Линклар

AQSh prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkda pikap avtoulovi bilan 8 odamni bosib o‘ldirganlikda gumonlanib 29 yoshli O‘zbekiston vatandoshi Sayfullo Habibullaevich Soipov qo‘lga olingani ortidan "ekstremistlikka moyil immigrantlarni" qat’iyroq tekshirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdi. 31 oktabrda Quyi Manhetten mintaqasida sodir etilgan mazkur terror harakati oqibatida o‘ndan ortiq odam ham jarohatlangan.

Sayfullo Soipovni taniysizmi? U haqda nimalarni bilasiz? Ozodlik Sayfullo Soipov haqida mufassal ma’lumot to‘plash maqsadida u va unining yaqinlarini tanigan, muloqotda bo‘lganlarni hamkorlikka chaqiradi. Biz bilan bog‘lanish uchun Telegram, WhatsApp tarmog‘idagi raqamlarimiz: +420 724 971 539; Elektron pochtamiz: ozodlikmail@gmail.com

Ozodlik shaxsingiz sir qolishini kafolatlaydi.

Prezident Tramp o‘zining Tvitter sahifasida "Men hozirgina xavfsizlik xizmatiga qattiq tekshirish dasturimizni faollashtirish to‘g‘risida ko‘rsatma berdim. Siyosiy sipolik yaxshi narsa, lekin bu holatda emas", deb ma’lum qildi.

31 oktabr kuni Nyu-Yorkda sodir etilgan voqea Nyu-Yorkda 2001 yilda Egizak binolar qulaganidan beri amalga oshirilgan eng qonli hujum ekani aytilmoqda.

Bu AQShda avtoulovni odamlar ustiga haydash yo‘li bilan amalga oshirilgan birinchi terror harakati bo‘ldi. Bunga qadar bunday hujumlar Yevropaning qator davlatlarida amalga oshirilgan edi.

Nyu-York meri Bil de Blasioning aytishicha, 31 oktabrda Quyi Manhetten mintaqasida pikap avtoulovining velosiped yo‘lagiga yurishi oqibatida 8 odam halok bo‘lgan.

Rasmiy xabarda bildirilishicha, halok bo‘lganlarning 5 nafari argentinalik, bir nafari belgiyalik bo‘lgan.

Bil de Blasio buni “begunoh odamlarni nishonga olgan terrorning qo‘rqoq amali” deya baholadi.

Mahalliy matbuotning xabar berishicha, hodisa joyida qo‘lga olingan gumondor shaxs Qo‘shma Shtatlarga 2010 yilda borgan Sayfullo Habibullaevich Soipov ismli 29 yashar O‘zbekiston vatandoshidir.

Qutqaruvchilarga ko‘ra, hujumda yana o‘ndan ortiq odam yaralangan.

Politsiyaning aytishicha, kiraga olingan avtoulov maktab avtobusiga borib urilishidan oldin velosiped haydovchilari va piyodalarni ustiga yurgan.

So‘ngra Soipov qo‘lida peyntbol quroli va pnevmatik to‘pponcha bilan voqea joyidan qocha boshlagan. Politsiya uni qornidan yaralab, hibsga olgan.

NBCNewYork.com namoyish etgan videoda Soipovning qo‘lida ko‘rinishidan peyntbol qurolini tutgan holda avtomobil yo‘lidan yugurib borayotgani ko‘rinadi.

Politsiyachilar tomonidan Soipov politsiya hibsxonasiga olib ketilgan. Rasmiylarga ko‘ra, politsiya uni Nyu-Yorkdagi shifoxonalardan biriga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun olib ketgan.

Rasmiylarga ko‘ra, yakka o‘zi harakat qilgan hujum paytida “Ollohu Akbar” deya qichqirgan.

Qo‘shma Shtatlarda yashovchi diniy faol, bloger Mirahmat Mo‘minov Nyu-Yorkdagi hujumni sodir etgani aytilayotgan Sayfullo Soipovni tanishini aytadi:

“O‘zbekistondan kelgan payti dastlab Nyu-Yorkda yashagan. O‘sha yerda o‘zbekistonlik bir qizga uylangan. Ikki farzandi bor. Bundan bir necha yil oldin 5 o‘zbekistonlik IShIDga moliyaviy yordam berishda ayblanib qo‘lga olingandi. Shu o‘zbekistonliklar bilan do‘stona aloqada bo‘lgan. Ular qo‘lga olingan paytda juda qo‘rqib yurgan bir muddat,” deydi Mirahmat Mo‘minov.

Uning ilova qilishicha, Sayfullo Soipov “o‘ta agressivligi bilan ajralib turgan”.

“Sayfullo asli toshkentlik. Ohayo shtatida yashagan paytidan taniyman. O‘zi yuk mashinasi haydardi. Bu yigit tabiatan urushqoq edi. O‘ta agressiv edi. Juda radikal islomiy qarashda edi, deb ayta olmayman. Masjidda bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay yurardi. Xarakteri sabab mahalliy o‘zbeklar bilan kelisha olmay qolganidan keyin Florida Shtatining Tampa shahriga ko‘chib ketdi. U yerdayam ikki yarim yilcha yashadi va so‘ngra Nyu Yorkga ko‘chib ketdi,” dedi Ozodlik bilan suhbatda Mirahmat Mo‘minov.

XS
SM
MD
LG