Линклар

O‘zbekistonda avtomobillarning yonib ketish hollari ko‘paymoqda. Nogirondan pora so‘ragan amaldor qamaldi. Soliq idorasi xizmat haqini dollarda olayotgan xonandalarga qarshi reydlar o‘tkazmoqda. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

IIV nashri: Avtomobillar yonib ketishi ko‘payib borayotgani tashvishlanarlidir

O‘zbekistonda avtomobillarning yonib ketishi hollari ko‘payib bormoqda va bu hol tashvishlanarlidir (“Postda”, 21 oktabr). Mamlakat bo‘yicha o‘tgan hafta 200 ga yong‘in ro‘y bergan bo‘lib, ularning ma’lum qismi avtomobillar bilan bog‘liq. Avtomobillarning yonishiga esa asosan elektr o‘tkazgich simlarining qisqa tutashuvi sabab bo‘lmoqda. “Toshkent DEU tsentr” mas’uliyati cheklangan jamiyatida o‘tkazilgan profilaktik tadbirda IIV YoXBB bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik G‘ofur Po‘latov qatnashib, bu borada hushyor bo‘lishga chaqirgan.

Nogirondan pora so‘ragan mansabdor 5 yilga qamaldi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanlararo tibbiy mehnat ekspert komissiyasi raisi nogironlikni belgilash uchun pora talab qilgani bois 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi (“Huquq”, 26 oktabr). 2007 yildan beri jigar sirrozi bilan og‘riydigan bemorning onasi farzandiga 2-guruh nogironligini belgilashni so‘rab komissiyaga murojaat qilgan. Komissiya raisi – ismi oshkor etilmagan mansabdor tibbiy xulosa va hujjatlar yetarli ekaniga qaramay, qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazilishini aytgan va shundoq ham qiynalib yurgan onadan 400 ming so‘m pora talab qilgan. Komissiya raisi porani olayotganda ushlangan.

Xizmat haqini dollarda olayotgan xonandalar jazolanadi

Soliq idorasi O‘zbekiston Prezidentining valyuta sohasini tartibga solishga oid farmoni ijrosi yuzasidan xizmat haqini dollarda olayotgan xonandalarni aniqlash maqsadida reydlar o‘tkazmoqda (“Darakchi”, 26 oktabr). Masalan, Andijon shahri davlat soliq inspektsiyasi buyrug‘i bilan o‘tkazilgan reydda Asaka tumanida yashovchi uch vatandosh to‘y marosimidagi xizmat haqi uchun xonandalarga 200 dollardan 500 dollargacha to‘lagani aniqlangan. Xonandalar ism-sharifi ochiqlanmagan, ammo ularga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgani xabar qilingan. “Davlat rahbarining bu boradagi farmonidan xabarimiz bor, albatta. Lekin amalda qo‘llash borasida vaziyat faqat biz xonandalarga bog‘liq emas. Chunki xizmatga taklif etilganimizda narxni so‘mda aytsak-da, qo‘limizga AQSh valyutasini berishadi. Qolaversa, bu masalaning yana bir tomoni bor, ya’ni biz kichik san’atkorlar kamroq haq evaziga to‘yga chiqamiz. Lekin katta san’atkorlar to‘yxonadan sumka-sumka pul ko‘tarib ketishini tasavvur qilib ko‘ring. Nazarimda, bu biroz noqulaylik tug‘diradi”, degan xonanda Dilso‘z.

XS
SM
MD
LG