Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 16:46

OzodDayjest: Andijonlik yigit 15 ming so‘m qarz sabab do‘stini o‘ldirdi


Andijon viloyatida 15 ming so‘m sabab qotillik sodir etildi. Uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatida qo‘shib yozish va talon-tarojlar aniqlandi. O‘zbekistonga soxta hujjatlar bilan Tojikiston vatandoshlarini olib kelgan turfirma vakili 14 yilga qamaldi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Qarzini qaytarolmagan yigit do‘stini o‘ldirdi

Andijon viloyatida 15 ming so‘m sabab qotillik sodir etildi. Bu haqda viloyat prokuraturasi vakili Zafarbek G‘ulomjonov “Huquq” orqali xabar beradi. Ismi oshkor etilmagan yigit “Donmahsulotlari” shirkatida ishlovchi do‘stidan bir oyda qaytarish sharti bilan 100 ming so‘m qarz oladi. Sarf-xarajatlari ko‘payib, qarzini vaqtida qaytara olmaydi. Pul bergan og‘aynisi undan qarzni qaytarishni talab qiladi. U bo‘lib-bo‘lib 85 ming so‘mni qaytaradi, ammo 15 mingni imkoni bo‘lganda berishini aytadi. Qarz bergan do‘sti esa qarzdorni oriyatsizlikda ayblaydi. Nafsoniyati toptalgan qarzdor do‘stini bolg‘a bilan urib o‘ldiradi. Uning rafiqasini esa og‘ir jarohatlaydi. Qayd etilishicha, arzimas pul sabab qotillikka qo‘l urgan shaxs 17 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Yuzdan ziyod uy-joy mulkdorlari shirkati qo‘shib yozishga qo‘l urgan

O‘zbekistondagi ko‘plab xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatida qonunbuzarliklar aniqlandi (“Darakchi”, 9 noyabr). Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Abdunazar Erdonovga ko‘ra, 187 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyatini o‘rganilganda, 134 holatda 772,3 million so‘mlik kredit va aholidan yig‘ilgan badal pullari maqsadsiz ishlatib yuborilgani, pudratchi tashkilotlar amalga oshirgan qurilish-ta’mirlash ishlariga 330,4 million so‘m qo‘shib yozilgani va boshqa qonunbuzarliklar aniqlangan. Bu boradagi hujjatlar huquq idoralariga taqdim etilgan. Uy-joy mulkdorlari manfaatini himoya qilish va ularning turmush tarzini yaxshilashga mas’ul shirkatlar aksar holda vazifasini bajarmayapti. Bu kabi holatlar esa aholining uy-joy mulkdorlari shirkatlariga ishonchsizligiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonga soxta hujjatlar bilan Tojikiston vatandoshlari olib kelingani aniqlandi

Tojikistondagi “Haftko‘l” turistik firmasi vakili Zayniddin Alimov hujjatlarni soxtalashtirgan holda O‘zbekistonga Tojikiston vatandoshlarini olib kelgani bois mahkamaga tortildi (“Huquq”, 11 noyabr). Hujjatlarni soxtalashtirishda unga Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani telekommunikatsiya bog‘lanmasi xodimasi N.Karimova yordam bergan. Z.Alimov N.Karimovaga O‘zbekistonga kelishi lozim bo‘lgan Tojikiston vatandoshlarining ism-familiyasini yuborgan. N.Karimova esa O‘zbekiston vatandoshlari nomidan tojikistonliklarni to‘yga yoki ta’ziyaga taklif etish haqida soxta telegramma yuborgan. Z.Alimov soxta xatlarni olib, elchixonadan viza olgan. “Ikki sherikning jinoiy harakatlari 2012 yildan 2015 yilning mart oyiga qadar davom etadi. Bu vaqt oralig‘ida ikkovi ham bu ishi bilan ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch va do‘stona munosabatlarga raxna solishlari, Vatanimiz hududiga yomon niyat bilan kirib keladiganlarga sharoit yaratib berishlari mumkinligini o‘ylab ham ko‘rishmaydi”, deb yozadi G‘uzor tumani prokurori Sherali Ashirov. Qayd etilishicha, Z.Alimov 14 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. N.Karimova esa amnistiya akti bilan jazodan ozod etilgan.

XS
SM
MD
LG