Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 07:27

Yevropa ittifoqi Putin imzolagan "xorij agenti" to‘g‘risidagi qonunni tanqid qildi


Yevropa ittifoqi Rossiyada xorijdan moliyaviy ta’minot oladigan ommaviy axborot vositalarini (OAV) "xorij agenti"ga tenglashtiruvchi yangi qonunning qabul qilinganini tanqid qildi. Rossiya prezidenti Vladimir Putin bu qonunni 25 noyabr kuni imzoladi. Qonunga binoan, qaysi OAV xorijiy agent sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishini Rossiya Adliya vazirligi hal qiladi.

Yevropa komissiyasining qo‘shni davlatlar bilan aloqalar hamda ittifoqni kengaytirish masalalariga mas’ul rasmiy vakili Mayya Kosyanchich, 26 noyabr kuni bergan bayonotida, bunday qonunning qabul qilinishini "Rossiyaning inson huquqlari bo‘yicha mas’uliyati hamda va’dalariga zid", deb baholadi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin imzolagan qonun mamlakat hukumatiga chet eldan mablag‘ olib ishlaydigan ommaviy axborot vositalarini “chet el agenti” deb hisoblash va ularga qarshi sanktsiyalar joriy qilish vakolatini beradi.

Ushbu qonun 25 noyabr kuni Rossiyaning rasmiy huquqiy axborot portalida chop qilindi.

Uni 22 noyabr kuni parlamentining yuqori palatasi – Federatsiya kengashi deyarli bir ovozdan tasdiqladi: 154 kishi yoqlab ovoz berdi, hech kim qarshi chiqmadi, faqat bir kishi betaraf qoldi.

Qonun quyi palata – Davlat dumasida 15 noyabr kuni uchinchi – yakuniy o‘qishda bir ovozdan qabul qilingan edi. Adliya vazirligi sanoqli soatlar ichida Ozod Yevropa/Ozodlik radiostansiyasining bir necha xizmatlariga ogohlantirish yubordi.

Yuborilgan xatlarda ularga kelgusida qanday cheklovlar joriy etilishi aniq ko‘rsatilmagan. Biroq deputatlarga ko‘ra, ushbu toifaga taalluqli OAVdan faoliyatiga oid batafsil moliyaviy axborot berish hamda chop etilayotgan materiallari yorliqlarida, chet el agentidan olingan,degan ma’lumot ko‘rsatilishi shart qilib qo‘yilmoqda.

Rossiya hukumati vakillari “Ozodlik” radiosi ham chet el agenti deb ko‘rsatilishi shart bo‘lgan OAV qatoriga kirishini aytdi.

Ro‘yxatda yana “Amerika ovozi” (VOA) radiostansiyasi, Si-En-En (AQSh) va “Doyche Velle” (Germaniya) xalqaro telekompaniyalari bor.

Putin qonunni imzolagani xususidagi xabarga javoban Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi prezidenti Tomas Kent bayonot berdi:

Biz ayni paytda yangi qonunning ta’siri haqida hech narsa deya olmaymiz, chunki hali hech birOAV “chet el agenti” deb atalgani va bunday “agentlar”ga nisbatan cheklovlar qo‘llangani yo‘q. Rus tilida so‘zlashuvchi tinglovchilarimizni aniq va haqqoniy axborot bilan ta’minlash borasida olgan majburiyatlarimizga sodiq qolaveramiz.

Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkiloti vakilining fikricha, ushbu qonun Rossiyadagi matbuot erkinligiga “jiddiy zarba” bo‘ladi. Ammo Rossiya hukumati vakillari ushbu qonun ichki OAVga nisbatan qo‘llanmasligini aytmoqda.

Ularning fikricha, yangi qonun AQShning Rossiya OAVga nisbatan bosimiga “simmetrik javob”dir.

13 noyabr kuni Rossiya hukumati mablag‘ bilan ta’minlaydigan RT telekompaniyasining AQSh uchun ko‘rsatuvlar tayyorlaydiganT&R Productions LLC sho‘’ba korxonasi “Chet el agentlarini ro‘yxatga olish to‘risida”gi qonunga ko‘ra qaytadan ro‘yxatdan o‘tishga majbur bo‘ldi.

AQSh adliya vazirligi RT ning sho‘’ba korxonasidan qayta ro‘yxatdan o‘tishni talab qilishiga Qo‘shma Shtatlar razvedka xizmatlari yanvarь oyida bergan xulosasi sabab bo‘ldi. Unda telekompaniya va “Sputnik” axborot agentligi Rossiya hukumatining 2016 yilgi AQSh prezidenti saylovi natijalariga ta’sir ko‘rsatish uchun Rossiya hukumati buyurtmasiga ko‘ra noto‘g‘ri axborot tarqatish bilan shug‘ullangani aytiladi.

AQShning xalqaro teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar bo‘yicha kuzatuv kengashi bosh direktori Jon Lansing 25 noyabr kuni tarqatgan bayonotida “ushbu qadamlarni AQShning xatti-harakatlariga javob tariqasida tavsiflash voqelikni mutlaqo buzib ko‘rsatishdan boshqa narsa emas”, deb aytdi.

– Rossiya OAV, jumladan, RT va “Sputnik” Qo‘shma Shtatlarda bemalol faoliyat ko‘rsatishi, AQSh kabel televizion tarmog‘i va FM radiostansiyalari orqali eshitirish va ko‘rsatuvlarini uzatishi mumkin, uzatyapti ham, – dedi Lansing. – Biroq AQSh xalqaro OAV, jumladan, “Amerika ovozi “ va “Ozodlik”ning Rossiyada televidenie va radiostansiyalar xizmatidan foydalanish imkoniyati yo‘q.

Uning qo‘shimcha qilishicha, “o‘z vazifasini bajarayotgan jurnalistlarimizni Rossiya hokimiyat idoralari ta’qib qilmoqda, ular turli cheklovlarga duchor bo‘lmoqda”.

17 noyabr kuni “Ozodlik” va “Amerika ovozi” radiostansiyalari ofisini borib ko‘rgan AQSh elchisi Jon Hantmanga ko‘ra, zikr etilgan qonun Qo‘shma Shtatlarda “jiddiy xavotir” uyg‘otdi hamda “har qanday erkin jamiyat va demokratik mamlakatda erkin matbuot printsiplari ham jamiyatni rivojlantirish, ham uning farovonligi uchun o‘ta muhimdir”.

XS
SM
MD
LG