Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:19

Urganchda erini o‘ldirib, hovlisiga ko‘mib yuborgan ayol 13 yilga qamaldi. Prokuratura “Lirika”ga qarshi kurashni kuchaytirmoqda. O‘zbekistonda jami jinoyatlarning uchdan biri yoshlar tomonidan sodir etilgan. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida xabar berdi.

_____________________________________________________________

Ikki yil avval “chet elga ishlagani ketgan” erkak xotini tomonidan o‘ldirib yuborilgani aniqlandi

Xorazm viloyati Urganch shahrida yashovchi ayol erini o‘ldirib, hovliga ko‘mgani fosh qilindi (“Darakchi”, 23 noyabr). Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi sudyasi Ulug‘bek Bakturdievga ko‘ra, jinoyat asli 2015 yilning 2 noyabrida ro‘y bergan va oradan ikki yil o‘tganidan keyingina ochildi. Ismi oshkor etilmagan ayol mast holdagi eri bilan janjallashib qolgan va uni bolta bilan urib o‘ldirgan. Keyin jasadni hovliga ko‘mgan, ustidan beton yotqizdirib, tandir qurdirgan. Yaqinlariga esa eri chet elga ishlagani ketganini aytgan. Shu tariqa ayol eri dafn etilgan hovlida ikki qiziga to‘y qilgan. Oradan ikki yil o‘tsa-da, akasidan darak yo‘qligidan shubhalangan marhumning singlisi huquq-tartibot idoralariga murojaat qilgan. Tergov-surishtiruv jarayonida qotillikni marhumning xotini amalga oshirgani va bu ishdan qizlari ham xabardor bo‘lgani aniqlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Xorazm viloyat sudi qotil ayolga 13 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlagan.

Prokuratura “lirika”chi jinoiy guruhni ushladi

Prokuratura idoralari “Lirika” va “Tramadol” kabi psixofaol dori vositalarining noqonuniy savdosiga qarshi kurashni kuchaytirmoqda (“Huquq”, 23 noyabr). Besh nafar o‘zbekistonlik mazkur dori vositalarini qo‘shni davlatlardan aylanma yo‘llari bilan olib kelib, har bir qutisini 50-100 dollardan sotib kelgani aniqlangan. Xaridor topishda guruhga Toshkentdagi dorixonalardan birida ishlovchi ayol yordam bergan. Prokuratura vakillari jinoiy guruhdan 331,3 million so‘mlik “Lirika” va “Tramadol” dorilarini olib qo‘ygan va ularga ish qo‘zg‘atgan. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, mazkur dori vositalari faqat shifokor retsepti bilan belgilangan joylarda sotiladi. Ammo mo‘may daromad topish maqsadida ularni noqonuniy sotuvchi guruhlar ham mavjud. Ushbu dori vositalarini doimiy iste’mol qilgan odam narkotik moddalar kabi ularga butkul qaram bo‘lib qoladi.

IIV nashri: 10 oy ichida 22 ming nafar yoshlar jinoyatga qo‘l urgani tashvishlanarlidir

Joriy yilning 10 oyi ichida O‘zbekistonda 22 ming nafar yoshlar jinoyatga qo‘l urgan (“Postda”, 18 noyabr). Bu mamlakat bo‘yicha qayd etilgan jami jinoyatlarning uchdan biri demakdir. Ichki ishlar vazirligi nashri bu holni, xususan, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari tomonidan 875 ta, maktab o‘quvchilari tomonidan esa 310 ta og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etilgani tashvishlanarli deya baholagan. Qayd etilishicha, ishsizlikni bartaraf etmay turib, huquqbuzarliklarning oldini olishda ko‘zlangan natijaga erishib bo‘lmaydi. Tahlillar jinoyat sodir etgan shaxslarning har to‘rttadan bittasi ishsiz ekanini ko‘rsatmoqda.

XS
SM
MD
LG