Aholiga tovuq¸ echki boqish va limon yetishtirish uchun joriy yil fevralidan boshlab berilayotgan kreditlar joriy yil dekabridan boshlab to‘xtatiladi. Mikrokreditbankning Farg‘ona viloyatidagi bo‘limlaridan biri xodimining 24 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha, bu kredit loyihasi samarasiz, deb topilgan.
Ozodlik bilan suhbatlashgan ba’zi kredit olganlar tovug‘i o‘lgani va limoni qurib qolganini aytishdi. Bank xodimlari esa tovug‘i o‘lgan yoki limoni qurigan “qarzdor” olgan kreditini uch yil mobaynida oyma-oy qaytarishi zarur¸ aks holda kafolat uchun qo‘yilgan mol-mulki musodara qilinishini bildirishdi.
- Aholini tadbirkor qilish maqsadida tovuq, qoramol, limon ko‘chatlari yetishtirish uchun kredit berish kampaniyasi rasman o‘z yakuniga yetdi. Tijorat banklariga oylik qirqimda mazkur yo‘nalishlarda kredit berish rejalari bekor qilindi¸ dedi bank xodimi.
Ozodlik muxbiri gaplashgan Jizzax¸ Denov va Amudaryo tumanlaridagi bank hodimlari ham ayni gapni takrorlashdi.
Bank xodimlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining «Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra ajratilgan mikrokreditlarni qaytarish masalasida muammo chiqqan.
Jizzaxlik 27 yashar fermer Ibrohimjon 24 noyabr kuni Ozodlik muxbiri bilan suhbatda kam ta’minlangan oilalarga kredit sifatida berilgan tovuqlarning kasalga chalinib o‘lgani va limon ko‘chatlarining qurib qolganini aytib berdi.
- Banklar parranda yetishtiradigan shirkatlar hisobiga pul o‘tkazib berdi. Bu pul kam ta’minlangan oilalarga kredit sifatida rasmiylashtirildi. Tizim asosida ishlaydigan keng yorug‘ tovuqxonalarga o‘rgangan tovuqlar uy sharoitiga moslasha olmasdan birin-ketin o‘lib qoldi. Hokimiyat tekinga bergan jo‘jalar ham o‘ldi. Men yashaydigan Zarbdor tumanida bitta ham xonadon kreditga berilgan tovuqlardan foyda ko‘rmadi. Limon ham shunaqa bo‘ldi. Odamlar qo‘lbola teplitsa qurib bu limonlarni yetishtirishga urinishdi. Men bilgan 8 ta xo‘jalikda limonlarning hammasi qurib qoldi. Yer sho‘r Jizzaxda. Sho‘r yerda limon bitmasligini botanika o‘qigan yosh bola ham biladi¸ deydi Ibrohimjon.
Ozodlik meliorativ holati Jizzaxdan ko‘ra yaxshiroq deya malakalanadigan Toshkent viloyati O‘rtachirchiq tumanidagi o‘rtahol oila boshlig‘i bilan 24 noyabr kuni gaplashdi. O‘zini Akbarali aka deb tanishtirgan kishi joriy yil fevralida bank krediti asosida 50 ta limon ko‘chati olgani va bu ko‘chatlarning hammasi quriganligini aytdi:
-Limonlarning ildizi quriganmi yoki bahorgi sovuq boismi, bittasi ham tutib ketmadi¸ deydi suhbatdosh.
