Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:10

AQShga boruvchi immigrantlar uchun "Grin kard" lotereyasi yopilishi mumkin


Prezident Donald Tramp AQShda doimiy yashash huquqini beradigan "Grin kard" lotereyasini bekor qilishni talab qilmoqda. Davlat departamentiga ko‘ra, 2016 yilda Eron, Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Nepal, shu jumladan, O‘zbekiston vatandoshlari 2000 tadan ko‘p viza olishga muvaffaq bo‘lgan.

Politsiya 31 oktabr kuni bir o‘zbek immigrantini qo‘lga oldi. U ijaraga olingan yuk mashinasini velosiped yo‘lagidan haydab, 8 kishini bostirib o‘ldirganlik va yana ko‘p kishilarni yarador qilganlikda ayblanmoqda. Tramp o‘sha qonli voqeaga munosabat bildirayotib, zikr etilgan talabni qo‘ydi.

Hokmiyat idoralari vakillariga ko‘ra, 29 yashar Soipov 2010 yili Immigrantlar uchun viza lotereyasini yutib olib, AQShda yashash uchun qonuniy tarzda ko‘chib kelgan.

Hujum sodir bo‘lmasidan ancha avval ham demokrat, ham respublikachi parlament a’zolari ushbu dasturdan voz kechib, uning o‘rniga immigrantlarni ko‘rsatgan ma’lum xizmatlari evaziga jalb etish tizimini joriy qilishga taklifini ilgari surayotgan edi.

Ayni dastur sobiq prezident katta Jorj Bush 1990 yili imzolab, kuchga kiritgan qonun bo‘yicha madaniy rang-baranglikni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan edi. Unga ko‘ra, har yili Diversity Visa dasturi orqali 50 mingta viza lotereyada o‘ynaladi. Yutuq chiqan kishilar "Grin kard"ni olib, AQShda doimiy tarzda yashash huquqini qo‘lga kiritadi.

AQSh Ichki xafsizlik vazirligi ma’lumotiga asosan, Diversity Visa dasturi orqali vizani oluvchilar soni barcha immigratsiya dasturlariga asosan AQShda doimiy yashash uchun ruxsat olgan kishilarning juda oz qismini tashkil qiladi. Masalan, 2015 yilda 1 million 50 ming kishi ana shunday huquqni qo‘lga kiritgan edi.

Kim ariza berishi mumkin va buning uchun qanday talablar bor?

AQSh Davlat departamentidan olingan ma’lumotga ko‘ra, boshqa immigrantlardan farqli o‘laroq, Diversity Visa dasturi orqali hujjat topshirayotgan kishilardan biror kasb egasi bo‘lish yoki yaqin qarindoshi Qo‘shma Shtatlarda yashashi talab etilmaydi.

Ammo, ariza beruvchilar o‘rta maktabni bitirgan bo‘lishi, keyingi besh yil davomida ketma-ket ikki yil biror sohada uzluksiz ishlagan bo‘lishi kerak. Ariza berish bepul, ammo ariza beruvchilar Qo‘shma Shtatlarda o‘zini-o‘zi boqa olishini isbot qilishi kerak.

Lotereyada yutuq chiqqan kishi avtomatik tarzda "Grin kard" ololmaydi, faqat ushbu kardni olish uchun ariza berish huquqiga ega bo‘ladi.

AQSh konsullik xizmatlari xodimlari yutuq chiqqan kishilar haqidagi qo‘shimcha ma’lumotni ular bilan o‘z mamlakatida suhbat o‘tkazgan payt oladi.

Viza olgan kishilar eri/xotini va voyaga yetmagan farzandlarini ham o‘zi bilan olib ketishi mumkin.

Lotereya o‘yinida qatnashishi uchun yiliga 15 millionga yaqin kishi ariza beradi. Lekin yuqorida zikr etilganiday, faqat 50 mingta viza o‘ynaladi. 2016 yili O‘zbekistondan ushbu dastur doirasida 2 ming 378 kishi viza yutib oldi.

