Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:10

OzodDayjest: Toshkentda militsiya zobiti aybsiz vatandoshni mashinasiga nasha tashlab qamattirdi


Nasha ko‘chati (illyustrativ surat).

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi farzandining ta’lim olishiga beparvo ota-onalarga jazoni kuchaytirmoqchi. Yangiyo‘l tumani IIB tezkor vakili ikki o‘zbekistonlikni soxta ayblov bilan qamattirib yuborgani fosh etildi. IIV vakili “samosud” holati ko‘payayotganiga munosabat bildirdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

Qonunchilikka farzandi o‘qishiga beparvo ota-onalarni qamash jazosi kiritilishi taklif etilayapti

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi farzandining ta’lim olishiga beparvo bo‘lgan ota-onalarga jazoni kuchaytirishni taklif etmoqda (“XXI asr”, 16 noyabr). Hozirda bunday huquqbuzarlikda ayblangan ota-onalarga jarima ko‘zda tutilgan. Endilikda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasini 15 sutkagacha qamoq jazosi bilan to‘ldirish taklif etilmoqda. Deputat Odinaxon Jamoldinovaga ko‘ra, bu kelgusida ota-onalarning farzandi oldidagi mas’uliyati oshishiga xizmat qiladi. Qayd etilishicha, 2017 yilning birgina sentabr oyida respublika bo‘yicha 14 mingga yaqin o‘quvchi sababsiz dars qoldirgan. 263 nafar maktab va 1000 nafardan ziyod kollej o‘quvchisi chet elga chiqib ketgan.

Toshkent viloyatida militsiya tezkor vakili aybsiz vatandoshlarga tuhmat qilib qamattirgani aniqlandi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani IIB tezkor vakili, kapitan Aziz Yunusov ikki o‘zbekistonlikni soxta ayblov bilan qamattirib yuborgani fosh etildi (“Postda”, 11 noyabr). Tezkor vakil A.Yunusov giyohvandlik vositasini saqlash bo‘yicha jinoiy ish ochishga qaror qiladi va bu yo‘lda shu tumanda yashovchi Yu.Ziyoda va B.Matluba ismli ayollar bilan til biriktiradi. Militsiya ofitseri gugurt qutisiga solingan giyohvandlik vositasini ikki ayolga beradi. Yo‘lovchi qiyofasida shu tumanda yashovchi Faxriddin Abduvahobovning mashinasiga chiqqan ayollar qutini mashinaga tashlab qo‘yishadi. Avvaldan tuzilgan rejaga ko‘ra, tezkor vakil A.Yunusov F.Abduvahobovga tegishli mashinani “Registon” postida to‘xtatadi va undan narkotik modda “topadi”. F.Abduvahobov aybsizligini har qancha takrorlamasin, unga qarshi jinoiy ish ochiladi va unga sud tomonidan jazo tayinlanadi. Ma’lum vaqt o‘tganidan keyin vijdon azobida qiynalgan B.Matluba militsiya vakili bilan birga jinoiy ishni uyushtirishganini prokuraturaga ma’lum qiladi. Tergov jarayonida militsiya kapitani A.Yunusov avval ham boshqa bir vatandoshni tuhmat bilan qamattirib yuborgani aniqlanadi. Unga 11 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangani xabar qilingan.

IIV vakili: Farg‘onada “samosud” qilgan shaxslarning jinoiy ishi sudga topshirildi

Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, podpolkovnik A.Allamuradov mamlakatda “samosud” – vatandoshlarning o‘zboshimchalik bilan jazoga tortilishi holati ko‘payib borayotganini salbiy baholadi (“Darakchi”, 16 noyabr). IIV vakiliga ko‘ra, aybi bor yoki yo‘qligini bilmasdan, o‘zboshimchalik bilan shaxslarni jazolash harakatlari Jinoyat kodeksining 229-moddasiga ko‘ra ta’qib etiladi. IIV vakili “samosud” qilayotganlar jazosiz qolmasligiga misol sifatida bir necha oy avval Farg‘ona shahrida yuz bergan voqeani keltirgan. Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda to‘rt-besh nafar yigit boshqa bir yigitni geylikda ayblab jazolayotgani aks etgan video tarqalgan edi. Podpolkovnik A.Allamurodovga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan aybdor shaxslarga ochilgan tergov yaqinda yakunlangan va jinoiy ish sudga topshirilgan. IIV vakili inson tahqirlagan aks etgan videolarni tarqatuvchilar ham jazolanishini eslatib o‘tgan.

XS
SM
MD
LG