Линклар

17 декабр 2017, Тошкент вақти: 17:04

Yoshlar ittifoqi Karimov davrida istalmagan ikki kinochini O‘zbekistonga olib keldi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Bugunga kelib o‘zbek kinochilari Hollivudda ham film olmoqda.

28 noyabr kuni Toshkentdagi “Yoshlar saroyi”da yosh kinochilarning "PROlogue" deya nomlangan kinofestivali ochildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tarafidan tashkil qilingan bu tadbirda keyingi 25 yil mobaynida mamlakatdagi rasmiy tadbirlarda qatnashtirilmay kelgan ikki kinochi muhtaram mehmon maqomida ishtirok etdi.

1991 yili suratga olingan “Shok” filmidan keyin rasmiy Toshkent tanqidiga uchrab Moskvaga ketib qolgan 75 yashar kinochi Elyor Eshmuhammedov festival ochilishida chiqish qildi va yosh o‘zbek kinochilari uchun master-klass (mahorat darsi) berdi.

Shuningdek tadbirda O‘zbekistondagi kino san’ati tanazzulini tanqid qilib kelgani bois keyingi 25 yil ichida istalmagan shaxsga aylangan 80 yashar Ali Hamroyev ham faol ishtirok etmoqda. Hamroyev keyingi paytda Italiya va Rossiyada ijod qilib keladi.

Ozodlik bilan suhbatda Ali Hamroyev O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisi¸ O‘zbekiston prezidentining davlat maslahatchisi Qahramon Quronboyev shaxsan taklif qilgani bois tadbirda ishtirok etayotganini aytdi.

Hamroyevning bildirishicha¸ tadbir ochilgan saroyda “Oramizdagi afsonalar” degan stendda o‘zi va Elyor Eshmuhammedovning tasvirini ko‘rib sevingan.

Ozodlik bilan 28 noyabr kuni suhbatlashgan kinochi¸ “O‘zbekfilm” kinostudiyasi sobiq rahbari Hilol Nasimov “o‘zbek xalqida gina-kudrat yo‘qligi bois Ali Hamroyev kabi o‘z vaqtida bizni tanqid qilgan kinochini taklif qildik”¸ deya ta’kidladi.

Ali Hamroev suratga olgan kinolar afsonaga aylangan
Ali Hamroev suratga olgan kinolar afsonaga aylangan

Festivalda endi ijodini boshlagan o‘zbek kinochilarining qisqa metrajli filmlari namoyish qilinmoqda.

Festival ishida qatnashayotgan munaqqid Akmal Rizayevning 28 noyabr kuni Ozodlikka aytishicha¸ rejissor Elnur Abrayevning “Janoza” filmi festivalning birinchi kuni qatnashchilarda qiziqish uyg‘otgan:

- Rituallarning inson taqdiridagi aksi “Janoza” filmida ishonarli tasvirlangan. Muxlisa Azizovaning “U” degan filmi esa ekspremental kino o‘laroq qiziqish uyg‘otdi¸ deydi suhbatdosh.

Rizayevga ko‘ra¸ "PROlogue" kinofestivali 2013 yilda Gulnora Karimova tarafidan tashkil qilingan “Oltin gepard” kinofestivalidan keyin hosil bo‘lgan madaniy bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan ilk kinoanjumandir.

Hilol Nasimov o‘zining ziddiyatli filьmlari bilan tanilgan
Hilol Nasimov o‘zining ziddiyatli filьmlari bilan tanilgan

Taniqli kinochi Hilol Nasimov "PROlogue" kinofestivaliga xalqaro maqom berilishi ustida ish olib borilayotganini aytdi.

Unga ko‘ra¸ bugungi o‘zbek yosh kinochilari ertangi kunning yorqin yulduzlaridir:

- Festivalda qatnashayotgan yosh ijodkorlar orasida farzandim va talabalarim borligi uchun aytmayapman. Rostdan ham yosh o‘zbek kinochilari xalqaro kinofestivallarda sovrinlar olib¸ hukumatimiz ko‘magida chet elga borib o‘rganib¸ o‘z sohasining zabardast ustalari bo‘lib yetishmoqda. Qars ikki qo‘ldan chiqadi¸ deydi suhbatdosh.

"Muz erishi?"

O‘zbekiston boshqaruviga Shavkat Mirziyoyev kelishi ortidan Karimov davrida "istalmagan shaxs" maqomida bo‘lgan ijodkorlarni ularga qo‘yilgan norasmiy taqiq tamg‘asidan ozod qilish boshlandi.

25 yil davomida kitoblari chop qilinmay¸ lavozim va davlat tadbirlaridan uzoq tutilgan shoira Halima Xudoyberdiyeva va Nurali Qobil kabi shoir-yozuvchilarga Mirziyoeev davrida ehtirom ko‘rsatishga kirishildi.

Sherali Jo‘rayev¸ Yulduz Usmonova¸ Mahmudjon Azimov kabi hofizlar uchun katta sahna eshiklari qayta ochildi.

Shuhrat Abbosov¸ Komil Yormatov kabi kinochilarning Karimov davrida taqiq qo‘yilgan sovet mavzusidagi filmlari yana namoyish qilina boshlandi.

"O‘zbek kinosining ikki ustuni " deya ko‘riladigan Elyor Eshmuhammedov va Ali Hamroyevlarning Toshkentga qaytishi ham¸ munaqqid Akmal Rizayev nazarida¸ Mirziyoyev boshlab bergan "muz erishi" jarayonining navbatdagi alomatidir.

XS
SM
MD
LG