Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 09:01

Samarqand shahridagi 36- o‘rta maktab o‘quvchisi¸ 11 yashar o‘g‘il bola A. R. 13 noyabr kuni o‘zini osib o‘ldirdi. Viloyat huquq-tartibot organlaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan. Bola o‘qigan maktabni esa, tekshiruvchilar bosgan. Fojia yuz bergan oilaning qo‘shnisi¸ Ozodlik bilan suhbatda bu oilani "o‘ziga to‘q", deya ijobiy baholadi.​

Samarqand viloyat huquq-tartibot organlaridan birining ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan mulozimiga ko‘ra¸ voqea 13 noyabr kuni bo‘lgan:

- O‘z joniga qasd qilgan o‘quvchi So‘lim shaharchasidagi (oldingi Hishrav qo‘rg‘oni) 36- maktabning 5-b sinfida ikkinchi smenada o‘qigan. Soat 13 da o‘qishga kelishi kerak bo‘lgan. Voqea esa, soat 10 bilan 11 o‘rtasida yuz berdi. Bola televizordan multfilm ko‘rib o‘tirgan va hojatxonaga kirib ketgan. Uzoq qolib ketganidan xavotir olgan onasi borib qarasa, o‘zini qo‘y boylaydigan ipga osib qo‘yibdi¸ dedi mulozim.

Uning qo‘shimcha qilishicha, voqea yuzasidan jinoyat ishi ochilgan:

- Murda yorilib sud-tibiy ekspertizasi o‘tkazilganidan keyin bola dafn qilindi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 103-moddasi ("O‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish") bo‘yicha jinoyat ishi ochildi. Shahar prokuraturasi va boshqa tizimlar bu ishga jalb qilingan. Ammo 11 yashar o‘quvchi o‘zini nega o‘ldirgani haqidagi isbotini topgan aniq javob yo‘q.

O‘z joniga qasd qilgan o‘quvchining qo‘shnisi Ozodlik bilan suhbatda o‘zini osgan bola bir necha kun oldin maktab direktoridan gap eshitgan degan mazmundagi iddaoni ilgari surdi:

- Maktab direktori 2 kun oldin (11 noyabr juma kuni - tahr.) shu bolani urishgan ekan¸ shundan qo‘rqib bola o‘zini osibdi degan gap yuribdi¸ dedi qo‘shni.

Samarqand Viloyat huquq-tartibot organlaridan birining mulozimiga ko‘ra¸ bu versiya yuzasidan maktab direktori va bolaning onasidan tushuntirish olingan:

- Bu gap hozircha o‘zining yuz foiz isbotini topmadi. Maktab direktori¸ o‘qituvchiyu va o‘quvchilar bilan birma-bir gaplashildi. Tushuntirish xatlari yozdirildi. Tergov eksperimentlari ham o‘tkazilmoqda. O‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish jinoyati bu yuqoridan nazorat qilinadigan jiddiy ish. Agar bu o‘z isbotini topsa, aybdor kamida yetti yilga qamalishi mumkin. O‘quvchiga rahmsiz muomala qilish yoki uni muttasil ravishda kamsitish holati bo‘lganmi yoki yo‘qmi - shu jiddiy o‘rganilmoqda¸ dedi ismi aytilmasligi sharti bilan gapirgan mulozim.

Maktab “oblava” qilindi

Samarqanddagi 36-maktab dushanba kunidan beri tekshiruvchilar nishonida dedi¸ Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimi:

- Yoshlar ittifoqidan kelib majlis o‘tkazishdi. Prokuratura¸ IIB va MXX vakillari maktabdagi barchani bir-bir elakdan o‘tkazishdi. O‘z joniga qasd qilgan bolaning sinfdoshlari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Bugun ham maktab direktori prokuraturaga shu masala bo‘yicha ketdi¸ dedi xalq ta’limi boshqarmasi xodimi.

U “maktab direktori yoki o‘qituvchi tazyiqi bois o‘quvchi o‘zini o‘ldirdi” degan versiya tasdiqlanmaganligini aytdi:

- Maktab ma’muriyatiga “e’tirozim yo‘q”, deya bolaning ota-onasi yozib berdi. O‘qituvchilar ham prokuraturaga yozgan tushuntirish xatida shu nuqtai nazarda turishdi. Bilmaymiz nega o‘ldirdi bu bola o‘zini¸ dedi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi xodimi.

Unga ko‘ra, bolaning sog‘-salomat bo‘lgani va ruhiy muammosi bo‘lmagani haqida vrach hulosasi ham tergovga taqdim qilingan:

- Bugun ham (17 noyabr) Shahar IIB voyaga yetmaganlar bilan ishlash bo‘limi majlis o‘tkazmoqda maktabda¸ shu voqea yuzasidan, dedi suhbatdosh.

Ijobiy xarakteristika

O‘zini o‘ldirgan o‘quvchining qo‘shnisi¸ Ozodlik bilan suhbatda bu oilani "o‘ziga to‘q va xushmuomala", deya ijobiy baholadi.

- O‘zini o‘ldirgan 11 yashar bola oilada ilk farzand edi. Undan kichik yana ikkita singlisi bor. Bolaning otasi - Ruslan aka elektr tarmoqlari idorasida ishlaydi. Ona - uy bekasi. Har tomonlama ta’minlangan¸ kami-ko‘sti yo‘q oila. Mahalamizdagi o‘ziga tinch namunali oilalardan biri, dedi qo‘shni.

Samarqand Viloyat huquq-tartibot organlaridan birining xodimi ham o‘zini o‘ldirgan bola haqida uni taniganlar faqat ijobiy fikr bildirganligini aytdi:

- Bolaning barcha sinfdoshlaridan fikrnoma olindi. Bu fikrnomalarning hammasida bola haqida bir og‘iz ham salbiy gap yo‘q. Bola maktabda ham mahallada ham yaxshi hulqi bilan ajralib turgan, deydi xodim.

Samarqandda suitsid vasvasasi?

Ozodlik radiosi Samarqanddagi o‘smirlar orasidagi hudkushlik holatlariga oid bir necha maqola e’lon qilgan edi.

Joriy yil iyunida Samarqand viloyat, Toyloq tumanida yashagan qiz nomusi toptalgani bois, o‘z joniga qasd qilgan edi.

2015 yilda Samarqand viloyat, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 93-maktabning 7- sinf o‘quvchisi maktab direktori, uni sinfdoshlari orasida masxara qilgani ortidan o‘zini o‘ldirgan edi.

Prezident Mirziyoev 9 noyabr kuni Samarqand viloyat Xalq deputatlari kengashida qilgan chiqishida¸ viloyatdagi dolzarb muammolar qatorida ayollar o‘rtasida o‘z joniga qasd qilish darajasining yuqoriligicha qolayotganini tilga olgan edi.

“Bu ko‘rsatkich 145 tani tashkil etadi”¸ degan prezident¸ bu raqamning qaysi davrga oid ekanini ham¸ ayollarni o‘zini o‘ldirishga majburlayotgan omillarni ham aniqlashtirmadi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti​ga ko‘ra, 2010 yilda har 100 ming o‘zbekistonlikdan 7 nafari o‘z joniga qasd qilgan bo‘lsa¸ 2016 yilga kelib¸ bu nisbat har yuz mingdan 9,2 ni tashkil qilgan.​

XS
SM
MD
LG