Линклар

Шошилинч хабар
13 декабр 2019, Тошкент вақти: 18:07

Suriyaning eng yirik neft koni “Islom davlati”dan tortib olindi


Suriya demokratik kuchlari Raqqani ozod qilgan daqiqalar. 2017, 17 oktabr.

AQSh dastaklayotgan kuchlar yakshanba kuni Suriyaning eng katta neft konini “Islom davlati” jangari guruhidan tortib oldi. Associated Press agentligining xabar qilishicha, Kurdlar yetakchiligidagi Suriya demokratik kuchlari hamda Suriya hukumati Dayr uz-Zur viloyatidagi hududlarni egallab olishga oshiqmoqda.

“Al-Umar” neft koni jangari guruhning muhim daromad manbai bo‘lgan. “Al-Umar” mamlakatdagi eng boy kon hisoblanadi.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya hamda Rossiya havo hujumlari ta’sirida kon qanday ahvolga kelgani hozircha noma’lum.

Suriya demokratik kuchlari AQSh yetakchiligidagi koalitsiya ko‘magi bilan konni “tez va keng ko‘lamli harbiy amaliyot” ortidan egallab olganini bildirdi.

Xabarlarga ko‘ra, ayrim jangarilar kon atrofidagi uylarga yashiringan, ular bilan to‘qnashuvlar davom etmoqda.

AQSh yetakchiligidagi koalitsiya kon jangarilardan tortib olinganini tasdiqladi.

Qarorgohi Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari observatoriyasining bildirishicha, hukumat kuchlari “Al-Umar” koni yaqinidagi hududlardan chekingan. Suriya demokratik kuchlarining bildirishicha, hukumat kuchlari kondan 3 km masofada turibdi.

Suriya hukumati kuchlari Rossiya havo hujumlari hamda Eron dastaklayotgan jangchilar ko‘magi bilan Iroq bilan chegara yaqinidagi Dayr uz-Zur viloyati poytaxti Dayr uz-Zur shahrining aksar qismini hamda Mayadin shahrini qo‘lga olgan.

Suriya demokratik kuchlari Dayr uz-Zur viloyatining Frot daryosining sharqiy qirg‘og‘idagi ko‘plab qishloqlarni qo‘lga olgan. Guruh yana bir necha gaz konini ham egallagan.

“Islom davlati” jangari guruhi “Al-Umar” konini 2014 yilda egallab olgan edi. O‘shanda guruh Suriya va qo‘shni Iroqda yirik hududlarni qo‘lga olgan. O‘sha paytda kon kuniga taqriban 9 ming barrel neft qazib olgan. Hozirda kon qanday ahvolda ekani noma’lum.

2015 yilgi ma’lumotga ko‘ra, Suriyada 2,5 milliard barrel neft zahirasi bor. Ya’ni, qo‘shnilari orasida Suriya Iroqdan keyin turadi.

Suriyada 2011 yil fuqarolar urushi boshlanishidan avval neft sanoati mamlakat iqtisodining asosiy tayanchi bo‘lgan.

Suriya demokratik kuchlari tomonidan “Al-Umar” konining egallab olinishiga Suriya hukumati qanday javob qaytarishi hozircha noma’lum. Mamlakat prezidenti Bashar Asad keyinchalik Suriyadagi barcha hududlarni hukumat boshqaruviga olishga ont ichgan.

Keyingi ikki yil davomida “Islom davlati” jangari guruhi Suriyada ham, Iroqda ham egallab olgan hududlarini qo‘ldan boy berib kelmoqda. O‘tgan haftada AQSh dastaklayotgan kuchlar jangarilarni Suriyaning Raqqa shahridan siqib chiqardi.

AQSh ma’lumotiga ko‘ra, Suriya sharqida va Iroq g‘arbida “Islom davlati” gurug‘ining 6,5 ming jangarisi qolgan.

XS
SM
MD
LG