Линклар

O‘zbekistonlik professor kelin-kuyovlarni genetik testlardan o‘tkazishni taklif qildi. Chaqaloqfurushlik kabi ijtimoiy illatning ildizlari qaerda? Toshkent mahallalaridagi sun’iy to‘siqlar avtoulovlarga zarar yetkazmoqda.

_____________________________________________________________

Professor I.Abdurahmonov: Nuqsonli chaqaloqlar tug‘ilishi oldini olish uchun genetik testlarni yo‘lga qo‘yish lozim

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti, Genomika va bioinformatika markazi rahbari Ibrohim Abdurahmonov mamlakatda nuqsonli chaqaloqlar tug‘ilishining oldini olish uchun genetik testlarni joriy qilish lozimligini ta’kidladi (“Oila davrasida”, 9 noyabr). “Agar yigitning ma’lum bir geni, masalan, APO (qon bosimini keltirib chiqaruvchi gen) genidagi takrorlar soni 44 (ya’ni kasallikka moyil), qizniki 34 (sog‘lom) bo‘lsa, bolaniki 36-38 atrofida bo‘lib, ushbu kasallikka moyilligi otanikidan kam bo‘ladi. Agar kelin-kuyovniki birday 44 bo‘lsa, bolalari kasallikka moyillik bilan tug‘iladi. Shuning uchun kelajakda aholini sog‘lomlashtirish uchun genetik testlarni yo‘lga qo‘yish muhim qadamdir”, degan professor I.Abdurahmonov. Genetik olim, shuningdek, qarindoshlar o‘rtasida oila qurish zararli ekanini uqtirib, qarindosh bo‘lmagan ota-onadan sog‘lom va aqlli farzandlar dunyoga kelishini ta’kidlagan.

Matbuot: Qahatchilik zamonida ham bolasini sotmagan o‘zbek ayoli nega bugun chaqaloqfurushlik qilmoqda?

O‘zbek ayollari orasida tirikchilikni sabab qilib o‘z chaqalog‘ini sotayotganlar ko‘paymoqda (“Hurriyat”, 8 noyabr). Maqolada yozilishicha, “Yangi tuqqan ayol o‘z xushtori bilan kelishib, bolasini sotdi”, “Voronejda chaqalog‘ini sotmoqchi bo‘lgan juftlik O‘zbekistonga chipta sotib olmoqchi bo‘lgan”, “Chaqaloqfurush rahbar va uning yordamchilari qilmishiga yarasha jazolandi” kabi sarlahvali xabarlarni kunora uchrayotgani xavotirlidir. Bunday jinoyatga qo‘l urayotgan ayollar bolajonligi bilan tanilgan o‘zbek xalqiga isnod keltirmoqda. Qayd etilishicha, qirg‘inbarot urush yillarida, ochlik, qahatchilik davrida ham o‘zbek ayoli bola u yoqda tursin, u yotgan beshikni ham sotmagan. Aksincha, o‘z bolasi bilan birga yetimlarni ham asrab olgan. Maqolada mazkur ijtimoiy illat ildizlari qidiriladi.

Toshkentdagi o‘rkachli yo‘llar avtoulovlarga zarar yetkazmoqda

Toshkent mahallalaridagi yo‘llarda o‘zboshimchalik bilan sun’iy to‘siqlar – do‘ngalaklar qilish ko‘payib bormoqda (“XXI asr”, 9 noyabr). Bunday sun’iy g‘ovlar orqali transport vositalari tezligini kamaytirish maqsad qilingan. Ammo Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, yo‘llarda o‘zbilarmonlik bilan sun’iy to‘siqlar qurish taqiqlangan. Boz ustiga, bunday to‘siqlar, ya’ni o‘rkachli yo‘llar avtomobillarga ziyon yetkazmoqda, ba’zida yo‘l-transport hodisalariga sabab bo‘lmoqda. Qolaversa, tez tibbiy yordam, o‘t o‘chirish xizmati mashinalari harakatiga ham xalal bermoqda. “Aytaylik, biror kimsa yo‘l yoqasidagi daraxtni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlolmaydi. Ammo nega yo‘llarga o‘zbilarmonlarcha o‘rkach solayotganlarni hech kim tartibga chaqirmaydi?” deya mutasaddilarni savolga tutadi gazeta.

XS
SM
MD
LG