Линклар

Xavfsizlik bo‘yicha tahlilchilar: G‘arbning Rossiyaga javobi “mahdud va zaif” bo‘lib qolmoqda


“Yevropa qadriyatlari” (European Values) tahlil markazi Putin rahbarligidagi Rossiyani “G‘arbning demokratik mamlakatlariga asosiy tahdid” deb atadi (arxiv surati)

Xavfsizlik va tashqi siyosat masalalari bo‘yicha bir guruh tahlilchilar G‘arb hukumatlari Kremlning demokratik mamlakatlarga qarshi keskin “dushmanlik xatti-harakatlari”ga “mahdud va zaif” javob qaytardi, deb hisoblamoqda.

Qarorgohi Pragada joylashgan “Yevropa qadriyatlari” tahlil markazining “Demokratik G‘arb qanday qilib Putinni to‘xtatishi kerak” deb atalayotgan bayonotini 70 ga yaqin tahlilchi imzoladi. Unda Rossiya prezidentining “Yevro-Atlantika hududini bo‘lib tashlab, boshqarish” rejasi yo‘liga to‘siq qo‘yish uchun nima ishlar qilinishi kerakligi bayon etiladi.

“Vladimir Putin demokratik mamlakatlarni qo‘rqitish va ta’qib qilishga qaror qildi, biroq G‘arb siyosiy arboblarining aksariyati hali buni anglab etgani yo‘q”, deyiladi 9 noyabr kuni tarqatilgan hujjatda.

Yana aytilishicha, “ayrim mamlakatlar tahdidlardan tahlikaga tushib qoldi, boshqalariga esa aksil-g‘arb, aksil-demokratik va aksil-liberal mavqeni egallashiga qarab energetika resurslari bo‘yicha imtiyozli shartnomalar tuzish va’da qilinmoqda. Shunga qaramasdan deyarli barcha mamlakatlar josuslik, korrupsiya, uyushgan jinoyatchilik hamda ko‘p darajali va ko‘p kanalli soxta axborot tarqatish qorishmasidan iborat hujumlarga tinimsiz duchor bo‘lmoqda”.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Federika Mogerini “Yevropa qadriyatlari” bayonotida tanqid qilindi (arxiv surati).
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat idorasi rahbari Federika Mogerini “Yevropa qadriyatlari” bayonotida tanqid qilindi (arxiv surati).

Bayonot Yevropaga Ittifoqiga a’zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlarining 13 noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishidan oldin tarqatildi. Unda ittifoqning sharqiy qo‘shnilari bilan strategik aloqalari qanday yo‘lga qo‘yilayotgani tahlil qilinadi.

Tahlil markazi bayonotida siyosiy rahbarlar oldiga Rossiyaning G‘arbdagi demokratik mamlakatlarga tahdidini tan olish, uning dushmanlik xatti-harakatlarini tergov qilish va fosh etish talabi qo‘yilmoqda.

YeI rahbarlari Rossiyaning 2015 yildagi soxta axborot tarqatish kampaniyasiga East Stratcom maxsus guruhini tuzish bilan javob qaytardi. Uning maqsadi ittifoq qadriyatlari va siyosatini “Sharqiy mahalla”da targ‘ib qilishdan iborat.

“Uni o‘z nomi bilan atash kerak”

Maxsus guruhning yana bir maqsadi Rossiya singari tashqi kuchlarning soxta axborot tarqatishga oid xatti-harakatlaridan jamoatchilik xabardorligini oshirish hamda YeIning bunday nomaqbul ishlarni oldindan ko‘ra bilish va ularga javob qaytarish borasidagi faoliyatini takomillashtirishdan iborat.

Rossiya 2014 yili Ukrainaga tegishli Qrim yarim orolini qonunga xilof ravishda bosib olgandan so‘ng YeI 150 dan oshiq rossiyalikning bank hisob raqamlari tranzaksiyalarini to‘xtatib qo‘ydi va ularga viza berilishini taqiqladi.

Ammo bayonotga imzo chekkan tahlilchilarning aytishicha, bu sa’y-harakatlar o‘zini oqlamadi.

Bayonot chop etilishidan oldin YeIga kiruvchi Markaziy va Sharqiy Yevropaning sakkiz mamlakati tashqi ishlar vazirlari ittifoq tashqi siyosat idorasi rahbari Federika Mogeriniga maktub yo‘lladi. Unda East Stratcom maxsus guruhi imkoniyatlarini kengaytirish so‘raladi.

“Agar Yevropa ushbu tahdidni bartaraf qilmoqchi bo‘lsa, uning rahbarlari tahdidni o‘z nomi bilan atashi kerak. Yevropa vakillari Rossiya rahbarlariga demokratik mamlakatlarga qarshi ushbu dushmanona qo‘poruvchilik xatti-harakatlarini to‘xtatishi kerakligini baralla aytishi shart”, deya ta’kidlanadi bayonotda.

XS
SM
MD
LG