Olgan ham, bergan ham aybdor
Aholiga kredit shartnomalarini rasmiylashtirish bilan shug‘ullanadigan O‘rtachirchiq tuman hokimligi huquqshunosiga ko‘ra¸ tovuq va limon yetishtirish uchun berilgan kredit shartlari bajarilmagani ortidan muammo kelib chiqqan:
- Buyurtmanomalarga muvofiq sitrus¸ asosan limon uchun teplitsa va parranda qafaslarini markazlashgan holda qurib berish va tayyor holda xonadon egalariga topshirish vazifasi butkul bajarilmadi. Sitrus o‘simliklar ko‘chatlarini olib kelib ekib berish, mutaxassislarni jalb etgan holda agrotexnik tadbirlar va kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha amaliy yordamlar ko‘rsatilmadi. Kredit evaziga jo‘ja yoki limon olgan aholi vakillarida esa, yetarli tajriba va malaka bo‘lmadi. Oqibatda kredit liniyasi yopildi, dedi huquqshunos.
Kasal tovuqlar
Toshkent viloyat davlat veterinariya boshqarmasi xodimi Ozodlik bilan joriy yilning mart oyida qilgan suhbatida “parranda kasalliklari bois kreditga olingan tovuqlar o‘lganini ” bildirgan edi:
- Kreditga olingan tovuqqa kasal tegmaydi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Shu kunlarda parrandalarda yuqumli bronxit, laringotraxeya kabi kasallar urchigan. Parrandaboqarlar bu kasalliklarga qarshi kurashishlari kerak. Bizga murojaat qilishsa, 30 turdagi diagnostik va profilaktik ko‘mak ko‘rsatamiz. Tovuqning tashqi ko‘rinishiga qarab, uning qanday kasallikka chalinganini aniqlasa bo‘ladi. Kasallangan tovuq yoki xo‘roz kamharakat bo‘lib qoladi, qanotlarini sudragan holda, bir joyda ko‘zlarini yumganicha ko‘p o‘tiradi, donlamay qo‘yadi. Shunday tovug‘i borlar darrov bizga ma’lum qilsin¸ degan edi veterinariya boshqarmasi xodimi.
O‘rtachirchiqlik mahalliy fermerning 24 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ o‘tgan yil mart oyida tovuqlar kasalga chalinganidan keyin kredit olganlar vahimaga tushib o‘lmay qolgan tovuqlarni arzon garovga sotib yuborishgan.
Echki ko‘rdingmi yo‘q
Joriy yilning iyunida Andijonga safari payti «Oltinko‘l» tumanidagi fermer xo‘jaligidagi zotdor echkilarni ko‘rgan prezident Shavkat Mirziyoev har bir xonadonga ikkitadan echki tarqatishni taklif qilgan edi. Buning ortidan mahalliy matbuotda “echki boqishning hayrli yumush ekani “ haqida targ‘ibot boshlandi. Bankdan kredit olib echki boqish istiqbollari haqida gapirildi.
Jizzahlik 27 yashar fermer Ibrohimjon kreditga echki olgan birorta fermerni bilmasligini aytadi:
- Limon berishdi¸ jo‘jani ham. Lekin birov kreditga echki olganini bilmayman. Umuman biz taraflarda odamlar qo‘y boqadi. Qo‘ydan foyda bor. Bir yilda 50 ta qo‘yingiz 100 ta bo‘ladi¸ - deydi fermer, - Yaxshiyam echki olishmadi. Lekin tovuq o‘lgan¸ limon qurigan bo‘lsa ham kreditni to‘lash kerakku?!
Qiyomat qarz
Amudaryo tumanidagi bank xodimi 24 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, tovug‘i o‘lgan yoki limoni qurigan “qarzdor” uch yil mobaynida oyma-oy olgan kreditini qaytarishi zarur¸ aks holda kafolat uchun qo‘yilgan mol-mulk musodara qilinadi.
Niyat yaxshi edi yoki siyosiylashgan tovuqlar
Vazirlar Mahkamasining “Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori axoliga kam foizli imtiyozli mablag‘lariga tovuq olib boqishi, yoki limon yetishtirishi ko‘zda tutgan edi.
Bu hujjatda har bir tumanda ehtiyojmand oilalarga 200 tagacha tovuq yoki limon ko‘chati olish uchun imtiyozli kreditlar berilishi aytilgan.