Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:29

OzodDayjest: “O‘zbek tiliga hurmatsizlik qabristongacha kirib bordi”


O‘zbek matbuoti qabrtoshlardagi mayit ismlari ham ruscha yozilayotganini tanqid qilmoqda. Qibrayda militsiya mulozimining og‘zaki topshirig‘i bois mahalliy jurnalist propiskaga turolmayapti. Xonanda Feruza Jumaniyozova 9 yillik taqiqdan keyin san’atga qaytdi.

________________________________________________

Davlat tili maqomidagi o‘zbek tili ko‘makka muhtoj

Tinimsiz maqolalar yozilayotgani, tanqidlar qilinayotganiga qaramay o‘zbek tiliga hurmatsizlik davom etmoqda, xor bo‘layotgan til esa xalqning e’tibor va mehriga muhtoj (“Oila davrasida”, 19 oktabr). Davlat tili maqomiga ega o‘zbek tili qoidalarini buzayotganlar esa hali biror marta jazoga tortilgani yo‘q. Aslida davlat tili qoidalarini buzishning ijtimoiy xavfi, deylik, yo‘l qoidalarini buzishdan kattadir. Tilga hurmatsizlik hatto qabristonlargacha kirib bordi. “Ajab, ba’zan ayrim qabristonlarda hatto qabrtoshlarda ham “Djurakulov”, “Chariev”, “Rovshan” kabi ism-familiyalarga ko‘zimiz tugadi. Bilgichlardan so‘rasangiz, pasport bo‘yicha yozilgan-da, deydi. Hech aqlim yetmaydi: odamzod tirikligida ism-sharifini pasport bo‘yicha yozishini, bu hujjatbozlikda zarurligini tushunish mumkindir. Biroq u olamdan o‘tgach, so‘nggi manzilga yetgach, bir umr hujjatida xato qayd etilgan ism-familiyasini hech bo‘lmasa qabrtoshiga to‘g‘ri yozishsa bo‘lmasmikan? Yo birorkim qabrtoshi bilan pasport nusxasini solishtirib, bir xil bo‘lsa, duoi fotiha qilarmikan?” deb yozadi gazeta.

Qibrayda og‘zaki topshiriq qonundan ustunligi bois jurnalist doimiy propiska qilolmayapti

Ichki ishlar vazirligining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi Toshkent viloyati bo‘limi boshlig‘ining og‘zaki topshirig‘i bois jurnalist Jamshid Niyozovning qonuniy huquqi buzildi (“Jamiyat”, 13 oktabr). Jurnalist Chirchiq shahridan doimiy propiskadan o‘chgan va Qibraydagi o‘zi tegishli uyga propiskaga kirmoqchi bo‘lgan. Ammo Qibray pasport bo‘linmasi rahbari yuqoridan doimiy propiskani to‘xtatib turish bo‘yicha og‘zaki topshiriq berilganini aytib, jurnalistni doimiy ro‘yxatga qo‘yishdan bosh tortgan. Qayd etilishicha, doimiy propiskani to‘xtatish haqidagi og‘zaki buyruq mamlakat parlamenti qabul qilgan qonunga ziddir.

Taqiqdan san’atga qaytgan xonanda Feruza Jumaniyozova reytingi tushib ketganini tan oldi

“Nihol” mukofoti sovrindori, xonanda Feruza Jumaniyozova 9 yillik taqiqdan keyin yana san’atga qaytdi (“Darakchi”, 19 oktabr). Xonanda ko‘p yillik tanaffusdan keyin reytingi ancha tushib ketgani, hozir 5-sinfda o‘qiydigan bolalar uni san’atkor sifatida tanimasligi, shu bois san’at olamida yana o‘rin egallash uchun ko‘p mehnat qilishi lozimligini aytgan. Qayd etilishicha, xonanda ikki yangi klip suratga olib televidenie badiiy kengashiga topshirgan. “Begim”, “Ignadan ip”, “Yalla habibi” kabi qo‘shiqlari bilan mashhur bo‘lgan Feruza Jumaniyozova bir necha yillar oldin litsenziyadan mahrum etilib, qo‘shiqlari teleradiokanallardan berilmay qo‘ygan. Xonandaning norasmiy qora ro‘yxatga tirkalganiga esa uning “O‘zbeknavo” estrada birlashmasini ogohlantirmay Tojikistonda konsertlar bergani sabab bo‘lgani aytiladi. “San’at ortidan ko‘p yomonliklar ko‘rdim. Shu bois yuragimdagi o‘tim so‘nib qolgan”, deya bugungi kayfiyatini ifodalagan xonanda.

XS
SM
MD
LG