Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 08:53

Kambag‘allar uchun Sergelida qurilgan uylar boylarga tegdi. Prokuratura tekshiruv boshladi


17 noyabr kuni prezidentga topshirilgan Sergelidagi yangi uylar.
17 noyabr kuni prezidentga topshirilgan Sergelidagi yangi uylar.

Poytaxtning Sergeli tumanida prezident topshirig‘iga muvofiq kam ta’minlangan oilalar uchun maxsus qurilgan uylar turli aldov sxemalari orqali bu imtiyozli uylarga haqqi bo‘lmaganlarga berilgan. Bu haqdagi shikoyatlar prezidentga yetib borishi ortidan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Sergelidagi uylarning kimlarga ajratilgani¸ qanday ajratilgani bo‘yicha maxsus tekshiruv boshlagan.

Komissiyalar ishini yana bir maxsus komissiya tekshirmoqda

Bu haqda Ozodlikka Toshkent shahar hokimiyati va huquq-tartibot tizimlaridagi bir-biridan mustaqil bir necha mulozim xabar berdi.

“17 noyabr kuni prezident Mirziyoev Sergelida qurilayotgan uylarni ochishga bordi. Shunda unga kimdir bu uylar kambag‘allar qolib¸ puldor va amaldorlarga berildi¸ deb shikoyat qilipti. Shu joyning o‘zida prezident bu masalani tekshirishga buyruq beripti. Bosh prokuraturada darhol maxsus komissiya tuzilgan¸ unda soliqchilar¸ hokimiyat vakillari va ishchi ishlardan mutaxassislar bor. Hozir yalpi tekshiruv ketayapti”¸ dedi Ozodlikka shaxsi sir qolishi bilan gapirgan rasmiylardan biri.

O‘zining bu komissiya ishida bevosita qatnashmayotganini ta’kidlagan bu mulozim¸ maxsus mezonlar asosida tarqatilishi belgilangan Sergelidagi arzon uylarning amaldor va puldor tadbirkorlarga berilishida chigal sxemalar qo‘llanilganini aytdi.

“Bu uylardan olishning hukumat ishlab chiqqan tartibi bor. Bu uylar nomida uyi yo‘q¸ yoki jon boshiga belgilangan normadan kichik kvadraturada yashayotganlarga¸ daromadi kichik bo‘lganlarga imtiyozli ipoteka krediti asosida berilishi kerak. Ayrimlar hujjatlarni risoladagiday ko‘rsatish uchun¸ nomi bor¸ o‘zi yo‘q shirkatlardan spravka olib kelgan¸ soliqchilar bankka topshirilgan ish joyidan berilgan arizalarni tekshirsa¸ unaqa shirkatlar yo allaqachon yo‘q bo‘p ketgan¸ yo bir kunga ochilib¸ amalda hech qachon ishlamagan bo‘lib chiqayapti. Hovli-joyi bor odam uysiz¸ Toshkentda propiskasi yo‘q odam¸ propiskalik bo‘lib¸ uy olgan. Ancha aylanma sxemalarni ishlatilgan. Birma-bir ko‘rilayapti shular”¸ deydi tekshiruv tafsilotlaridan bilvosita xabardor hokimiyat mulozimlaridan biri.

Aholiga tushuntirish beriladi...

Toshkent shahrining 24 noyabr kuni Ozodlik muxbiri gaplashgan to‘rtta tuman hokimligi mas’ullari bunday tekshiruv borayotganini tasdiqladi. Ayni paytda¸ tekshiruvga Mirziyoevga 17 noyabr kuni bevosita qilingan shikoyat sabab bo‘lganini aniq tasdiqlay olmasliklarini aytdilar.

“Genprokuratura bir haftacha bo‘ldi¸ tekshiruv boshladi. Shikoyat bo‘lgan. Portalga yozishgan shekilli¸ aniq bilmayman. Bizning rayondan ajratilgan har bitta kvartiraning kimga berilganini o‘rganib chiqib¸ 100 foiz to‘g‘ri¸ deb ketishdi. Hozir boshqa rayonlarda ham ketayapti. Ularning qanday yopilganini bilmayman”¸ dedi Olmazor tuman hokimligi vakili.

