Линклар

Soufan Group: Shu kunda Suriya va Iroqda 700 dan ziyod tojikistonlik “jihodchi” bor


Suriya. Tojikistonlik "jihodchilar". 2015 yilda olingan surat.

Xavfsizlik masalalarini o‘rganuvchi Soufan Group tadqiqot markazi 24 oktabr kuni tarqatgan hisobotda yozilishicha, tojikistonlik 700 dan oshiq jangari hali-hanuz Suriya va Iroqda qolmoqda. Markazga ko‘ra, tojik jangarilarning taqdiri noma’lumdir.

Soufan Group hisobotiga ko‘ra, 2016 yilning iyuligacha 1 600 tojik jihodchi “Islom davlati” ekstremistik guruhi saflarida jang qilgan. Ularning 147 nafari vataniga qaytgan.

“Islom davlati” Mosul va Raqqadan siqib chiqarilganidan keyin, tojik jangarilar taqdiri qanday kechgani noma’lum. Soufan Group hisobotida yozilishicha, jangarilarning ayrimlari to‘qnashuv sodir bo‘layotgan boshqa hududlarga yetib olgan bo‘lishi mumkin.

Tojikiston rasmiylarining bildirishicha, Suriya va Iroqda “Islom davlati”ga qarshi kurashda tojikistonlik jangarilarning 60 foizdan oshig‘i halok bo‘lgan.

Soufan Group hisobotida qayt etilishicha, “Islom davlati” safiga qo‘shilish uchun Suriya va Iroqqa yo‘l olganlar orasida Rossiya fuqarolari eng ko‘p bo‘lib, ularning soni taqriban 3 417 kishidir.

Bundan tashqari, “Islom davlati” saflariga qo‘shilish uchun Saudiya Arabistonidan 3 244, Iordaniyadan 3 000, Tunisdan 2 926 nafar odam borgan. Qolaversa, jangari guruhga 1 910 Fransiya fuqarosi qo‘shilgan.

Soufan Group markaziga ko‘ra, “Islom davlati” Suriya va Iroqda chekinganidan keyin, 33 davlatning 5,6 ming fuqarosi o‘z vataniga qaytgan. Markazga ko‘ra, bu holat keyinchalik jahon davlatlari maxsus xizmatlari va huquq-tartibot organlari uchun katta muammo bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Soufan Group 2015 yilning dekabrida e’lon qilgan hisobotda Suriya va Iroqda “Islom davlati” saflarida 86 davlat fuqarosi jang qilayotgani, ularning soni 27-31 ming kishi ekanligi qayd etilgan edi. O‘shanda ekstremistik guruh a’zolari orasida 2 400 rossiyalik, 300 qozog‘istonlik hamda 386 nafar tojikistonlik borligi aytilgan edi. MDHdan borgan jangarilarning umumiy soni 4,7 ming kishi ekanligi ko‘rsatilgan edi.

Soufan Groupning 2015 yil, dekabrida e’lon qilingan hisobotidan.
Soufan Groupning 2015 yil, dekabrida e’lon qilingan hisobotidan.

2015 yilgi hisobotda “Islom davlati” yollayotgan jangarilarning aksari Tunis fuqarosi ekanligi aytilgandi. Tunis rasmiylarga ko‘ra, keyingi ikki yil ichida guruh saflarida jang qilayotgan tunisliklar soni 6 mingdan 3 mingga tushgan.

Soufan Group tahlil markazi xavfsizlik bilan bog‘liq global muammolarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Markazning qarorgohi Nyu-York shahrida bo‘lib, Chikago, London, Doha, hamda Singapurda uning hududiy ofislari bor. Markaz, shuningdek, Shimoliy va Janubiy Amerika, Yevropa, Yaqin Sharq, Osiyo va Afrikada ham “amaliyotlarni” amalga oshiradi.

2014 yilning iyunida Soufan Group “Islom davlati” saflarida kurashayotgan xorijliklar haqidagi ilk hisobotini e’lon qilgan edi. O‘shanda Suriyaning o‘zida 81 mamlakatning 12 ming fuqarosi jangari guruh saflariga qo‘shilgani aniqlangan edi.

XS
SM
MD
LG