Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:59

Reuters: Nyu-Yorkdagi o‘zbeklarni Soipovning soqoli hayratga soldi


Nyu-Yorking “Kichik O‘zbekiston” mahallasida yashovchi o‘zbeklar vatandoshlaridan biri seshanba kuni amalga oshirgan terror hujumida ayblanayotganini eshitib, xavotirga tushishgan.

Ammo ular Nyu-Yorkda 8 odam o‘limida gumonlanib qo‘lga olingan Sayfullo Soipovning suratlarini ko‘rib, lol qolishdi.

Reuters agentligining xabar qilishicha, agentlik muxbiri bilan suhbatlashgan o‘zbeklar bir ovozdan hech qaysi o‘zbek, ayniqsa, yosh o‘zbek bunaqa uzun va paravarish qilinmagan soqol o‘stirmasligini aytgan.

Nyu-York o‘zbeklari AQShda yetti yil yurgan Soipov nimalar ta’sirida radikallashgan bo‘lishi mumkinligi haqida turli fikrlarni aytishdi.

Bruklinda ishlovchi Ashraf Zokirov:

- O‘zbekistonda bunaqa soqol bilan ko‘chada yurib bo‘lmaydi, - dedi.

Minglab o‘zbekistonlik keyingi yillarda ish izlab hamda repressiv tuzumdan qochish uchun xorij davlatlariga ko‘chib ketgan.

O‘zbeklarning AQShdagi eng yirik jamoalaridan biri Nyu-York shahrida bo‘lib, ularning aksari shaharning Kingston hamda Midvud mahallalarida yashaydi.

- Bu yerda erkinlik haddan tashqari oshiqcha, - dedi Zokirov.

O‘zbekiston aholisi asosan musulmon bo‘lsa-da, hukumat diniy e’tiqodni keskin nazorat ostiga olgan.

- Bu erga kelganida uning soqoli bo‘lmaganiga 150 foiz kafolat beraman, - deya so‘zini davom ettirdi Zokirov.

1 noyabr kuni AQSh prokurorlari Soipovga terrorchilik bilan bog‘liq ayblov bildirdi. Soipov qotillikdan tashqari “Islom davlati” guruhiga moddiy yordam ko‘rsatganlikda, zo‘ravonlikda va avtomobillarni vayron qilganlikda ham ayblanmoqda.

Kiyim-kechak magazini egasi Baxtiyor Akramov Soipov arab masjidlarida radikallashgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.

Banket zali egasi Firdavs Gergiev o‘zbeklar odatda radikal emasligini, Soipov ko‘proq Afg‘onistondagi toliblarga o‘xshashini aytdi.

Nyu-Yorkning yana bir o‘zbek turg‘uni Nodira Sidiqova esa Soipov O‘zbekistonni yomon otliq qilganini ta’kidladi:

- Millatimiz, xalqimiz bilan faxrlanamiz. Hozir qattiq xafamiz, - dedi Sidiqova.

XS
SM
MD
LG