Toshkent shahar hokimligining Ozodlik bog‘langan rasmiysi ham Sergelidagi uylar bo‘yicha Bosh prokuratura maxsus tekshiruv boshlaganini tasdiqlay turib¸ bu jarayon bo‘yicha jamoatchilikka tushuntirish berilishini qo‘shimcha qildi.

“Kechagina Tajiev Asom (hokimlik vakili) aka bilan Genplandagi Odiljon aka O‘zbekiston milliy telekompaniyasiga borib¸ shu masala bo‘yicha muloqot o‘tkazib kelishdi. Hamma tushuntirish ishlarini olib borishdi. Muloqot yozib olingan¸ qachon ko‘rsatiladi bilmayman. Nima deyishganidan ham xabarim yo‘q”¸ dedi shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan vakili 24 noyabr kuni.

Ikki bolasi bilan pod’ezdlarda tunagan ayolga Sergelidan uy tegmadi

Prezidentning uylik bo‘lish qo‘l yetmas orzu bo‘lib kelgan Toshkentdagi qo‘li yupqalarga deb qurdirgan uylaridan umidvor bo‘lganlardan biri 32 yashar Umida Shoyunusovadir. Sakkiz yil avval eridan ajrashganidan beri uysiz qolayotgan bu oshpaz ayol Ozodlik bilan suhbatda umidining qaytib umidsizlikka aylanganini aytadi:

- Ota-onam o‘lib ketishgan. Ikki bolam bilan man¸ yana ukam xotini va bolasi bilan jami 11 odam opamning Yunusobodning 14-kvartalidagi 24-uyning 64 kv. metrlik 34-kvartirasida yashaymiz. Kunora janjal¸ pochcham bezor bo‘lib¸ haydaydi¸ ba’zida bolalarim bilan pod’ezdlarda ham yotdim. Sovuqda boradigan joyim yo‘qligidan yana qaytib keldim. Prezidentimizga ishonib¸ uy olish uchun Yunusobod hokimligiga murojaat qildim. Hamma tomondan to‘g‘ri keldim¸ uy berish haqida prikaz chiqarishdi ham. Lekin ikki xonalik uy uchun 30 million 300 ming so‘mlik birinchi badal to‘laysiz¸ deyishdi. Shuni to‘lolmadim¸ uyni berishmadi. Hamma joyga murojaat qildim¸ oyma-oy to‘lashni bir amallayman¸ lekin birinchi to‘lovga pulim yo‘q¸ deb xudoni zorini qildim. Yo‘q¸ prezidentning uyiniyam puli bor oladi¸ deyishdi. Peshonamga uy bitmagan ekan¸ menga tegmadi¸ deydi Umida Shoyunusova.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:02 0:00
Бевосита линк

Sergelidagi uylardan ajratilgan kvartiralar uchun tijorat banklari beradigan imtiyozli ipoteka krediti¸ uy qiymatining 25 foizi to‘langanidan so‘ng¸ 3 yillik imtiyozli davr bilan, dastlabki 5 yil mobaynida yillik 7% miqdoridagi foiz stavkasi va keyingi davrda Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida 20 yil muddatga rasmiylashtiriladi.

Umida Shoyunusovaning aytishicha¸ o‘zi kabi uyga nihoyatda muhtoj kambag‘allar ana shu 25 foizlik birinchi badalni to‘lay olmayotgan bir paytda¸ bu uylar “shapkasini naqd bergan” puli borlarga tekkan.

“Hokimiyatga qancha qatnadim¸ har xil odamlarni ko‘rdim¸ eshitdim. Hovli-joyi¸ qo‘sh-qo‘sh mashinasi bor tadbirkorlar “olib qo‘ydik¸ turadida”¸ deb gapirganini eshitdim. Falonchi¸ deb aniq ayta olmayman¸ lekin uylarning anchasi amali¸ puli borlarga tekkani bor gap”¸ deydi Umida Shoyunusova.

"Shapkasi bor"

Bu Sergelidagi uylarni taqsimlash va olishdagi korrupsiyaga oid Ozodlikka kelgan yagona shikoyat emas.

2017 yilning mart oyi boshida¸ bu uylarni taqsimlash bo‘yicha komissiya ish boshlashi bilan¸ Ozodlikka bunday uyga da’vogarlardan biri murojaat qilgan edi.

