Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:16

OzodDayjest: DTM test tizimi o‘zini oqlamaganini tan oldi


Viloyatlarda arzon ko‘mir chayqovchilar qo‘liga o‘tib ketmoqda. Davlat test markazi nihoyat test tizimi o‘zini oqlamaganini e’tirof etdi. Qo‘qon va Toshkentda yana kollej o‘quvchilari ishtirokida pichoqlashlar qayd etildi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

Prezident tanqididan keyin Davlat test markazi test tizimi o‘zini oqlamaganini tan oldi

O‘zbekiston Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Qahramon Haqberdiyev hozirga qadar amalda bo‘lgan oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlari o‘zini oqlamaganini tan oldi (“Jamiyat”, 24 noyabr). Qayd etilishicha, abituriyentlar soni yildan-yilga oshib borayotgani bois test jarayonini o‘tkazish uchun auditoriyalar tayyorlash, jarayonni nazorat qiluvchi pedagoglarni jalb etish qiyinchiliklar tug‘dirmoqda. Qolaversa, test natijalarini tekshirish 15-17 kunga cho‘zilmoqda. Oqibatda sansalorlik, o‘zibo‘larchilik yuzaga kelgan. 2018-2019 o‘quv yilidan esa kirish test sinovlari 1 avgustdan 15 avgustgacha bo‘lib-bo‘lib o‘tkaziladi va natijalar sinov o‘tkazilgan kunning ertasiga e’lon qilinadi. Hozirga qadar test jarayonidagi adolatsizliklar, tizimidagi kamchiliklar haqida jamoatchilik gapirgan. Ammo Davlat test markazi barchasini rad etib kelgan. Mavjud kamchiliklarga O‘zbekiston Prezidenti e’tibor qaratganidan keyin Davlat test markazi rahbariyati mavjud muammolarni tan olishga majbur bo‘lmoqda.

Hukumat ajratgan arzon ko‘mirni chayqovchilar qimmatga pullamoqda

O‘zbekiston hukumati tomonidan aholiga ajratilgan arzon ko‘mir chayqovchilar qo‘liga o‘tishi oqibatida uning narxi qimmatlamoqda (“Oila davrasida”, 30 noyabr). Bu yilgi qishki mavsum uchun ko‘mirning 1 tonnasi narxi 156 ming 600 so‘m etib belgilangan. Ammo hududlarda aholi ko‘mirni bir necha baravar qimmatga olishga majbur bo‘lmoqda. Masalan, Andijon viloyati aholiga ko‘ra, arzon ko‘mirni olish uchun navbat kelasi yilda keladi, shu bois qimmatga bo‘lsa-da, bozordan xarid qilgan ma’qul. “Axir, o‘ylab ko‘raylik, aholiga mo‘ljallangan 589 ming tonna ko‘mir, 260 ming tonna briket mahsuloti o‘z egasiga borayotgan bo‘lsa, unda odamlar bozorda nima qilib yuribdi?” deya mutasaddilarni savolga tutadi gazeta. Shu bilan birga, aholiga arzon narxda ajratilgan ko‘mir sifati ko‘ngildagidek emasligi, mayda va uvalanib ketayotgani ham qayd etilgan.

Farg‘ona viloyati IIB Qo‘qondagi pichoqlashuv haqida matbuotga axborot berishdan bosh tortdi

Farg‘ona viloyati IIB Qo‘qon shahrida kollej talabalari o‘rtasidagi pichoqlashuv haqida matbuotga axborot berishdan bosh tortdi. “Darakchi” nashriga ko‘ra, Qo‘qon neft va gaz sanoati kollejining birinchi bosqich o‘quvchisi o‘z sinfdoshini pichoqlab qo‘ygani haqida xabar tarqalgan. Shundan keyin gazeta bu haqda ma’lumot olish uchun dastlab Qo‘qon IIBga, so‘ngra Farg‘ona viloyati IIBga rasman murojaat qilgan. Ammo Farg‘ona IIB tergov ketayotganini asos qilib, ma’lumot berishni rad etgan. Gazetaga ko‘ra, Toshkent shahar IIBB va shahar prokuraturasi har payshanba kuni jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan jinoiy ishlar yuzasidan qonun doirasida izoh bermoqda. “Endi savol tug‘iladi: nahotki, Toshkent shahar IIBB va Toshkent shahar prokuraturasi Farg‘ona viloyati IIB asos qilib ko‘rsatayotgan talablarni buzayotgan bo‘lsa?! Yo‘q, aslo unday emas, shunchaki ular qonunchilikda belgilangan talabning mazmun-mohiyatini o‘z foydasiga emas, balki xalq, jaamiyat foydasiga talqin qiladi”, deb yozadi “Darakchi” nashri.

XS
SM
MD
LG