O‘zbek tili rasman davlat tili maqomini olganiga 28 yil to‘ldi. 1989 yil 21 oktabr kuni O‘zSSR Oliy Soveti "O‘zSSRning davlat tili haqida"gi qonunni qabul qilgan edi. Qonun o‘zbek tili butun O‘zbekiston bo‘yicha davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslarini belgilab, ish yuritishda, davlat organlariga murojaat qilishda o‘zbek tilining mavqeini birinchi o‘ringa olib chiqqan. Lekin, oradan 28 yil o‘tgan bo‘lsa ham O‘zbekistondagi aksar idoralarda ish yuritish rus tilida amalga oshirilmoqda. Ko‘pincha hukumatning muhim qarorlari faqat rus tilida e’lon qilinadi.
O‘zbekistonlik filolog va yurist Jonuzoq Halil Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek tilining rasman davlat tili maqomiga ega bo‘lishining ahamiyati va bugungi mavqei haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.