Линклар

Qo‘qon neft va gaz sanoati kollejining 16 yashar o‘quvchisi 3 noyabr kuni o‘z sinfdoshi bilan janjallashib qolib, uni pichoqladi. Voqea guvohlarining aytishlaricha, voqea darsdan so‘ng, kollejdan tashqariga chiqqan paytda sodir bo‘lgan. Jarohat olgan bola tez tibbiy yordam kasalxonasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan

Qo‘qon neft va gaz sanoati kollejining birinchi bosqich o‘quvchisi 16 yashar Sulton G‘oziev 3 noyabr kuni o‘z sinfdoshi 16 yashar Ulug‘bek Yoqubovni pichoqladi.

Bu haqda Ozodlikka xabar bergan, ismi sir qolishini so‘ragan kollej o‘quvchilaridan birining aytishicha, bu ikki bola ancha vaqtdan beri bir-biri bilan janjallashib yurgan:

“Bugun darsdan keyin ular “odin-odin” urushgani kollejdan chiqishdi. Biz ham nima bo‘lar ekan deb, ergashib bordik. Opera degan joyda ikkalasi mushtlashib ketdi. Keyin Sulton pichoq chiqarib Ulug‘bekni qorniga sanchib oldi va qochib ketdi. Keyin skoriy chaqirdik”, deydi o‘quvchilardan biri.

Ismi sir qolishini so‘ragan kollej o‘qituvchilaridan biri, Ozodlik bilan suhbatda shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi:

“Sulton degan o‘quvchimizning tarbiyasi yomon edi. Ilgari ham uning ustidan ancha shikoyatlar bo‘lgan. Biz bu haqda uchastka noziriga ham yozib berganmiz. Sultonning otasi qamoqda, uning tarbiyasi yomonligi, jinoyat qilishga moyilligi haqida onasiga ham bir necha bor aytganmiz. Bizning kollejga hamma o‘quvchilar tekshirtirib kiriladi. Lekin u pichoqni qaerdan olgani noma’lum, buni ichki ishlar o‘rganyapti”, deydi o‘qituvchi.

Qo‘qon shahar ichki ishlar bo‘limining o‘zini tanishtirmagan mulozimi, pichoq bilan tan jarohati yetkazishda gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olinganini aytdi:

“U bolani darrov ushlab keldik. Hozir ichki ishlar bo‘limida so‘roq qilinyapti. Pichoqlashishga sabab bo‘lgan omillar o‘rganilyapti. Unga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 105-qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish, moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, dedi mulozim.

O‘zbekistonda kollej o‘quvchilari orasida pichoqlashish holatlari ko‘p kuzatiladi.

6 oktabr kuni 1- sonli Toshkent yuridik kolleji talabasi 2 kursdoshini pichoqladi. Talabalardan biri voqea joyida jon berdi. Pichoqlangan yana bir talaba Toshkentdagi shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.

Toshkentdagi 1- sonli Toshkent yuridik kollejidagi “vahshiyliklar” o‘tgan hafta O‘zbekiston telekanalida ham tanqid qilingan edi.

So‘nggi paytlarda O‘zbekiston kollejlarida bir necha marta qotillik amalga oshirildi.

Toshkentdagi Borovskiy nomli Tibbiyot kollejida shu yil may oyida 17 yoshli Jasur Ibragimov kursdoshi tarafidan kaltaklab o‘ldirilishi katta shov-shuvga sabab bo‘lgan edi.

Mart oyida esa Toshkent Davlat texnika universitetining 1-kurs talabasi Toshkentdagi kollejlardan birining o‘quvchisini rashq sababli, oshxona pichog‘i bilan jarohatlagan edi.

XS
SM
MD
LG