Линклар

G.Karimovaga pora berganlikda ayblanayotgan VimpelCom sobiq rahbari ustidan tergov to‘xtatildi


VimpelCom kompaniyasining sobiq rahbari Jo Lunder.

Norvegiya politsiyasi hozirda Veon deb ataluvchi oldingi VimpelCom kompaniyasining sobiq rahbari ustidan korrupsiya ayblovi bo‘yicha ochilgan tergovni to‘xtatdi. Politsiyaning Reyter agentligiga ma’lum qilishicha, u chorshanbadan boshlab gumonlanuvchi emas.

Jo Lunder 2015 yili VimpelComning O‘zbekistondagi faoliyati yuzasidan tergov doirasida politsiya tomonidan qisqa muddatga ushlangan va o‘shandan buyon uning ustidan tergov harakatlari olib borilayotgan edi. Lunder o‘zining aybsiz ekanligini aytib kelgan.

Lunderning aytishicha, tergov uni adoyi-tamom qilgan. “Xafsalam mutlaqo sovub ketdi. Men 30 yil birovlar hurmat qiladigan odam bo‘lishga harakat qildim. Endi esa, hayotim kultepaga aylandi”, degan Lunder matbuot anjumanida.

VimpelCom kompaniyasining sobiq rahbari advokatining aytishicha, Lunder ko‘rgan zarari uchun politsiya ustidan sudga arz qilmoqchi. “Men biron bir gumonlanuvchiga Lunder ko‘rgan iqtisodiy zarar miqyosida zarar yetkazilgan boshqa bironta ham tergovni ko‘rgan emasman. Biz hozircha yetkazilgan zararni hatto hisoblab ham ko‘rganimiz yo‘q. Lekin u juda kattadir”, degan advokat Kato Shiyotts.

AQSh va Gollandiya rasmiylari 2014 yili O‘zbekistonning telekommunikatsiya bozoridagi korrupsiyaga oid informatsiyani tekshirishni boshlagan edi. Informatsiya MTS, VimpelCom va TeliaSonera shirkatlari “O‘zbekiston prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova ekanligi taxmin qilinayotgan mahalliy amaldorga pora berganiga oid” bo‘lgani to‘g‘risida o‘z vaqtida RBK nashri yozgan edi, deb yozdi Reyter.

AQSh Adliya vazirligi VimpelCom bilan O‘zbekistondagi idoralar o‘rtasida 2006 yil yanvaridan 2011 yil sentabrigacha umumiy qiymati 133,5 mln dollarlik 7 ta shubhali kelishuv tuzilganiga oid ma’lumotlarni topgan.

Lunder 2015 yili korrupsiyaga aloqasi yo‘qligi to‘g‘risida bayonot bergan. “Bilganimning hammasini rasmiylarga (Norvegiyaning) aytganman”, degan u.

2016 yilning fevralida VimpelCom mulozimlari pora berganini tan olib, Gollandiya prokuraturasi va AQSh rasmiylari bilan ish bo‘yicha kelishuvga erishgan va mazkur kelishuvga binoan VimpelCom 795 mln dollar to‘lagan.

Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida davlat mablag‘larini rastrata qilish, soliqdan qochish va boshqa shu kabi jinoyatlarda ayblanib, 5 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Biroq O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu haqda 2017 yil iyulidagina xabar qildi, deb yozdi Reyter.

VimpelCom kompaniyasi joriy yil martida nomini Veonga o‘zgartirdi. “Bilayn” brendi ostida ishlaydigan VimpelCom mobil aloqa operatori shu kompaniyaga qarashli, deb xabar qildi Reyter.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG