Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:08

Reuters: Vatanida bosimga uchragan ayrim o‘zbeklar chet ellarda ekstremizmga yuz burmoqda


So‘nggi yillarda vatanida ish yo‘qligi, xatti-harakatlari va noroziligi qattiq nazorat qilingan millionlab o‘zbeklar boshqa mamlakatlarga chiqib ketdi. Necha yuzlab kishilar Yaqin Sharqda urishayotgan "Islom davlati" ekstremistik guruhi jangarilari safiga borib qo‘shildi, boshqalari esa mehmon bo‘lib turgan mamlakatlarida diniy ekstremizm changaliga tushib qoldi, deb boshlanadi Reyter agentligi maqolasi. Quyida uning mazmuni bilan tanishing.

Seshanba kuni Nyu-York shahridagi yuk mashinasi bilan sakkiz kishini bostirib, o‘ldirganlikda ayblanayotgan o‘zbek immigranti Sayfullo Saipov G‘arbdagi hayot qiyinchiliklari chiday olmay, radikal yo‘lga kirib ketgan ko‘rinadi.

AQSh politsiyasining xabar berishicha, u qotillikka qo‘l urishdan oldin Internet orqali Islom davlatidan ko‘rsatma olib turgan.

Soipovning xatti-harakati joriy yilda o‘zbekistonlik yoki o‘zbek millatiga mansub kishilar sodir etgan jinoyatning kamida to‘rtinchisi bo‘ldi.

– Bunday ishlarni tayyorlash uchun ancha-muncha vaqt kerak. Ayni choqda biz so‘nggi uch-to‘rt yil ichida qilingan ishlar ("Islom davlati" va shunga o‘xshash tashkilotlar) oqibatini ko‘rib turibmiz, – dedi Qozog‘istonda istiqomat qilayotgan Markaziy Osiyo bo‘yicha sinchi Aleksandr Knyazev.

O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni yaqindan kuzatib borayotgan kishilarning Soipov haqida shu paytgacha ma’lum ma’lumotlarga tayanib aytishicha, u o‘zbeklarning “unutilgan avlodi”ga mansubdir. Soipovga o‘xshash kishilar yaxshiroq turmush kechirish maqsadida o‘z mamlakatidan chiqib ketgan. Oqibatda yetarli diniy ta’lim olishdan mahrum qolib, G‘arbda o‘z yo‘lini topib olishga tayyor bo‘lmagan.

Uning ayni shu savodsizligi hamda chet mamlakat hayoti va madaniyatiga moslashishi qiyinligi turmush sharoitini og‘irlashtirgan va ekstremizm g‘oyalariga moyilligi ortishiga sabab bo‘lgan.

– U qo‘qqisdan dindor bo‘lib qoldi, – deydi Mirahamad Mo‘minov Reyter agentligi muxbiri bilan telefon orqali suhbatda. Ushbu yuk mashinasi haydovchisi Ohayo shtatining Stou shahrida istiqomat qiladi. Uning aytishicha, Soipov ilgari O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahrida yashagan.

Mo‘minovga ko‘ra, Soipov “dinni Qo‘shma Shtatlarda o‘rgana boshlagan. O‘zbekistondagi keskin cheklov sharoitida yashagani uchun Qo‘shma Shtatlarda mavjud din erkinligiga “ko‘nikib keta olmagan”.

Ota-onasining Toshkent chekkasidagi bir qavatli uyda yashaydigan qo‘shnisining payshanba kuni aytishicha, Soipovning otasi masjidga har kuni qatnaydigan taqvodor emas, mahalliy bozorda bo‘yoq sotadi. Lekin u kishi masala nozikligi sabab kim ekanini ochiqlashni istamadi.

Aholisi musulmonlardan iborat O‘zbekistonda ko‘pchilik islom diniga e’tiqod qiladi va uning amallarini bajaradi, ammo radikalizmdan xavfsiraydigan hukumat uni qattiq nazorat qiladi.

O‘zbekistonga yigirma yildan oshiq vaqt mobaynida sobiq kommunistik partiya rahbari Islom Karimov qattiqqo‘llik bilan rahbarlik qildi. U o‘tgan yili dunyodan o‘tdi. Ushbu mamlakatda qattiqqo‘l diniy siyosat yuritilayotgani milliy xavfsizlikka oid xavotirlar bilan oqlamoqchi bo‘ladi.

