Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:54

AQSh prezidenti Tramp Osiyoga 12 kunlik safarini Yaponiyadan boshladi


AQSh prezidenti Donald Tramp va rafiqasi Melaniya 5 noyabr kuni Tokio shahri g‘arbidagi Yokota harbiy-havo bazasida tantanali ravishda kutib olindi
AQSh prezidenti Donald Tramp va rafiqasi Melaniya 5 noyabr kuni Tokio shahri g‘arbidagi Yokota harbiy-havo bazasida tantanali ravishda kutib olindi

AQSh prezidenti Donald Tramp Yaponiyaga tashrif buyurdi. Sal oldinroq u prezident uchog‘ida jurnalistlarga Osiyo bo‘ylab 12 kunlik safari davomida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashmoqchi ekanini ma’lum qildi.

Trampning uchog‘i 5 noyabr kuni Tokioga Havayidan yetib keldi. U o‘sha yerda AQSh qo‘shinlari bilan uchrashdi va 1941 yil 7 dekabr kuni yapon qo‘shinlari hujum qilgan Pyorl Harbor bandargohini ziyorat qildi.

Tramp Osiyoga safari vaqtida Putin bilan uchrashmoqchi ekanini bildirdi. U safari doirasida Janubiy Koreya, Xitoy, Vyetnam va Filippinga tashrif buyuradi.

– Putin bilan uchrashmoqchimiz, – dedi Tramp jurnalistlarga. – Shimoliy Koreya masalasida bizga uning yordami zarur. Yana bir qator boshqa rahbarlar bilan ham muzokaralar o‘tkazamiz.

Shimoliy Koreya “mamlakatimiz va butun dunyo uchun yomon boshog‘riq bo‘ldi va biz ushbu muammoni hal etmoqchimiz”, deya qo‘shimcha qildi u.

AQSh va Rossiya rahbarlari 10-11 noyabr kunlari Vyetnamning Danang shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo – Tinch okeani (APEK) forumi doirasida uchrashishi mumkin.

Shimoliy Koreyaning yadro quroli buhroni Trampning Osiyo safari chog‘idagi muzokaralari asosiy mavzusi bo‘lishi kutilmoqda. Uning muhokamasi Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan uchrashuvdan boshlanadi.

Tramp va rafiqasi Yokota harbiy-havo bazasida AQSh harbiy xizmatchilari bilan uchrashdi. Ushbu bazada taxminan 50 ming nafar harbiy xizmatchi o‘z burchini o‘tamoqda.

U harbiy xizmatchilar vakillari bilan uchrashuvi chog‘ida Yaponiyani “chin ma’nodagi sherik va AQShning eng muhim ittifoqchisi” deb atadi hamda AQSh harbiy jihatdan o‘ta qudratli ekanini aytib o‘tishni ham kanda qilmadi.

Prezident nutqida Shimoliy Koreyani eslamadi, ammo ushbu mamlakat bilan bog‘liq tanglikka bilvosita ishora qildi:

– Ittifoqchilarimiz bilan birga Amerika jangchilari barcha imkoniyatlarimizni ishga solib, mamlakatimizni mudofaa qilishga shay turibdi. Hech kim – na diktator, na rejim na bir boshqa mamlakat – Amerikaning qat’iyatiga shubha qilmasligi kerak, – dedi Tramp harbiy xizmatchilarga qarata.

Tramp Janubiy Koreyaga ham tashrif buyurib, prezident Mun Chje-in bilan muzokara o‘tkazadi.

U Shimoliy Koreyaning yadro quroli quroli buhronini harbiy vositalar emas, diplomatik usullar bilan hal etish tarafdoridir.

Tramp bir marta Munning sa’y-harakatlarini “tajovuzkor bilan yarash-yarash siyosati”deb atadi va Janubiy Koreya hukumati amaldorlari g‘azabini qo‘zg‘atdi.

XS
SM
MD
LG