Линклар

Andijon viloyat, Baliqchi tumanidagi maktablarning boshlang‘ich sinf o‘quvchilari darsdan bo‘sh paytda paxta terib kelishga majburlanyapti. Ota-onalarning Ozodlikka aytishicha, maktablarning yuqori sinf o‘quvchilaridan besh-olti nafari ham paxta terimiga chiqarilyapti. O‘qituvchilar hech qaysi yili paxta terimida bunday qattiq siyosat kuzatilmaganini aytdi.

Baliqchi tumanidagi 6-umumta’lim maktabining o‘quvchilariga darsdan bo‘sh paytda paxta terib kelib, maktabga topshirishi buyurilgan.

Bu haqda Ozodlikka arz qilgan baliqchiliklardan birining yozishicha, hatto quyi sinf o‘quvchilari dalaga chiqib paxta terib kelyapti:

“Mening jiyanim ham 3-sinfda, ikkinchi smenada o‘qiydi. Ertalab yo‘q bo‘p qoldi. Obedga yaqin uyga paxta ko‘tarib kirib keldi. Keyin bilsak, unga paxta olib kelish buyurilgan ekan. Aksariyat o‘qituvchilar Toshkent viloyatiga paxta terishga yuborilgan. O‘nta fandan bitta o‘qituvchi dars beryapti. “Qanaqa qilib dars berasizlar, hamma fanni ham bilmaysizlarku”, deb so‘rasam, “sinfga kirib, endi kitobingni och, endi o‘qi, deb turaveramiz. Shuni e’lon qiling, o‘lsin o‘sha paxtasining kuni birinchi sinflarga qoptimi”, deb yozdi baliqchiliklardan biri.

Baliqchi tumanidagi 6-maktab hovlisidagi paxta uyumi
Baliqchi tumanidagi 6-maktab hovlisidagi paxta uyumi

Bu baliqchilik paxta terib kelayotgan quyi sinf o‘quvchilari va maktab hovlisidagi paxta uyumini suratga olib, Ozodlikka taqdim etdi.

Ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchilardan biri ham har bir maktabdan bir necha muallim yotog‘i bilan paxtaga jo‘natilganini tasdiqladi:

“Tumanimizdagi har bir maktabdan 5-6 tadan o‘qituvchi Toshkent viloyatiga paxta terishga yuborilgan. Darsi ko‘p o‘qituvchilar va sinf rahbarlaridan tashqari hamma mahalliy hududlarda paxtaga jalb qilingan. O‘quvchilarga darsdan bo‘sh vaqtda paxta topib kelish topshirilgani ham to‘g‘ri. Darslar faqat nomiga o‘tilyapti. Odamlarning prezidentga bo‘lgan ishonchi so‘nib boryapti. Chunki bu yilgidek holat hech qachon bo‘lmagan edi”, deydi o‘qituvchi.

O‘quvchilar maktabga paxta olib ketyapti
O‘quvchilar maktabga paxta olib ketyapti

Baliqchi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Nurxon Hamidova Ozodlik bilan suhbatda o‘quvchilarning paxta terib kelayotgani aks etgan suratlarni inkor qilishga harakat qildi:

“Shunga ishondilaringmi? Endi suratni hozir kompyuterda ishlashi mumkin, fotoshop qilishi mumkin. Jurnalistlar endi sizlar shunga ishonib tursalaring, demak, hech kimga ishonish mumkin emas ekanda”, dedi mudira.

Ozodlikning “maktab hovlisida yig‘ilgan paxta uyumi”ga nima deysiz, degan savoliga, Nurxon Hamidova shunday javob berdi:

“Ota-onalar uyidagi g‘o‘zapoyasidan chiqqan paxtalarni o‘z ixtiyorlari bilan terib, olib kelib berishgan. Hozir bu paxtalarni maktablardan chiqarib yubordik”, dedi Nurxon Hamidova.

Xalq ta’limi bo‘limi mudirasi, o‘qituvchilarning Toshkent viloyatiga ham, mahalliy hududlarga ham paxta terimiga jalb qilinmaganini “komil ishonch bilan aytaman", dedi.

Vaholanki, Ozodlik 16 oktabr kuni Andijon viloyatidan o‘qituvchi va shifokorlar doxil o‘n mingdan ziyod odam maxsus poezdlarda Toshkent viloyatining To‘ytepa, Bo‘ka, Chinoz tumanlariga paxta terimiga safarbar etilgani haqida xabar bergan edi.

Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov 22 sentabr kuni viloyat hokimligida o‘tkazilgan majlisda maktab va kollej o‘qituvchilari, o‘quvchi va talabalari hamda tibbiyot xodimlarining dala mehnatiga jalb etilishi jinoyat ekani, bunday hol aniqlangan taqdirda xodimlarni dalaga chiqargan rahbarlar nafaqat lavozimidan ayrilishi, balki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirgan edi.

“Bugundan boshlab Andijon viloyati bo‘yicha, chunki men Andijon bo‘yicha javob beraman, 18 yoshga to‘lmagan fuqaro, byudjet tashkiloti xodimlari, asosan maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari, xodimlari, tibbiyot xodimlari, vrachlar, hamshiralar, kollej xodimlari, o‘qituvchilari, o‘quvchilari, shularni birortasi dalaga chiqishi bu jinoyat. Va oliy o‘quv yurti talabalari va o‘qituvchilari ham bunga kiradi. Qaysi tumanda, qaysi sektorda mana shu toifa odamlar paxta terib yurgani aniqlansa rahbariga nisbatan nafaqat lavozimidan ketish balki jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiraman”, - degan edi Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov.

Ozodlik shu paytgacha Andijon viloyatida o‘qituvchi va shifokorlarning paxta terimiga majburan jalb etilayotgani haqida o‘nlab maqola chop qilgan bo‘lsa ham, biroq shu paytgacha biror amaldorning jinoiy javobgarlikka tortilgani haqida xabar olgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG