Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:21

Kasal ayolni Turkiyada fohishalikka majburlaganlikda ayblangan yigit 10 yilga qamaldi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Шикоят аризаси

Odam savdosi bilan shug‘ullanganlikda aybdor, deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan 28 yashar buxorolik Sherali Mahmudovning advokati uni butunlay oqlash talabi bilan apellyatsiya shikoyati yozdi. Mahmudov, sud hukmiga ko‘ra, "bachadon saratonidan davolanish uchun Turkiyaga borgan toshkentlik S.G‘ulomovani fohishalik qilishga majburlagan". Ayni paytda Mahmudovning yaqiniga ko‘ra, G‘ulomova Sheralining hozirda qidiruvda bo‘lgan akasiga "o‘ynash bo‘lgan" va rashk qilib, aka-ukalardan qasd olgan.

Ozodlik bilan suhbatda jabrlanuvi tarafi sud hukmidan rozi ekanligini bildirdi.

Apellyatsiya sudi 1 dekabrga belgilangan.

Toshkent shahar Sergeli tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudining joriy yil 17 oktabrida Qo‘qiyev Muzaffar hakamligida o‘tgan mahkama Sherali Mahmudovni O‘zbekiston JK 135 moddasi (Odam savdosi) da aybli deb topib 10 yilga ozodlikdan mahkum qilgan edi. (Hukm nusxasi Ozodlikda mavjud)

Sherali Mahmudovning advokati o‘z shikoyatida bu hukmni adolatsiz ekanini ta’kidlab, apellyatsiya sudi mahkumni butunlay oqlab sud zalidan ozod qilishi kerakligini talab qilgan:

“Men Sergeli tuman sudi hukmidan noroziman. Hukm JPK normalari buzilgan holda to‘plangan va jinoyatni isbotlash uchun yetarli bo‘lmagan ayblov xulosasining ko‘chirmasi xolos”, deyiladi Ozodlikda nusxasi mavjud bo‘lgan shikoyat arizasida.

29 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatlashgan mahkumning Turkiyada yashaydigan yaqini 33 yashar L.Sh. bu xabarni eshitib shok bo‘lganini aytadi:

- Eshitib shokka tushdim. Sherali Mahmudov hech qachon odam savdosi bilan shug‘ullanmagan. U nihoyatda ijobiy odam. Ko‘ngilchanligi bois tuhmat qurboni bo‘ldi¸ degan suhbatdosh apellyatsiya sudiga videomurojaat yuborganligini ta’kidlaydi.

Hodisani tergov qilgan O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tergovchisi Sherzod Shodmonov 29 noyabr kuni Ozodlik bilan suhbatda tergov ishlari JPK normalari asosida¸ ayblanuvchi huquqlarini ta’minlagan holda olib borilganligini bildirdi.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik joriy yilning avgustida Istanbulning Bojilar mahallasida 2016 yil oxirida 3 oy jinsiy qullikda tutilganini iddao qilgan 37 yashar toshkentlik ayol Sevara G‘ulomova bilan suhbatlashgan edi.

G‘ulomovaning iddao qilishicha, u Istanbulda buxorolik aka-uka Sherali va Alisherlar tarafidan majburan jinsiy qullikda ushlab turilgan.

Bu ishni tergov qilgan O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi tergovchisi Sherzod Shodmonovning Ozodlik muxbiriga joriy yil avgust oyida aytishicha, G‘ulomovani fohishalik qilishga majburlagan Sherali qo‘lga olingani¸ Alisher esa qidiruvga berilganini aytgan edi.

Shodmonov Sherali Mahmudov ustidan tergov ishi tugab¸ ishi sudga oshirilgani bildirgan edi.

Transport prokuraturasi tarafidan ochilgan jinoyat ishida odam savdosi qurboni sifatida ismi zikr qilingan Sevara G‘ulomova Ozodlikka bachadon rakidan davolanish uchun Turkiyaga borganida aka-ukalar Sherali va Alisher Mahmudovlar tarafidan zo‘rlanib¸ fohishalikka majburlanganini iddao qilgan edi.

Joriy yil avgustidagi suhbatda G‘ulomova asosiy muammo sifatida “Sherali va Alisher Mahmudovlar mijozlardan olingan pulning unga tegishli qismini bermagani” deya ko‘rsatgan edi.

Mahkum tarafi nimadan norozi?

Mahkumning Turkiyada yashaydigan yaqini 33 yashar L.Sh.ning aytishicha¸ Sevara G‘ulomovaning barcha iddaolari yolg‘on:

- Avvalo Sevara G‘ulomova hozir qidiruvga berilgan Alisherning benikoh xotini bo‘ladi. 10 yilga qamalgan Sherali esa, unga qaynini bo‘ladi. Sevara Alisherni birinchi xotinidan qizg‘anib bu gaplarni o‘ylab topdi. Ikkinchidan, u hech qanaqa rak kasal emas. Simulyantlik qilyapti o‘zini kasalga solgan. Sababi u oldin Turkiyadan deport bo‘lgan. Deport bo‘lgan odam 5 yil qaytib kira olmaydi. Lekin davolanish uchun istisnoli tarzda kelishi mumkin. Men apellyatsiya sudi bu holatlarni inobatga olib adolat qiladi deb ishonaman¸ deydi suhbatdosh.

Sevara G‘ulomova bu kontrayblovlarga 29 noyabr kungi suhbatda munosabat bildirdi:

- Majbur bo‘ldim nikohdan o‘tishga. Keyin meni fohisha qilib ishlatib pulimni ham berishmadi. Bu ikki aka-uka ustimizdan ariza yozsang yalang'och rasmlaringni ota-onangga va qarindoshlaringga tarqatamiz dedi. Faqat shundan qo‘rqdim. Mani ustimdan rosa kulishdi, xor qilishdi, do‘pposlab ishlatishdi, pasportimni berishmadi. Menda umuman ayb yo‘qligi uchun qo‘rqmay ariza yozdim. O‘zbekistonda mani surishtirishsin. Toza va ota-onam deydigan qiz edim.

Rostdan ham kasalman, degan G‘ulomova Ozodlikka Toshkent viloyati o‘sma kasalliklari dispanserida davolangani haqidagi ma’lumotnomani yubordi.

Tibbiy ma’lumot
Tibbiy ma’lumot

Turkiya matbuotida o‘zbek fohishalari¸ jinsiy qullikka solingan O‘zbekiston vatandoshlari haqidagi xabarlar kunora chiqib turadi.

Ozodlik bu voqea rivojini kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG