Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 12:02

Surxondaryo hokimi meva-sabzavot eksportchilari yo‘lini to‘sib qo‘ydi


Tadbirkorlar¸ hokim buyrug‘i ortidan tonnalab anorning isrofga chiqishini aytmoqda.
Tadbirkorlar¸ hokim buyrug‘i ortidan tonnalab anorning isrofga chiqishini aytmoqda.

Ozodlikka murojaat qilgan ayrim tadbirkorlarga ko‘ra¸ viloyatni O‘zbekistonning qolgan hududi bilan bog‘laydigan “Darband” yo‘l-patrulь xizmati postida anor¸ xurmo¸ yeryong‘oq va ko‘kat kabi, asosan, eksportga mo‘ljallangan qishloq xo‘jalik mahsulotlari ortilgan yuk mashinalari o‘tkazilmayapti. Bu xabarni tasdiqlagan mazkur YPX rasmiysi¸ bu jarayonning viloyat hokimi buyrug‘i bilan amalga oshirilayotganini bildirdi.

Qamalda qolgan anorlar...

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov xalqning ham mamlakat ichkarisida sotish¸ ham eksport qilish rejasida yetishtirgan anor¸ xurmo¸yeryong‘oq kabi bozori chaqqon mahsuloti iste’molchi tomon yo‘lga chiqqanda¸ Ozodlik gaplashgan ayrim tadbirkorlarga ko‘ra¸ “ochiq qaroqchilik” qilmoqda.

Ozodlik gaplashgan tadbirkorlar qariyb bir haftadan beri “Darband” postida 50-60 ta anor¸ xurmo¸ yeryong‘oq¸ mosh va ko‘kat ortilgan KamAz to‘planib qolgan.

“Buni melisalar emas¸ viloyat hokimining buyrug‘i bilan hokimlik vakillari qilmoqda”¸ deydi o‘zi ham bir necha kundan beri Surxondaryodan sotib olgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini olib chiqa olmay sarson bo‘layotgan tadbirkorlardan biri.

“”Darband” postiga hokimiyatning odamini qo‘ygan. Hammani shu to‘xtatib¸ hujjat tekshirayapti. Texpasportlarni olib¸ anorni qaerdan olgan bo‘lsang¸ orqaga qaytar deb shart qo‘yayapti. Fermer mahsulotini faqat Surxondaryodagi bitta agrofirma orqali olib chiqishi mumkin emish. Men yakka tartibdagi tadbirkorman¸ aholidan olganman¸ fermerdan olmadim deganlarni¸ borib kimning anorini olgan bo‘lsang¸ kvitansiya olib kel¸ keyin o‘sha mahlla raisi spravka bersin¸ falonchining anorini oldi¸ degan deyapti. Aholi sizga kvitansiya berardimi? Viloyat hokimi mahallaqo‘mlarga bittang spravka bersang¸ kallang ketadi¸ degan¸ shunga hech kim bunaqa spravka bermayapti”¸ deydi Ozodlik gaplashgan yakka tartibdagi tadbirkorlardan biri.

Bu va Ozodlik gaplashgan boshqa ayrim tadbirkorlar¸ asosan sherobodliklar hovlisida yetishtirilgan anorni sotib olgan. Aytishlaricha¸ hamma hujjatlari joyida¸ davlatga belgilangan miqdorda muntazam soliq to‘lab keladi. Ayrimlarining Koreya va Hindistondagi firmalar bilan O‘zbekistondan qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportiga oid kelishuvlari ham bor.

Ayni paytda ular yillardan beri¸ bozorning talabiga qarab¸ O‘zbekistonning turli viloyat markazlariga ham Surxondaryoda serob qishloq xo‘jalik mahsulotlari olib borib sotish bilan shug‘ullangan.

Agrofirma monopoliyasi

Prezident Shavkat Mirziyoev eksport¸ xususan¸ qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportini rag‘batlantirish uchun qator qarorlar qabul qilgan 2017 yilda bunday zo‘ravonlikka duch kelayotgan Ozodlik suhbatdoshlari¸ nega Surxondaryo hokimi bozorpop meva-sabzavotni bu yil har tarafdan qamal-qurshovga olganini izohlashga urindilar.

Bu yil¸ aytishlaricha¸ Surxondaryodagi Agrofirma Rossiya bilan 5000 tonna anor va boshqa mahsulotlar yetkazib berish haqida shartnoma imzolagan. Hokim ana shu bitimdagi meva-sabzavot Rossiyaga yuborilmaguncha¸ bir donasiyam Surxondaryodan chiqarilmaydi¸ degan. Fermerlarni qarzdorga chiqarib¸ ularning mahsulotini qaroqchilik bilan bosib olib ketayapti. Aholining o‘z uyida yetishtirgan mahsulotigayam yo‘l bermayapti. Prezident eksportga yo‘l berdiku¸ desak¸ yo‘q¸ prezident eksport bilan faqat agrofirma shug‘ullanadi¸ deb tortishishayapti. Biz tushunganimiz¸ bu agrofirma hokimning o‘ziga yaqin odamlarga qarashli¸ shunga bu sohani monopoliya qilayapti kuch bilan”¸ deydi o‘nlab tonna anor va boshqa mahsulotlari Surxondaryoning asosiy darvozasi bo‘lgan “Darband” postida turib qolgan savdogarlardan yana biri.

