Qirg‘iziston bilan chegarasida nazoratni kuchaytirishiga Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atambaevning Qozog‘istonni Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovida aralashishda ayblab, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboevni keskin tanqid qilgani turtki bo‘ldi.

7 oktabr kuni Atamboev Qozog‘iston rasmiylarini Qirg‘iziston ichki ishlariga aralashishda hamda Atambaev dastaklayotgan nomzodSo‘o‘ro‘nbay Jeenbekovning asosiy raqibi O‘murbek Babanovni ochiqchasiga qo‘llashda aybladi.

Nazarboev 19 sentabrda Babanov bilan uchrashgan edi.

18 oktabr kuni Atambaev Nazarboevni tanqid qilayayotib, oshirib yuborganini tan oldi:

- Balkim, men hissiyotga berildim va qozoq prezidentini tanqid qilib, noto‘g‘ri qildim, - dedi Atambaev.

Qirg‘iziston Davlat chegara xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yirik va hamisha gavjum bo‘ladigan “Aqjol-Avtoyo‘l”, “Aq-Tilek” avtoyo‘l o‘tish punktlarida Qozog‘iston tomonidan cheklovlar joriy qilingunga qadar bir kunda o‘rtacha 8 176 kishi, 662 ta transport vositasi o‘tardi. 10 oktabrdan boshlab mazkur punktlar orqali bir kecha-kunduzda Qirg‘izistondan Qozog‘istonga 3 446 kishi va 357 ta transport vositasi o‘tmoqda.

XS
SM
MD
LG