Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:53

Mirziyoev Samarqandda 145 ayol o‘z joniga qasd qilganini aytdi


Prezident Mirziyoev 9 noyabr kuni Samarqand viloyat Xalq deputatlari kengashida qilgan chiqishida¸ viloyatdagi dolzarb muammolar qatorida ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish darajasining yuqoriligicha qolayotganini tilga oldi. “Bu ko‘rsatkich 145 tani tashkil etadi”¸ degan prezident¸ bu raqamning qaysi davrga oid ekanini ham¸ ayollarni o‘zini o‘ldirishga majburlayotgan omillarni ham aniqlashtirmadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti​ga ko‘ra, 2010 yilda har 100 ming o‘zbekistonlikdan 7 nafari o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa¸ 2016 yilga kelib¸ bu nisbat har yuz mingdan 9,2 ni tashkil qilgan.​

9 noyabr kuni Samarqandda qilgan chiqishida viloyatda 145 ayolning o‘z joniga qasd qilganini aytib o‘tgan prezident Shavkat Mirziyoev¸ bu raqamni izohlashni¸ birinchi navbatda¸ Xotin-qizlar qo‘mitasi mas’ul rahbarlaridan so‘radi.

Xotin-qizlar qo‘mitasining mas’ul rahbarlari bu raqamlarni qanday izohlaydi? Mahalla vakillari, profilaktika inspektorlari o‘z hududlarida uyma-uy yurdik, oilalardagi ahvolni o‘rgandik, deb hisobot berishadi-yu, lekin haqiqiy vaziyatdan ularning mutlaqo xabari yo‘qligi tahlillar jarayonida yaqqol ayon bo‘lmoqda.

Ogohlantirib aytmoqchiman: bunday soxta hisobotlar bilan ishlaydiganlar qonun bo‘yicha tegishli jazosini albatta oladi. Prezident siyosatini obro‘sizlantiradigan bunday ko‘zbo‘yamachiliklarga hech qachon yo‘l qo‘yilmaydi”¸ dedi prezident jumladan.

Xotin-qizlar qo‘mitasi tanqidga rozi

10 noyabr kuni Ozodlik muxbiri prezident birgina Samarqand viloyati misolida tilga olgan ayollarning o‘z joniga qasd qilishi bo‘yicha vaziyatga oid kengroq va aniqroq ma’lumot olish maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi bilan bog‘landi.

Qo‘mitaning suitsid masalalari bo‘yicha mutaxassislaridan biri¸ o‘zbekistonlik xotin-qizlar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilishga oid aniq raqamlardan bexabarligini bildirdi.

“Bir paytlar¸ Xotin-qizlar qo‘mitasi bu masalada Ichki ishlar vazirligi bilan yaqindan ishlagan¸ birga svodka to‘plagan. Ammo ancha bo‘ldi¸ bu ish to‘xtab qoldi¸ bizga bunday statistikani bermay qo‘yishdi. Buni faqat Ichki ishlar vazirligi va prokuratura biladi”¸ degan mutaxassis¸ prezident keltirgan raqam tafsilotlarini aniqlashtira olmasligini tan oldi.

Xotin-qizlar qo‘mitasi xotin-qizlar o‘rtasidagi o‘z joniga qasd qilish holatlariga oid asl manzarayu aniq raqamlardan bexabar bo‘lsa¸ qanday qilib bu qo‘mita¸ vaziyatni izohlashi mumkin?

Bu savoldan o‘ng‘aysizlangan qo‘mita mutaxassisi¸ “prezident bizdan izoh so‘rashga haqli¸ chunki biz vaziyatga aloqadormiz”¸ deya izoh berdi.

Biz targ‘ibot qilishimiz kerak. Qaysi ayollar o‘z joniga qasd qiladi – og‘ir vaziyatga tushib qolgan¸ oilasida janjallar bor ayollar suitsid qiladi. Shuning uchun prezident bizni tanqid qilayapti¸ shunaqa oilalar¸ shunaqa ayollar bilan yaxshiroq ishlashimiz kerak”¸ dedi o‘zini tanishtirmagan qo‘mita mutasaddisi.

Suiqasdga qo‘l urayotganlarning ko‘pchiligi 15-19 yoshdagi o‘smir qizlar

Jahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining 2016 yilgi hisobotiga ko‘ra¸ o‘z joniga qasd qilish dunyo bo‘ylab 15-29 yoshdagilar o‘rtasida eng ko‘p uchraydi va keyingi yillarda suitsid 15-19 yoshdagi qizlar o‘rtasidagi o‘limning birinchi sababiga aylangan; o‘zini o‘ldirayotganlarning 80 foizga yaqini kambag‘al yoki o‘rtahol oilalardan.

Ozodlik gaplashgan Xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassisi¸ bunday jarayonning O‘zbekistonga ham xosligini ta’kidlab¸ keyingi yillarda kollej o‘quvchilari¸ ayniqsa¸ o‘quvchi qizlar o‘rtasida o‘zini o‘ldirish ko‘payganini aytadi.

Juda ko‘p bunday suitsidlar. O‘smirlik psixologiyasi bilan bog‘lashadi. Biz ham ana shu yoshdagilar bilan ko‘proq ishlashimiz kerak. Bu yoshdagilar ichida oilaviy muammo yo‘q hali¸ lekin suitsid eng ko‘p shularning ichida. Bittasi akam konsertga qo‘ymadi deb o‘zini osadi¸ boshqasi o‘qituvchim telefonimni olib qo‘ydi deb¸ uchinchisi yaxshi ko‘rgan yigitimning onasi tanbeh berdi¸ deb o‘zini o‘ldirayapti. Ko‘pchiligi tuppa-tuzuk oilalarning bolasi¸ aqlli¸ a’lochi qizlar. Bularni umumlashtirib¸ sababi mana bu¸ deyishning o‘zi juda qiyin”¸ deydi mutaxassis.