2016 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Shavkat Mirziyoev Karimovning vorisi bo‘lsa ham, dinga bag‘rikenglik bilan munosabatda bo‘lishga intilayotganini ko‘rsatmoqda, shu sababli u boshlayotgan iqtisodiy islohot buyruqbozlikka asoslangan iqtisodiyotni erkinlashtirishiga umid paydo qildi.

Mirziyoev sentabr oyida potentsial diniy ektremist deb qaralgan 17 ming nafar musulmonning xavfsizlik idoralari tuzgan qora ro‘yxatidan 16 ming kishi chiqarilganini aytdi hamda “ularni jamiyatga qaytarmoqchi va ta’lim bermoqchi ekani”ni bildirdi.

Bunday o‘zgarishlar qochish yoki radikallashuv xavfini kamaytirish-kamaytirmasligini vaqt ko‘rsatadi, lekin Soipovga o‘xshaganlar uchun bunday qarorning endi foydasi yo‘q.

BEQAROR MINTAQA

Hyuman Rayts Uotch tashkilotining Markaziy Osiyodagi tadqiqotchisi Stiv Sverdlouning Toshkentdan ma’lum qilishicha, keyingi yillarda 5 millionga yaqin o‘zbek Rossiyaga ish izlab ketgan bo‘lsa, Soipovga o‘xshagan boshqa kishilar baxtini sinab ko‘rish uchun G‘arb mamlakatlari sari yo‘l oldi.

– Radikallashuv jarayoni O‘zbekistondan tashqarida ro‘y bermoqda, – dedi Sverdlou. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu mamlakatdagi inson huquqlari jahon bo‘yicha eng yomon ahvoldadir, hukumat norozi kishilarning ovozini o‘chirishga harakat qilib keladi.

Tuprog‘i unumdor Farg‘ona vodiysida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga qarashli viloyatlar tutashadi, u yerda etnik to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Masalan, 2010 yili vodiyning Qirg‘iziston qismida ro‘y bergan etnik mojaro chog‘ida o‘nlab kishilar halok bo‘ldi.

O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi Soipov “Grin-kard” lotereyasida yutuq chiqib, AQShga 2010 yili ko‘chib kelgani haqida xabar tarqatdi. Prezident Mirziyoev “o‘ta shafqatsiz” hujumni tergov qilishda O‘zbekiston hukumati barcha zarur yordamni berishga va’da qildi.

JORIY YILDA O‘ZBEKLAR AMALGA OShIRGAN TO‘RTINChI HUJUM

Ushbu haftada ro‘y bergan hujumdan oldin bir qurollangan o‘zbek kishi Turkiyaning Istanbul shahrida yangi yil kechasida tungi klubga hujum qilib, 39 kishini otib tashladi.

Aprel oyida Qirg‘izistonda tug‘ilgan o‘zbek millatiga mansub kishi Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida metro poezdini portlatib yubordi, kamida 14 kishi halok bo‘ldi. O‘sha oyda yana bir o‘zbek Stokholm shahrida yuk mashinasini odamlarni ustiga haydab, 4 kishining umriga zomin bo‘ldi.

O‘zbeklar Suriya va Iroqdagi Islom davlati jangarilari safini ham to‘ldirdi.

Yaqinda AQShning Soufan Center tashkiloti tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1500 dan oshiq o‘zbek Yaqin Sharqdagi ekstremistik guruhlarga borib qo‘shilgan. Bu Markaziy Osiyo mamlakatlari orasidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. O‘zbek jangarilari soni bo‘yicha faqat Rossiya va Saudiya Arabistoni yollanma jangchilari miqdoridan kam, xolos.

Vashington shahrida joylashgan Xalqaro tinchlik bo‘yicha Karnegi jamg‘armasining yetakchi xodimi Pol Stronskining fikricha, o‘zbekistonlik migrantlar orasida radikalizm kayfiyatidagi kishilar soni orta ortadiki, kamaymaydi, chunki chet elga ish izlab ketayotgan kishilar soni tobora ko‘payib bormoqda.

– O‘zbekistonda ekstremizm bilan bog‘liq muammolar ko‘zga tashlanmaydi, chunki u bo‘y ko‘rsatishi uchun joy yetarli emas, qolaversa, barcha muammolar botinga qamalgan, – dedi Stronski. – Muammoni mintaqaning o‘zida hal qilsa bo‘ladi. U mintaqa tashqarisida ulkan boshog‘riqqa aylanmoqda.

XS
SM
MD
LG