"Grin kard" yutgan kishilar 5 yildan so‘ng AQSh vatandoshligini olish uchun ariza berishi mumkin.

Yana qanaqa hujjatlar talab etiladi?

Tug‘ilganlik guvohnomasining asl nusxasi, yana ish va o‘qish bilan bog‘liq sertifikatlar taqdim etilishi kerak.

16 yoshga to‘lgan va yoshi undan katta ariza beruvchi konsullikdagi suhbat chog‘ida ichki ishlar idorasidan ma’lumotnoma, jumladan, hibsga olingan bo‘lsa, o‘sha haqdagi ma’ulmotnomani AQSh konsullik xizmati xodimlariga topshirishi zarur. Harbiy xizmatni o‘tagani va uylanganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham talab etiladi.

Qaysi mamlakatlar vatandoshlarining ariza berishga haqqi bor?

2018 yilgi dastur doirasida o‘ynaladigan lotereyada 181 ta mamlakat va ularga tegishli hududlar vatandoshlari ariza berishi mumkin edi, endi u dastur ariza beruvchilar uchun yopildi.

So‘nggi besh yil ichida immigrantlar soni ortib ketgani sababli quyidagi mamlakatlardan ariza qabul qilish to‘xtatildi: Bangladesh, Braziliya, Kanada, Xitoy, Kolumbiya, Dominikana Respublikasi, Salvador, Haiti, Hindiston, Yamayka, Meksika, Nigeriya, Peru, Pokiston, Peru, Filippin, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya (Shimoliy Irlandiyadan tashqari) va Vyetnam.

O‘tgan yili kim ko‘p lotereya vizasini qo‘lga kiritdi?

Davlat departamentiga ko‘ra, 2016 yilda Eron, Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Nepal, shu jumladan, O‘zbekiston vatandoshlari 2000 tadan ko‘p viza olishga muvaffaq bo‘lgan. Eng ko‘p vizani – 3247 ta – nepallilar qo‘lga kiritdi.

Lotereya tugatilsa, bu yilgi qatnashchilarga nima bo‘ladi?

Immigratsiya bo‘yicha tadqiqotlar markazining Immigratsiya siyosati bo‘limi rahbari Jessika Voganga ko‘ra, shu kunga qadar Kongressga muhojirlikni qisqartirish yoki bekor qilishga oid 5 ta qonun loyihasi taqdim qilingan.

- Bulardan 4 tasi bu dasturni tugatish haqida, biri esa kengaytirish haqida. Lekin, bu terror hujumidan so‘ng Kongressning bu lotereyani qisqartirish yoki tugatish haqida bir qarorga kelish ehtimoli katta. Ammo, qabul qiladi, deb aytish qiyin hozir. Qabul qilgan taqdirda ham, bu jarayon uzoq davom etadi va "Grin kard" dasturi, eng tez bo‘lganda, keyingi yildan bekor qilinadi. Ya’ni, shu kungacha lotereya uchun topshirilgan hujjatlar, albatta, ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari, "Grin kard" egalariga bo‘lg‘usi o‘zgarishlar daxl qilmaydi, - deydi Jessika Vogan.

Nega Tramp bilan ayrim parlament a’zolari dasturni tugatishni talab qilmoqda?

Prezident saylovi kampaniyasi vaqtida Tramp immigratsiya jarayonini qattiq nazorat qilish talabini qo‘ydi. Uning fikricha, bu potentsial terrorchilarning Qo‘shma Shtatlarga kirishi oldini oladi va jinoyatchilikni kamaytiradi.

AQSh prezidenti, asosan, musulmon mamlakatlaridan sayyohlar va immigrantlar kelishini cheklashga harakat qilmoqda.

Immigrantlar uchun Diversity Visa tanqidchilari ham u milliy xavfsizlikka tahdid qilayotganini aytmoqda. Ammo, dasturni yoqlovchilar ham istagancha topiladi.

Tramp Nyu-Yorkda ro‘y bergan terrorchilik amaliyotidan so‘ng Kongress oldiga ushbu dasturni yopish talabini qo‘ydi.

XS
SM
MD
LG