“O‘z joniga qasd qilayotgan ayollar soni keyingi bir yilda yana ko‘paydi”

O‘zbekistondagi Ezgulik inson huquqlari jamiyati 2016 yilda mamlakatdagi o‘z joniga qasd qilish vaziyatini tadqiq qilishga uringan va bu muammo yuzasidan maxsus hisobot tayyorlagan edi.

10 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda mazkur tashkilot rahbari Vasila Inoyatova¸ bunday holatlarga oid aniq raqamlar o‘z qo‘lida bo‘lmasa-da¸ jamiyatiga kelayotgan xabarlardan suiqasd¸ xususan¸ ayollar o‘rtasidagi suiqasdning ko‘payganini taxmin qiladi:

- Hozir turmushning og‘ir toshi ayollar yelkasida bo‘lib qolgan. Bizga kelayotgan shikoyatlardan norozi odamlar¸ ayniqsa¸ virtual qabulxonadan norozilarning ko‘lami juda keng. Prezident borishidan oldin¸ unga o‘sha viloyat bo‘yicha raqamlar beriladi va bu uning o‘sha viloyatdagi nutqida aytiladi. Aslida butun respublika tutab yotibdi¸ faqat Samarqand emas. Virtual qabulxonaga qilinayotgan murojaatlarning juda ko‘pi ayollar tomonidan berilayapti. Ular bu murojaatlari hech qanaqa natija bermaganidan keyin¸ “hech qaerga borib bo‘lmas ekan”¸ degan tushkunlikka tushayapti. Bunday tushkunlik ularning ayrimlarini “o‘zingni o‘ldirishdan boshqa chora qolmadi”¸ degan xulosaga olib kelmoqda. Nochorlik¸ qashshoqlik¸umidsizlik ¸ chorasizlik o‘z joniga qasd qilish holatlarini keltirib chiqarayapti¸ deydi Vasila Inoyatova.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:00 0:00
Бевосита линк

Suiqasd haqida gapirish kerakmi-kerakmasmi?

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddisi¸ o‘z joniga qasd qilish holatlarini jamoatchilik¸ xususan¸ shunday harakatga moyil deb ko‘rilgan qatlam o‘rtasida muhokama qilish samarasi haqida xalqaro maydonda bir-biriga qarshi fikrlar mavjudligini aytadi.

Taniqli suitsidolog-mutaxassislar¸ ruhshunoslar bu masalani umuman¸ ayniqsa¸ o‘smirlar o‘rtasida muhokama qilish¸ uni targ‘ib qilish bo‘lishi mumkinligini aytadi. Masalan¸ bizga bu muammoni keng ko‘lamda muhokama qilish tavsiya etilmaydi. Bir tomondan¸ biz ayollarni¸ xususan¸ o‘smir qizlarni har qanday og‘ir vaziyatda ham o‘z joniga qasd qilishni xayolga keltirmaslikka targ‘ib qilishimiz kerak. Boshqa tomondan¸ bu haqda qancha ko‘p gapirilsa¸ shuncha ko‘p odamga uni “yuqtirish” ehtimoli kuchliligidan¸ bu mavzuni tilga olmaslik tavsiya qilinadi. Tadqiqotlar¸ suiqasd haqida qancha ko‘p gapirilsa¸ o‘zini o‘ldiradiganlar shuncha ko‘payishini ko‘rsatgan”¸ degan bu mutaxassis qaysi tadqiqotlarni nazarda tutayotganiga to‘xtalmadi.

Bunday dilemma mavjudligini e’tirof etgan Vasila Inoyatova¸ 80-yillarning ikkinchi yarmidagi vaziyat misolida¸ jamoatchilik bu muammoni ochiq muhokama qilishi lozimligini aytadi:

- O‘z joniga qasd qilish hamma vaqt bo‘lgan¸ sovet zamonida ham. Faqat bu haqda gapirish mumkin emas edi. Ammo oshkoralik boshlanganidan keyin¸ bu tabu bo‘lmay qoldi – zotan o‘zini o‘ldirishlar ham misli ko‘rilmagan darajada ko‘paydi o‘shanda. Bu vaziyat tahlil etildi¸ bahs-munozaralar qilindi va jarayon vaqtida nazoratga olindi – o‘zini o‘ldirish to‘xtamadi¸ lekin soni kamaydi. Hozir ham ayni ishni qilish kerak. Ichki ishlar¸ prokuratura¸ hokimiyat har bir holatni alohida o‘rganib¸ suiqasdga yetaklayotgan har bitta sababni ochiq va halol tadqiq qilib¸ buni jamoatchilikka ochiq aytishi kerak. Suiqasd sabablarini o‘rganmay¸ ularni ochiq gapirmay turib¸ bu jaraënni kamaytirib bo‘lmaydi¸ deydi Ezgulik inson huquqlari jamiyati rahbari Vasila Inoyatova.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti keltirgan raqamlar ham O‘zbekistonda keyingi yillarda o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib boraëtganini tasdiqlaydi.

Tashkilot statistikasiga ko‘ra¸ 2010 yilda har 100 ming o‘zbekistonlikdan 7 nafari o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa¸ 2016 yilga kelib¸ bu nisbat har yuz mingdan 9,2 ni tashkil qilgan.

XS
SM
MD
LG