Линклар

14 декабр 2017, Тошкент вақти: 18:22

Turk-eroni tillafurush AQSh sudida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Eronga AQSh sanksiyalaridan bo‘yin tovlashda yordam berish uchun 1 milliard dollarlik bank operatsiyasini amalga oshirishga shaxsan rozi bo‘lgan, deya guvohlik berdi.

Rizo Zarrob 30 noyabr kuni Turkiya Xalqbanki boshqaruvchisi Mehmet Haqan Atilla ustidan Nyu-York shahrida o‘tkazilayotgan sud majlisining uchinchi kuni AQSh hukumati guvohi sifatida ushbu da’vo bilan chiqdi.

Atillaga AQSh bank tizimi orqali Eronning neft va gazi sotuvidan olingan foydani qonuniylashtirish ayblovi qo‘yilmoqda. U bu ishi sanksiyalarga zid ekanini yaxshi bilar edi.

Zarrob 2 oktyabr kuni o‘ziga qo‘yilgan bank qallobligi, harom pulni qonuniylashtirish va boshqa ayblovlarni tan oldi hamda hokimiyat idoralari bilan hamkorlik qila boshladi.

U federal sud majlisi qatnashchilariga yuqori lavozimli amaldorlarni qay tarzda pora va shirinkoma bilan siylaganini gapirib berdi. O‘sha amaldorlar buning evaziga Zarrobning Eronga mablag‘laridan global bozorda maxfiy tarzda foydalanishida ko‘maklashganini yashirgan.

Zarrob oldinroq sudga Turkiyaning sobiq iqtisodiyot vaziri Mehmet Zafar Chag‘layan 2012 yili foydaga teng sheriklik evaziga davlatga tegishli Xalqbanki orqali muayyan sxema asosida operatsiyalarni amalga oshirishda ko‘maklashganini aytgan edi.

Zarrobga ko‘ra, Chag‘layan unga Erdo‘g‘on va o‘sha paytlar moliya vaziri bo‘lgan Ali Babajan bank operatsiyasini amalga oshirish uchun shaxsan rozilik berganini aytgan.

Erdo‘g‘on noqonuniy hatti-harakat sodir etganini tan olmadi va “Sud ishi nima bilan tugashidan qat’iy nazar, biz to‘g‘ri ish qilganmiz. Biz embargoni buzmaganmiz”, deb aytdi.

Zarrob jinoiy sxema bo‘yicha operatsiyani amalga oshirish uchun Chag‘layanga 50 million dollardan ko‘proq pora berganini oshkor qildi.

Ayni paytda vazir bo‘lmagan Chag‘layan ayblovlarni inkor qilmoqda. U va yana olti nafar yuksak lavozimli amaldorlarga sirtdan ayb qo‘yildi.

Ayblanuvchilardan 34 yashar Zarrob va 47 yashar Atillagina ayni paytda Qo‘shma Shtatlarda sudga tortilmoqda.

Zarrob hakamlarga Eronga pul mablag‘larini oltin sotib olish uchun Turkiya Xalqbankiga joylashtirishda yordam berganini, keyinchalik oltinlar Dubayga noqonuniy tarzda olib borilib, naqd pulga ayirboshlanganini va Atilla bank operatsiyalarini amalga oshirishda o‘ziga ko‘maklashganini gapirib berdi.

XS
SM
MD
LG