Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:23

Tojikistonda chet elda ta’lim olgan imom-xatiblar vazifalaridan bo‘shatiladi


Dushanbedagi jome masjid
Dushanbedagi jome masjid

Tojikiston Din qo‘mitasi xorijiy davlatlardagi islomiy o‘quv yurtlarda ta’lim olgan diniy xodimlar mansablaridan ozod etilishini e’lon qildi. Din qo‘mitasiga ko‘ra, bunday qaror qabul qilinishiga “aynan shunday shaxslarning jinoyatlarga qo‘l urgani” sabab bo‘lgan.

Pokiston poytaxti Islomobod Islomiy universitetini bitirgan Tojikiston muftiysi Sayidmukarram Abdulqodirzoda Din qo‘mitasi qarorini olqishlab chiqdi.

U Ozodlik radiosi bilan suhbatda, agar zarur bo‘lsa, o‘zi ham iste’fo berishga tayyorligini aytdi.

- Agar mening mansabdan voz kechishim mamlakatdagi muammolarni yechishga yordam bersa, men iste’fo berishga tayyorman. Men uchun mamlakatdagi tinchlik va barqarorlik har bir mansabdan yuqori turadi, - dedi Tojikiston muftiysi.

Tojikiston Din qo‘mitasining matbuot kotibi Afshin Muqimning Ozodlikka aytishicha, kelgusi 15 kun davomida xorijiy diniy o‘quv yurtlarda ta’lim olganlarning diniy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatishi masalasi hal bo‘lishi kutilmoqda.

-Ushbu taqiq, asosan, noqonuniy yo'llar bilan xorijdagi islomiy madrasalarni bitirgan shaxslarga taalluqli bo'lib, Tojikiston Din qo‘mitasi ijozati bilan ta’lim olganlarning faoliyatiga ta’siri yo'q, - dedi Afshin Muqim.

2 noyabrda Tojikiston Din qo‘mitasi raisining birinchi muovini Amirbeg Beknazarov imzolagan rasmiy maktubda xorijiy davlatlardagi diniy madrasalarda ta’lim olgan din xodimlariga “o‘zlariga munosib ish joy topish” tavsiya qilingan.

Agar mening mansabdan voz kechishim mamlakatdagi muammolarni yechishga yordam bersa, men iste’fo berishga tayyorman.
Tojikiston Din qo‘mitasining boshlig‘i

Maktubda ta’kidlanishicha, oxirgi yillarda mamlakatda sodir etilgan ekstremistik amallarda “bunday shaxslarning qo‘llari borligi ma’lum bo‘lgan”.

Rasmiy ma’lumotlarga kӯra,Tojikistonda oxirgi ikki yil ichida xorijda ta’lim olgan o‘nlab masjid imomlari, noqonuniy guruhlar bilan hamkorlik qilishda ayblanib, qo'lga olingan.

Jumladan, shu yil yozida Tojikiston shimolidagi Bobojon G‘afurov tumanida 7 masjid imomi va diniy xodimlari “Ihvon-ul-muslimin” ekstremistik guruhiga a’zolik ayblovi bilan qamoqga olindi.

Xorijiy davlatlarda diniy ta’lim olayotgan tojikistonliklarni vataniga qaytarish jarayoni 2010 yilda boshlanib, o‘shandan buyon Misr, Eron, Pokiston va Turkiyadagi diniy madrasalarda ta’lim olayotgan 1500 talaba Tojikistonga qaytarildi.

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o'shanda islomiy mamlakatlardagi madrasalarda noqonuniy diniy ta’lim olayotgan yoshlarning aksari ekstremistik va terroristik guruhlarga qo'shilib ketishi mumkinligidan xavotir bildirgan edi.

XS
SM
MD
LG