Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:42

OzodDayjest: Ucell shirkati Alisher Usmonovga o‘tayaptimi?


Ucell shirkatining Toshkentdagi binosi.
Ucell shirkatining Toshkentdagi binosi.

Ucell aloqa operatori O‘zbekistonda faoliyatini to‘xtatmaydi. O‘zbekistonlik filolog millat ovozi ingichkalashib ketayotganidan bahs etdi. Odil Yoqubovning xotirlashicha, Sharof Rashidov o‘z tanqidchilariga nisbatan toqatli bo‘lgan.

_____________________________________________________________

Ucell O‘zbekistonda faoliyati to‘xtatilishi haqidagi ovozalarni rad etdi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Ucell aloqa operatori faoliyatini to‘xtatishi to‘g‘risida xabarlar rad etildi. Kompaniyaning iqtisodiy departamenti direktori Krasni Gari Mitchell “Darakchi” gazetasi orqali “Mijozlarimizni ishontirib aytamizki, kompaniya o‘z faoliyatini avvalgidek, hech qanday uzilishlarsiz 9 millionga yaqin mijozlariga sifatli va ishonchli xizmat ko‘rsatish bilan davom ettiradi” deya bayonot bergan. Ijtimoiy tarmoqlarda abonentlar soni bo‘yicha mamlakatda ikkinchi o‘rinda turuvchi shirkat milliarder Alisher Usmonovning USM Holdings kompaniyasi sotib olayotgani haqida ham xabarlar tarqalgan edi. Ucell iqtisodiy departamenti direktori o‘rinbosori mazkur axborotni na rad etgan, na tasdiqlagan. Bu axborotga Telia kompaniyasi oydinlik kiritishini ma’lum qilgan.

Mutaxassis: O‘zbek millatining ovozi ingichkalashib ketmoqda

Xonandalar, aktyorlar va diktorlarning aksari o‘zbekcha so‘z tovushlarini to‘g‘ri talaffuz eta olmaydi, gapirayotgan chog‘da qachon tin olish kerak, matn mazmuni qanday ohangni taqozo qiladi, jumladagi asosiy so‘z qaysi – bilmaydi, deydi adabiyotshunos Zuhriddin Isomiddinov (“XXI asr”, 26 oktabr). “E’tibor bergan bo‘lsangiz, millatimizning ovozi ingichkalashib borayotganday. Mullato‘ychi hofiz ovozini oling, Yunus Rajabiyni, Hojixon Boltaevni oling, Ma’murjon Uzoqovu Ortiqxo‘ja Imomxo‘jaevlarning tovushini eslang. Hozirga kelib esa qizlardan ham ingichka tovushda ashula qiladigan yigitlar chiqdi. Estrada janrida-ku, erkakcha ovoz bilan qo‘shiq aytadigan yigit qolmadi hisob. Nafaqat estradada, balki butun qo‘shiqchiligimizda ham ovoz tobora ingichkalashib, tobora shikastalashib borayotganday. Yig‘loqi (bugun qo‘shni qishloqqa kelin tushdi, deb o‘zi yor-yor aytadigan), xotinchalish ovoz bilan aytiladigan ashulalarga kunimiz qolyapti”, deydi Z.Isomiddinov.

Odil Yoqubov: Sharof Rashidov she’rini tanqid qilgan ijodkorni jazolamagan

Davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100 yilligi munosabati bilan marhum adib Odil Yoqubovning u haqdagi xotiralari chop etildi (“Hurriyat”, 25 oktabr). Hikoya qilinishicha, Odil Yoqubov “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga bosh muharrir bo‘lgan kezlari gazetada mamlakatning birinchi rahbari Sharof Rashidov she’ri tanqid qilingan maqola bosilgan. Keyin rosa to‘polon bo‘lgan, gazeta vakillaridan tushuntirilsh xati yozdirilgan. O‘sha kezlar Odil Yoqubov Sharof Rashidov qabuliga kirib, undan uzr so‘ragan. Davlat rahbari esa “Asar yozilganidan so‘ng past-baland gaplar, tanqidiy fikrlar bo‘lishini juda yaxshi bilasiz. Bundan aslo xafa emasman” deya tanqid uchun hech kimni jazolamaslikni so‘ragan. Hikoya qilinishicha, O‘zbekistonni 1959-83 yillarda idora etgan arbob Erkin Vohidov, Abdulla Oripov kabi ulug‘ shoirlarni ham himoya qilgan.

XS
SM
MD
LG