Ozodlikka o‘z shaxsi sir qolish sharti bilan gapirgan Toshkentda yashovchi kam ta’minlangan oilalardan biri boquvchisi¸ Shayxontohur tuman hokimligiga ariza topshirgani¸ bu arizani ko‘rib chiqishga mas’ul komissiya a’zolaridan biri allaqachon uy tegishi uchun o‘ziga pora berishni so‘raganini aytgan edi.

Hokimlikka ariza tashladim. Ular menga komissiya a’zolari uyingizga borib tekshiradi¸ haqiqatan uyga muhtojligingiz aniqlansa¸ sizga uy ajratiladi¸ deyishdi. Ijobiy javob kutayotgan edim. Yaqinda pochtadan xat keldi. Unda uylar qurilib-bitib¸ foydalanishga topshirilganidan so‘ng¸ “oilangizga belgilangan tartibda taklif etilishini tuman hokimligi ma’lum qiladi”¸ deb yozilgan. Buning ma’nosini tushunmadim va arzon uy tarqatish bo‘yicha komissiya a’zoligida ishlayotgan tanishimning oldiga bordim. U bizga ochiqdan-ochiq bu uylarni kam ta’minlangan oilalar emas¸“shapkasini to‘lashga qurbi yetadigan” boyvachchalar olayotganini aytdi. Mening o‘zim uchta uy olayapman¸ shapkasini bersangiz¸ shuning bittasini sizlarga beraman¸ dedi. “Shapkasi bor-yo‘g‘i 3000 dollar”¸ dedi. Birinchi to‘lovi 5000-6000 atrofida bo‘ladi¸ dedi. Umumiy hisobda¸ uy tegishi uchun qo‘limda kamida 8000-9000 dollar bo‘lishi kerak ekan. Shuncha pulim bo‘lsa¸ota-onamning domida siqilib yashamasdan¸ chekkaroqdan bo‘lsa ham bir xonalik uy olgan bo‘lardim. Birinchi to‘lovni qarz qilib bo‘lsa ham¸ toparman¸ deb o‘ylagandim. Shapkasi 3000 dollarligini eshitib¸ hafsalam pir bo‘ldi. Prezidentimiz shuncha qattiq turganlarida ham hokimiyatdagilar kambag‘allarga qurilayotgan uylarning orqasidan ham pul qilishni boshlashipti. Bo‘lmasa¸ qanday qilib bitta komissiya a’zosi o‘ziga uchta uy olayapti?¸ degan edi Ozodlik bilan suhbatda yillardan beri bitta uyda to‘rtta oila bo‘lib yashayotganini aytgan toshkentlik arizachilardan biri.

Mirziyoevning arzon uylari

2016 yilning 25 sentabr kuni prezident vazifasini vaqtincha bajarayotgan Shavkat Mirziyoev Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi eski uylarda yashovchilar bilan uchrashganida¸ uy-joydan qiynalib yashayotgan poytaxtliklarga 2022 yilga qadar Sergelida 500 ta uy qurishni va’da bergan edi.

Bu va’dadan ko‘p o‘tmay 22 noyabr kuni Shavkat Mirziyoev «2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini samarali amalga oshirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” maxsus qaror chiqargan va shu qaror asosida Sergelida kam ta’minlangan oilalar uchun 500 ta ko‘p qavatli uy qurish loyihasi boshlangan edi.

“Mazkur uy-joylar taqsimotida adolat mezoniga qat’iy rioya etilishi kerak. Shunda xalqimizning kayfiyati yaxshi, hayotdan rozi bo‘ladi. Ertangi kunga ishonchi ortadi”¸ degan edi 2017 yilning 3 fevral kuni bu uylar qurilishini borib ko‘rgan prezident Mirziyoev.

17 noyabr kuni bu uylarning qurilishi yakunlangan dastlabki 66 tasi shaxsan prezidentga tantana bilan topshirildi.

Bu tadbirdan keyin yangi uylarni aylanib chiqqan toshkentlik faollar¸ kam ta’minlangan oilalarga va’da qilingan uylarni o‘sha kuni hokimiyat va MXX kabi idoralar xodimlari “uy sohibi” sifatida egallab o‘tirganiga guvoh bo‘lgan edi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra¸ Sergelida qurilgan yangi uylar narxi Toshkentning boshqa hududlarida qurilayotgan shu rusumdagi yangi uylarga nisbatan kamida ikki baravar arzondir.

XS
SM
MD
LG