Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:52

OzodDayjest: Alimentdan qutulish uchun xotinini o‘ldirmoqchi bo‘lgan yigit 15 yilga qamaldi


Toshkentda kameralar haydovchilar yuragini taka-puka qilmoqda. Alimentdan qutulishni o‘ylagan er xotinini o‘ldirish uchun qotil yolladi. Yozuvchi Sharof Boshbekov teatr sahnasi notiqlar minbariga aylantirilganini tanqid qildi.

_____________________________________________________________

Toshkent chorrahalarida kameralar ishga tushgach, haydovchilarning yuragi taka-puka

Toshkent chorrahalarida videokameralar o‘rnatilgach, qoidabuzarliklar kamaydi, ammo bu hol haydovchilarning haqli e’tirozlariga ham sabab bo‘lmoqda (“Jamiyat”, 10 noyabr). Kameralar bois yo‘llarda tiqilinchlar yuzaga kelmoqda. Qolaversa, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ymaslik xayolidagi haydovchilar avariyaga ham yo‘l qo‘ymoqda. “Chorrahaga yaqinlashgani sari haydovchining yuragi taka-puka bo‘lishga tushadi: ishqilib, “yashil” o‘chguncha o‘tib olay-da! Sababki, yashil bir-ikki lipillaydi-da, keyin sariq, ko‘z ochib yumguncha qizil chiroq porlaydi... Buyam mayliya, chorrahaga yaqinlashayotganda haydovchining bir ko‘zi svetoforda, ikkinchisi yo‘lda bo‘lgani sabab hushyorlikni boy berishi xavfi ham yo‘q emas. Oqibatki, oldidagi mashinani turtvorishi mumkin. Bunaqa vaziyatlarni ko‘ryapmiz, axir”, deb yozadi gazeta. Qayd etilishicha, bunday ko‘ngilsizliklarni kamaytirish uchun soniyalarni ko‘rsatuvchi svetoforlar o‘rnatish lozim.

Ota ikki farzandining onasini o‘ldirgani qotil yolladi

Toshkent viloyatida yashovchi shaxs xotinini o‘ldirishga odam yolladi, ammo qotillik amalga oshmay qoldi (“Huquq”, 16 noyabr). Ismi oshkor etilmagan shaxs xotini bilan 10 yildan oshiq vaqt yashab, ikki farzandli bo‘lgan. So‘ng xotinini xiyonatda gumon qilib, u bilan ajrashgan. Sud erkakka ikki farzandi uchun aliment to‘lash majburiyatini yuklagan. Bosh prokuratura alohida muhim ishlar bo‘yicha tergovchisi Olimjon Nabievga ko‘ra, bir muddat aliment to‘lab yurgan erkak bu “muammo”dan qutulish uchun xotinini o‘ldirishga qaror qiladi va buning uchun jiyanini yollaydi. Buning evaziga jiyaniga 3 million so‘m pul va Rossiyaga qochib ketishi uchun aviachipta va’da qiladi. Ammo jiyani tog‘asi qotillikni rejalashtirayotgani haqida huquq idoralariga xabar berishi ortidan jinoyatning oldi olinadi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi ayblanuvchiga 15 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Sharof Boshbekov teatrdagi ahvol haqida: Biz ohuni aravaga qo‘shdik

Taniqli yozuvchi Sharof Boshbekov o‘zbek teatr sahnasi notiqlar minbariga, tomoshabinlar esa leksiya tinglovchilariga aylantirilganini tanqid qildi (“Hurriyat”, 15 noyabr). Yozuvchiga ko‘ra, teatrning azaliy vazifasini to‘g‘ri tushunmaslikda oqibatida bu san’at achinarli ahvolga tushib qolgan. “Tomoshabin teatrga mavzu yoki muammo uchun emas, tomosha ko‘rgani keladi. Afsuski, biz teatrning ana shu azaliy va tabiiy vazifasini bir chetga surib, unga juda ko‘p vazifalar yukladik. Bir tasavvur qiling, xushmanzara go‘shada nihoyatda go‘zal bir ohu yuribdi. Tabiat unga inson ko‘zini quvontirishdek ezgu vazifa yuklagan. Biz esa uni bunday vazifadan ozod etib, boshqa vazifa yukladik, ya’ni... aravaga qo‘shdik! Oqibatda go‘zallik nobud bo‘ldi, aravadagi yuk ham joyida qolaverdi… Va nihoyat teatr biz ko‘rib turgan bugungi ahvolga tushib qoldi. Endi chora qidiryapmiz. Qidirishga qidiryapmiz-u, lekin hali ham “ohu aravaga qo‘shilgancha” turibdi”, deydi yozuvchi Sh.Boshbekov.

XS
SM
MD
LG