Линклар

OzodDayjest: O‘zbek yozuvchisi mintaqada yevro kabi yagona valyuta joriy etishni taklif qilmoqda


Markaziy Osiyo xaritasi.

Yozuvchi Nosir Fozilov Markaziy Osiyoning besh davlati uchun yagona valyuta joriy etish taklifi bilan chiqdi. etish taklif qilinmoqda. Buxoroda xotinini vahshiylarcha o‘ldirgan er 18 yilga qamaldi. Qoraqalpog‘istondagi Aqchaxon qal’asidan 6 metrli odam surati topildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

O‘zbek yozuvchisi Markaziy Osiyoning besh davlati uchun yagona valyuta joriy etishni taklif qildi

Taniqli yozuvchi Nosir Fozilov Markaziy Osiyoning besh davlati ham Yevropa Ittifoqi kabi yagona valyuta joriy etishi lozimligini aytdi (“Hurriyat”, 1 noyabr). “Markaziy Osiyoda beshta davlat bor. Bu yetmish million aholi degani. Bordi-keldilarimizni osonlashtirish uchun shu mamlakatlarning barchasida qo‘llanadigan, shuningdek, chet ellarda almashtirish qobiliyatiga ega yagona pul birligini joriy etsak, qanday zo‘r ish bo‘lardi! Beshta respublika bu – beshta barmoq degani. Xudoning o‘zi musht qilib birlashtirib qo‘yibdi-ku. Yagona pul birligi bo‘lsa, ko‘p muammolarimiz hal bo‘lardi”, degan o‘zbek adibi. Yozuvchi bugun mintaqadagi chinakam do‘stlikni mustahkamlash imkoni tug‘ilganiga urg‘u bergan. “Ilgari nima bo‘lar edi? Prezidentlar bir-biriga borsa yoki u joy-bu joyda uchrashib qolishsa, bir hafta o‘n kun tilimizdan “biz og‘a-inilarimiz, yerimiz bir, suvimiz bir” deb javrashdan bo‘shamas edik. Bugun o‘sha gaplarni voqelikka aylantiradigan shabadalar esmoqda”, degan Nosir Fozilov.

Buxorolik savdogar “Malibu” mashinasi va uy vajidan xotinini vahshiylarcha o‘ldirdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyat sudi xotinini vahshiylarcha o‘ldirgan Amin Ubaydovni 18 yilga ozodlikdan mahrum etdi (“Huquq”, 2 noyabr). Qayd etilishicha, g‘ijduvonlik Amin Ubaydov o‘rtahol yashagan kezlarda xotini Mohigul bilan yaxshi muomalada bo‘lgan, ammo avtomashina ehtiyot qismlari savdosidan boyib ketgach, xotinini urib, haqoratlaydigan odat chiqargan. Ayoli sud orqali ajrashishni taklif etganida esa Amin Ubaydov ikki qavatli uyi va “Malibu” mashinasi ham qonunga muvofiq o‘rtada taqsimlanishini o‘ylab, rad etgan va xotinidan qutulish uchun uni bo‘g‘ib o‘ldirgan. So‘ng “Xotinimning tutqanoq kasali bor edi. O‘zini osib qo‘ydi” deya gap tarqatgan. Ammo tergov jarayonida A.Ubaydov qotillikni o‘zi sodir etgani aniqlangan.

Qoraqalpog‘istonda 6 metrli odam surati topildi

Qoraqalpog‘iston hududidagi Aqchaxon qal’asidan 6 metrli odam surati topildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpoq arxeologiya bo‘limi mudiri G‘ayrat Xo‘janiyozov “Darakchi” nashri orqali xabar bergan. Surat Avstraliyaning Sidney universiteti bilan hamkorlikdagi qazishma payti parcha-parcha holda topilgan. So‘ng fragmentlar birlashtirilib, yaxlit surat hosil qilingan. Qal’adan boshqa noyob kartinalar galereyasi ham topilgan bo‘lib, bu fanda “muhim yangilik” deya baholanmoqda. Mingdan ortiq fragmentlarda suvoriylar, piyodalar, hayvonlar, qushlar, bog‘lar va zardushtiylikka oid marosimlar tasvirlangan. Aqchaxon qal’asidagi izlanishlar 1995 yildan buyon o‘tkazilmoqda. 22 yillik ekspeditsiya natijalari 5 ta monografiyada chop etilishi rejalashtirilgan.

XS
SM
MD
LG