Линклар

32 yashar saudiy shahzodasi sahroda yarim trillion dollarlik yangi shahar qurmoqchi


Saudiya Arabistonining 32 yashar shahzodasi Muhammad bin Salmon

Saudiya Arabistonining 32 yashar valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon kelgusida qirollikni "mo‘’tadil Islom"ga qaytarishni va’da qilmoqda. 24 oktabr kuni dunyoda ko‘zga ko‘ringan ishbilarmonlaru olimlarni Riyodda to‘plagan shahzoda shu kunga qadar misli ko‘rilmagan futuristik shahar qurish orzusida ekanini bildirdi va uning 500 milliard dollarlik loyihasini taqdim qildi.

Washington Post nashrining yozishicha, shahzoda bin Salmon "Neom" nomli yangi futuristik shaharni, asosan, texnikaviy innovatsion g‘oyalar markaziga aylantirishni rejalamoqda.

Bu shaharni Saudiyaning Misr va Iordaniyaga yaqin qismida - Qizil dengiz bo‘yida ochiladigan yangi iqtisodiy erkin hududda barpo etish ko‘zlanmoqda. Shahar umum maydonining 26 ming 500 kilometr kvadrat bo‘lishi aytilmoqda.

Shahzodaning aytishicha, shaharning energetik ta’minoti to‘liq muqobil manbalarga tayanadi. Misol uchun, transport yo‘llarida tiqin bo‘lmasligi uchun "dronlar, haydovchisiz avtomobillar va robotlar harakatlanadi".

Seshanba kuni Riyodda o‘tkazgan matbuot anjumanida shahar ko‘rinishi aks etgan videorolik ham taqdim etildi. Undagi kadrlarda ko‘ringan bo‘lg‘usi shahar manzarasi bugungi Saudiyadan tamomila farqlidir.

Muhimi, videorolikda namoyish qilingan ayol-qizlar ro‘mol yoki hijobsiz namoyish qilindi va ularning aksari, ilmiy tadiqiqotlar ustida ishlayotgan, transport vositasi yoki boshqaruv pulьtida o‘tirgan holda namoyish etildi.

Washington Post nashrining yozishicha, seshanba kungi marosimda shahzoda Muhammad bin Salmon o‘zi qurishni istagan shahar "konservativ odamlar yoki konservativ shirkatlar uchun mo‘ljallanmagan"ini aytgan.

"Bu - dunyoda o‘z orzusiga ergashgan odamlar yashaydigan maskan bo‘ladi", deya shahzodadan iqtibos keltirdi Washington Post nashri.

Bu keyingi qisqa davr ichida Saudiya Arabistonida ilgari tashlangan navbatdagi qadam o‘laroq baholanmoqda. Bunga qadar qirollik, yillar davomida xalqaro hamjamiyat tanqidiga nishon bo‘lib kelgan ayollar uchun cheklovlardan birini bekor qilishini bildirdi - keyingi yildan Saudiyda ayollarning yolg‘iz holda avtomobil haydashiga ruxsat berildi.

Bundan tashqari, tez orada mamlakatda kinoteatrlarning ochilishi va xorijiy filmlarning namoyish qilinishiga ham ruxsat berilishi kutilmoqda.

Qirollikdagi bunday o‘zgarishlarning asosiy sababi so‘nggi uch yilda neft narxining yarmidan ham ko‘proqqa arzonlab ketgani bilan bog‘lanmoqda. Bozorda bugungi ahvol davom etsa, "2020 yilga borib qirollik tashqi zahirasining tagi ko‘rinib qolishi mumkin", deb yozmoqda Washington Post.

Shu bois, qirollik daromadning muqobil manbalariga e’tibor qarata boshladi va endi dunyodagi boy sarmoyadorlarni "Neom" kabi misli ko‘rilmagan loyihalarga pul tikishga jalb qilish yo‘llarini qidirmoqda.

Zero, shahzoda Muhammad seshanba kungi chiqishida qirollikdagi bugungi siyosat avvalgilarga o‘xshamasligini ta’kidladi.

Bu bayonotni berarkan, shahzoda bilan bir minbarda turgan etakchi biznesmenlar ham avvalgilardan farqli bo‘ldi. G‘arb nashrlarining xabar qilishicha, seshanba kungi marosimda AQShdagi yirik xususiy shirkat - Blackstone shirkati egasi Stefan Shvartsman hamda Yaponiyadagi eng yirik texnologiya shirkati egasi Masayoshi Sonlar shahzodaning yonida o‘tirgan.

Bundan tashqari shahzodaning​: "Biz avval qanday bo‘lgan bo‘lsak, o‘sha holga - mo‘’tadil Islomga qaytmoqchimiz", degan gaplari ham e’tiborni tortmoqda.

Guardian nashriga bergan intervyusida shahzoda ultra-konservativ bu davlatning Eron inqilobidan keyingi so‘nggi 30 yillik davri "normal" kechmaganini aytdi. "Biz hayotimizning yana 30 yilini har xil ekstremistik g‘oyalarga qarshi kurashga sarflamoqchi emasmiz, biz bu g‘oyalarni hozir va darhol yo‘q qilamiz", dedi.

Bundan tashqari, shahzoda o‘z intervyusida: "Biz Katta yigirmalikka a’zo davlatmiz. Dunyoda iqtisodiyoti yirik bo‘lgan davlatlardan birimiz. Biz uch qit’aning o‘rtasidamiz. Saudiya Arabistonini yaxshi tarafga o‘zgartirish bu mintaqa va dunyoda yaxshi o‘zgarishlar qilishga yordam berish¸ demakdir. Biz aynan shu ishni qilish istagidamiz va umid qilamizki, boshqalar ham bizni qo‘llab-quvvatlaydi", deb ta’kidladi.

Aholisi nufusi 20 million bo‘lgan Saudiya Arabistonida davlat idorasida ishlovchi oddiy aholining o‘rtacha ish haqi oyiga bir necha yuz dollarni tashkil qiladi.

Misol uchun, keyingi 10 yil ichida bu davlatdagi asosiy muammolardan biri ish izlovchilar safiga qo‘shilishi kutilayotgan 5 millionga yaqin yosh yigit-qizni ish bilan ta’minlash bo‘lishi kutilmoqda. 2030 yilgacha bo‘lgan davlat dasturida ish o‘rinlarini davlat hisobidan emas, balki xususiy sektor hisobidan yaratish, buning uchun esa xorijlik investorlarni ko‘proq jalb qilish ko‘zda tutilgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Saudiya aholisining 70 foizdan ortig‘ini yoshi 30 gacha bo‘lganlar tashkil qiladi. ​

XS
SM
MD
LG