Ularga ko‘ra¸ qariyb 10 kundan beri havoning issiq-sovug‘ida qolayotgan tonnalab anor¸ yaroqsizga chiqmoqda va tadbirkor millionlab zarar ko‘rmoqda.

Ayrimlar to‘polon ham qildi¸ portalga yozaman ham dedi. Bularga kor qilmayapti. Juda qo‘pollik bilan hammamizni ezvorishdi”¸ deyi Ozodlik suhbatlashgan tadbirkorlardan biri.

Ayni paytda¸ Ozodlik suhbatdoshlaridan biri¸ mashinalarning Surxondaryodan chiqishiga izn berish vakolatidagilarga pora berib¸ yuklarini olib chiqqanlar borligiga o‘zi guvoh bo‘lganini iddao qildi.

Yo‘l-patrul tasdiqladi

Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Darband” yo‘l-patrul xizmati posti xizmatchisi viloyat hududidan qishloq xo‘jalik mahsulotlari ortilgan yuk mashinalarining chiqarilishi qariyb taqiqlanganini e’tirof qildi.

Biz viloyat hokiming buyrug‘ini bajarayapmiz. O‘n kuncha bo‘p qoldi¸ buyruq chiqargan. Viloyatdan tashqariga chiqadigan hamma mahsulot agrofirma orqali o‘tsin¸ 10 foizini davlatga soliq sifatida to‘lasinmi¸ degan. Ochig‘i¸ anig‘ini bilmayman. Shunga mashinalarni ushlab turibmiz¸ hujjatlarini rasmiylashtirib kelsa¸ qo‘yib yuboramiz. Kecha ancha-munchasini o‘tkazdik. Lekin bugun ham turib qolgan yuk mashinalari bor. Nimagaligini viloyat hokimligi tushuntirsa kerak”¸ dedi “Darband” yo‘l-patrul xizmati mulozimi.

Hokimlik eski gapini takrorladi

Ozodlikning vaziyatga oydinlik kiritishni so‘rab Surxondaryo viloyat hokimligiga qilgan murojaatidan hokimning qanday buyruq berganiyu¸ uning qanday buyruq ekaniga ko‘p ham oydinlik kiritmadi.

O‘zini viloyat hokimi yordamchisi deb tanishtihgan mahalliy mulozim¸ yuk mashinalarining viloyat hududidan chiqishi qiyinlashtirilganini inkor etmadi¸ ayni paytda hokim bunga oid hech qanday buyruq yoki qaror chiqarmaganini aytdi:

- Noqonuniy olib chiqmaslik uchun qilinayapti. Hech qanaqa qaror qabul qilingani yo‘q. Fermerlarning o‘zini yetishtirgan mahsulotini o‘zini hisob raqamida aylantirtirib¸ qaerga opchiqsa¸ opchiqib ketaversin deyapti. Dehqoncha qilib tushuntiradigan bo‘lsam¸ mana siz fermersiz¸ mahsulot yetishtirayapsiz. Siz vaqtida mahsulot yetishtirish uchun ximiyadan o‘g‘it olgansiz¸ hozir fermer faqat anor yo xurmo yetishtirmaydi¸ boshqa qishloq xo‘jalik ekinlariyam ekadi. Qarzdorlikni yopsin¸ deyapti hokim. Mahsulot olib chiqishning o‘z tartibi bor¸ shunga ko‘ra hujjatlashtirilishi kerak¸ qarzorligini qoplasin¸ ana undan keyin olib chiqaversin. Hammasi fermerlarning qarzdorligiga borib taqalayapti¸ dedi Ozodlik bilan suhbatda o‘zini viloyat hokimi yordamchisi deb tanishtirgan mulozim.

Bu suhbatdoshga ko‘ra¸ “Darband” punktida to‘xtatilgan yuk mashinalari¸ yo ana shu qarzdor fermerlarga oid bo‘lgani uchun¸ yoxud aholi mevasini olib chiqishga so‘raladigan hujjatlari risoladagiday bo‘lmagani uchun to‘xtatilgan.

Aholi tomorqasidagi anor va boshqa mahsulotlarni sotib olishgan bo‘lsa¸ mahallaqo‘mdan spravkasi bo‘lsa¸ chiqaradi¸ bo‘lmasa yo‘q”¸ degan Surxondaryo viloyat hokimi yordamchisi¸ tadbirkorlar tilga olgan talab mavjudligini tasdiqladi.

XS
SM
MD
LG