Линклар

AQSh va Rossiya Suriyadagi kimyoviy hujumlarni tergov qilish guruhi kelajagi bo‘yicha kelisha olmayapti


Rossiya Tashqi ishlar vazirligining yadroviy qurollar tarqalishini oldini olish hamda qurol nazorati bo‘limi boshchisi Mixail Ulyanov.

AQSh va Rossiya Suriyada kimyoviy qurollar yordamida amalga oshirilgan hujumlarni tergov qilish vazifasi yuklangan BMT guruhi kelajagi bo‘yicha bir-biriga zid rejalarni taklif qildi.

24 oktabr kuni BMT Xavfsizlik kengashida Rossiya “Qo‘shma tergov mexanizmi” guruhi vakolati tugaganidan keyin, uning faoliyatini tiklash bo‘yicha AQSh yetakchiligida tayyorlangan rejaga qarshi chiqdi.

BMT va Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti xodimlaridan iborat guruh vakolati 17 noyabr kuni tugaydi. Xavfizlik kengashiga taqdim etilgan yangi rezolyutsiya guruh vakolatini ikki yilga uzaytirib, unga kimyoviy qurollar yordamida amalga oshirilgan hujumlarni cheklovlarsiz tergov qilish uchun sharoit yaratib berishni ko‘zlaydi.

Ammo Rossiya esa bunga keskin qarshi, chunki o‘tgan haftada “Qo‘shma tergov mexanizmi” guruhi shu yilning aprelida tarkibida sarin gazi bo‘lgan qurolni Suriya hukumati ishlatganini aniqlaganini bildirdi.

Rossiya rasmiylari tergov guruhi mandatini faqat 6 oyga uzaytirib, uning faoliyatini o‘zgartirishni istaydi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligining yadroviy qurollar tarqalishini oldini olish hamda qurol nazorati bo‘limi boshchisi Mixail Ulyanov guruhning Xon Shayxun shahrida amalga oshirilgan kimyoviy hujum haqidagi hisobitini tanqid qilib, kelajakda guruh hujum sodir bo‘lgan joylarga tashrif buyurishi kerakligini aytdi.

Ulьyanov hisobot asossiz ekanligini, unda sarin gazini aslida prezident Bashar Asadni ayblash maqsadida isyonchi guruhlar qo‘llangan bo‘lishi mumkinligi haqidagi dalillar e’tiborga olinmaganini ta’kidladi.

Ulyanov, xususan, “Qo‘shma tergov mexanizmi” guruhini Xon Shayxun va Shayrat havo bazalaridan dalil to‘plamagani uchun tanqid qildi.

- Politsiya jinoyat sodir bo‘lgan joyga borishdan bosh tortgan tergovni bir tasavvur qiling. BMT Xavfsizlik kengashida shunday qilsa bo‘ladi deb hisoblaydi ular, - dedi Ulьyanov.

“Qo‘shma tergov mexanizmi” guruhi o‘z hisobotini tayyorlashda guvohlar ko‘rsatmasi, video materiallar, suratlar, sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlar, hamda Xon Shayxun shahridan olingan dalillarga tayangan.

Suriya va mamlakat prezidenti Bashar Asadni dastaklab kelayotgan Rossiya hisobot natijalarini rad etdi.

O‘z navbatida, AQSh va uning hamkorlari Rossiya taklifini rad etishi kutilmoqda. AQSh, Fransiya hamda Britaniya Xon Shayxundagi hujum bo‘yicha hisobotni professional va betaraf deb topgan.

1 noyabr kuni Oq uy Rossiyani “Qo‘shma tergov mexanizmi” vakolatini uzaytirishga qaratilgan urinishlarga to‘sqinlik qilmaslikka chaqirib, Kremlni kimyoviy qurollardan jabr ko‘rganlar qismatiga ko‘z yumishda hamda xalqaro qonunlarni mensimaslikda aybladi.

Joriy yilning 4 aprelida Xon Shayxun shahrida amalga oshirilgan kimyoviy hujumda 90 dan ortiq odam, jumladan, yosh bolalar qurbon bo‘lgan edi.

XS
SM
MD
LG