Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:29

Terrorchilikda ayblanayotgan Sayfulla Soipovga o‘lim jazosi berilishi mumkin


29 yashar asli toshkentlik Sayfulla Soipov.
29 yashar asli toshkentlik Sayfulla Soipov.

21 noyabr kuni Nyu-Yorkning Manhetten federal mahkamasida o‘zbekistonlik muhojir Sayfulla Soipovga nisbatan rasmiy ayblov e’lon qilindi.

22 ta og‘ir jinoyat¸ xususan¸ "Islom davlati" guruhiga moddiy yordam ko‘rsatish¸ sakkizta qotillik¸ 12 marta qotillikka urinish kabi ayblar mahkamada o‘z tasdig‘ini topsa¸ Soipovga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin.

AQShning Paterson shaharchasida yashab kelgan Sayfulla Soipov 31 oktabr kuni Nyu-Yorkning odam gavjum ko‘chalaridan birida harakatlanayotganlarga yuk mashinasi bilan hujum qilgan edi.

Sakkiz odam o‘limi va yana o‘nlab odamning jarohatlanishiga sabab bo‘lgan bu hujum darhol terrorchilik deb baholandi va Soipov voqea joyida qo‘lga olindi.

Soipov hujumi munosabati bilan e’lon qilingan maxsus bayonotida AQSh Bosh prokurori Jeff Sessions uni “AQShning buyuk shahri yuragiga sovuqqonlarcha uyushtirilgan hujum” deya baholagan edi.

AQSh prezidenti Donald Tramp esa 1 noyabr kuni Tvitter sahifasida “Nyu-York terrorchisi o‘zini baxtiyor his qilmoqda ekan... u 8 odamni o‘ldirdi, 12 odamni og‘ir jarohatladi. U o‘lim jazosiga hukm qilinishi kerak”, deb yozgan edi.

Mahkamaga Soipovga qarshi rasmiy ayblovni taqdim qilgan prokurorlar¸ hujum guvohlarining telefonlariga yozib olingan video va suratlarning ayblanuvchiga qarshi ashyoviy dalil sifatida ishlatilishini bildirdi.

"O‘zigacha bo‘lgan ko‘plab boshqa terrorchilar kabi Soipov ham Amerika mahkamasida adolat oldida javob beradi. Nyu-York shahri uning hujumiga qarshi qanday keskin munosabat ko‘rsatgan bo‘lsa¸ adolat ham unga nisbatan keskin va qat’iy bo‘lishini kutayapmiz”¸ dedi ayblovni taqdim etgan AQSh prokurori Joon H. Kim.

AQSh Federal tergov byurosining Nyu-York bo‘yicha rahbari William F. Sweeney Jr., Soipovga qo‘yilgan ayblov “qonun ustuvorligi hamisha g‘olib bo‘lajagidan berilgan mujda” ekanini ta’kidladi.

"O‘tgan oy shavqatsiz hujumni amalga oshirar ekan¸ Sayfulla Soipovning niyati imkon qadar ko‘proq odamni o‘ldirish¸ jarohatlash¸ begunoh qurbonlarga imkon qadar ko‘proq ziyon yetkazish va shahrimizni terror domiga tashlash bo‘lgan. Biz bugungi ayblovni e’lon qilarkanmiz¸ fojiali kun voqealarini ortga qaytarib bo‘lmasligi¸ qurbonlar oilalariga yetkazilgan og‘riq va musibatni hech narsa yengillata olmasligini anglab turibmiz”¸ dedi Federal tergov byurosi rasmiysi mahkamadagi chiqishida.

Politsiyachilar bilan yuzaga chiqqan otishma oqibatida yengil yaralangan 29 yashar toshkentlik Sayfulla Soipov ikki kunlik tibbiy muolajadan so‘ng Manhetten qamog‘ida saqlanmoqda.

2010 yili Green Card lotereyasi yutib O‘zbekistondan AQShga ko‘chib kelgan Soipov¸ tergov hujjatlarida qayd etilishicha¸ "Islom davlati" yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiyning internetdagi va’z va chaqiriqlaridan ilhomlangan.

Xususan¸ Soipovga ko‘ra¸ u Bag‘dodiyning “AQSh va boshqa G‘arb davlatlarida yashayotgan musulmonlar Iroqda musulmonlarning o‘ldirilayotganiga qanday javob qaytaradilar”¸ degan da’vatiga javob tariqasida Nyu-Yorkdagi hujumni amalga oshirgan.

Soipovga qo‘yilayotgan og‘ir ayblarni quvvatlovchi ashyoviy dalillar orasida¸ mahkama hujjatlariga ko‘ra¸ uning ikkita mobil telefonidan topilgan materiallar ham bor.

Tergovchilarning aytishicha¸ telefonlardan birida "Islom davlati" mafkurasini targ‘ib qiluvchi 90 ta videomaterial¸ xususan¸ odamning kallasini chopish va tutqunlarni tank bilan bosib o‘ldirish tasvirlangan videolar bor.

Ikkinchi telefondan Soipovning yuk mashinasini ijaraga olish uchun qilgan Internet qidiruvlari tarixi topilgan.

2010 yilda Ohayo shtatida yuk mashinasi haydovchisi bo‘lib ishlagan Soipov¸ so‘ngra Florida shtatiga ko‘chib o‘tgan. Hujum arafasida u xotini va uch nafar bolasi bilan Nyu Jersidagi Paterson shaharchasida yashab¸ Uber shirkatida taksi haydovchi bo‘lib ishlagan.

Uning Toshkentdagi oilasi Soipovning qachon va qaysi sabablarga ko‘ra islomiy ekstremistlar safiga qo‘shilganidan bexabarligini aytmoqda.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG