Линклар

25 феврал 2018, Тошкент вақти: 16:36

Yolg‘on yangiliklar yoki ular haqidagi global munozaralar 2017 yilda avj oldi. Collins Dictionary hatto “yolg‘on yangilik” ( fake news) atamasini “yil so‘zi” deb belgiladi.

Rossiyani “barbod qilishni” ko‘zlovchi G‘arb fitnasi haqidagi yolg‘on xabarlardan tortib, Rossiya prezidenti Vladimir Putin sharafiga ulkan gamburger kampaniyasini boshlagan Nyu-York restorani haqidagi uydirmalarga Rossiyaning etakchi OAV, siyosatchilari va aholisi laqqa tushdi. Bunday yangiliklarning ayrimlari Rossiyada o‘ylab topilgan bo‘lsa, qolganlari boshqa yerda boshlanib, Rossiya hukumatiga qarashli telekanallar hamda xususiy nashrlar tomonidan yoyinlandi.

Quyida 2017 yilda Rossiyada shov-shuvga sabab bo‘lgan yolg‘on xabarlarning ayrimlari bilan tanishishingiz mumkin.

Barbod bo‘layotgan Rossiya

Avgust oyida Britaniyada chiqadigan The Guardian gazetasi saytiga o‘xshash ko‘rinishdagi saytda sobiq britaniyalik razvedkachisining G‘arb mamlakatlari Rossiyani parchalash fitnasini hozirlagani haqidagi hikoyasi chop etildi. Yolg‘on intervyuda MI-6 ning sobiq xodimi chala ingliz tilida AQSh va Britaniya Mixail Saakashvili hamda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush yordamida Rossiyani “qaytadan dizentegratsiya” qilmoqchi ekanligini ta’kidlagani iddao qilindi.

Bu xabarning yolg‘on ekanligi BuzzFeed kabi saytlarda tezda oshkor qilindi. The Guardian nashri ham ushbu hikoya soxta saytda chop etilgan yolg‘on ekanligini aytdi. Ammo bir necha rus nashri, jumladan, “REN-TV”, ushbu hikoyani haqiqat o‘laroq taqdim etdi.

Putin burgeri

7 oktabr kuni (Putin 65 ga kirgan kun) Rossiya hukumat telekanallari va xabar agentliklari Nyu-Yorkdagi restoranlardan biri Putin sharafiga maxsus besh qatli burger tayyorlaganini xabar qildi. Xabarlarga Russia Todayga tegishli Ruptly agentligi tayyorlagan video asos bo‘ldi. Videoda Lucyʼs Cantina Royale xodimi restoran 1 952 grammlik (Putin tug‘ilgan yil) gamburgerlarni mijozlarga tortayotganini ta’kidlagan.

“Rossiya-24” darrov G‘arbda Putinga bo‘lgan cheksiz hurmat haqida xabar qildi. Ammo rus jurnalisti Aleksey Kovalyov tezda ushbu xabar uydirma ekanligini fosh qildi. Restoran rasmiylari Putin sharafiga hech qanaqa burger tayyorlanmagani, uydirma ketida turgan xodimlar chetlatilganini bildirishdi. Keyinroq restoran xodimlaridan biri uydirma ortida turgani va ishdan haydalganini tan oldi. Videodagi xodimning ham ishdan haydalgani xabar qilindi. Pirovardida Ruptly nashri videoni o‘z saytidan olib tashladi.

Nobel laureati Alekseevichning o‘limi

May oyida Fransiya Madaniyat vaziri Fransuaz Nissenga tegishli ekanligini iddao qilgan Twitter sahifasi egasi belarus yozuvchisi va Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Alekseevich vafot etgani haqida yozdi.

Bir necha rus nashri, jumladan “Rossiyskaya Gazeta” va “RIA Novosti” tezda buni ko‘chirib bosdi. Ozodlik loyihasi bo‘lmish Current Time TV hamda bir necha Yevropa nashri ham bunga ishondi.

Ammo bu yolg‘on edi. 69 ga chiqqan Alekseevich Ozodlikning belarus xizmati bilan Seuldan turib suhbatlashdi va “kimningdir sabri chidamayotganini” aytdi. Buning ortidan italьyan jurnalisti Tommaso Debendetti uydirma muallifi ekanligini iddao qildi.

MH17 reysi haqida yana bir shubhali iddao

6 oktabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligining rasmiy teletarmog‘i o‘zini Ukraina havo kuchlari dezertiri deb ko‘rsatgan shaxsning iddaosini e’lon qildi. O‘zini Yuriy Batutin deb tanishtirgan shaxs Ukraina havo kuchlari 2014 yilning iyulida MH17 reysi otib tushurilishidan avval “Buk” raketa tizimini uchoqni urib tushira oladigan masofaga olib borganini ta’kidladi. “Zvezda” telekanali uchoqni Ukraina urib tushirganiga shama qildi.

Rossiya hukumati MH17 fojiasi haqida bir necha tasdiqlanmagan nazariyani ilgari surib keladi. 2014 yilning 17 iyulida MH17 reysi bilan parvoz qilayotgan Malayziya yo‘lovchi uchog‘i Ukraina sharqida otib tushirilib, samolyot bortidagi 298 kishining hammasi halok bo‘lgan edi. Amsterdamdan Kuala-Lumpurga ketayotgan yo‘lovchilarning mutlaq ko‘pchiligi Niderlandiya fuqarolari edi.

Niderlandiya tergovchilari uchoq Ukrainadagi rossiyaparast ayirmachilar tomonidan Rossiyada ishlab chiqarilgan “Buk” raketa tizimi yordamida urib tushirilgan¸ degan xulosaga kelgan. Rossiya tomoni bu voqeaga aloqasi yo‘qligini iddao qilib keladi. Xalqaro tergov guruhi “Buk” tizimi Rossiyadan Ukraina sharqiga olib o‘tilganini, uchoq urib tushirilganidan keyin, tezda Rossiyaga qaytib olib ketilganini dalillagan.

“Zvezda” telekanali hisobotini bir necha rus nashri tarqatdi. Ammo 24 soat ichida telekanal ushbu xabarni o‘chirib tashladi. Dekabr oyida uni qayta e’lon qildi va yana bir bor uchoqni Ukrina harbiylari urib tushirganini iddao qildi.

Suriya urushi (video) o‘yinlari

Rossiya Mudofaa vazirligi noyabr oyida AQShni “Islom davlati” bilan hamkorlik qilishda aybladi. Vazirlik Vashingtonni esktremistlarni himoyalashda ayblab, buning “isboti” o‘laroq Suriya-Iroq chegarasiga yo‘l olgan “Islom davlati” konvoyi suratlarini bo‘lishdi.

Ammo ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tezda suratlarning biri AC-130 Gunship Simulator:Special Ops Squadron video o‘yini uchun 2015 yil tayyorlangan reklama roligidan olinganini ko‘rsatib berishdi. Qolgan suratlar esa Iroq Mudofaa vazirligi 2016 yilda Falujja yaqinida o‘tkazgan amaliyot videosidan olingani dalillandi. Ijtimoiy tarmoqlarda mazax qilingan Rossiya Mudofaa vazirligi suratlarni o‘chirishga va ularning soxta ekanligini tan olishga majbur bo‘ldi.

Bin Ladin Oq uyda

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova noyabr oyida siyosiy tok-shou davomida Usama bin Ladin tirikligida Oq uyga tashrif buyurganini iddao qildi.

- Bin Ladin Oq uyda kutib olingani aks etgan fantastik, aql bovar qilmaydigan suratlarni eslang, - dedi Zaxarova.

Ammo kotib aynan qaysi suratlarni nazarda tutganini aytmadi. Rossiya matbuoti Zaxarova Hillari Klinton bin Ladin bilan qo‘l uchrashib turgani aks etgan Photoshopda tayyorlangan suratni nazarda tutganini taxmin qildi. Surat aslida musiqachi Chubhashish Muxerji surati bo‘lib, uning boshi o‘rniga Bin Ladinning 2004 yil olingan surati qo‘yilgan edi.

Bir necha kundan keyin Zaxarova bin Ladin shaxsan Oq uyga borgan demoqchi bo‘lmaganini, balki uning “hamkasblari, maslahatchilarini” nazarda tutganini aytdi va AQSh prezidenti Ronald Reygan afg‘on isyonchilar bilan uchrashgani aks etgan suratni tirkadi. Ammo surat 1983 yilda, ya’ni toliblar tashkil topishidan 9 yil oldin olingan edi.

Kalamush go‘shti matali

Oktabr oyida “RIA Novosti”da nashr muxbirining Niderlandiya matbuotida Rossiya haqidagi salbiy “propaganda”ga bag‘ishlangan g‘azabnok maqolasi chop etildi. “Moskvaliklar kalamush eydi: Yevropada kim Rossiya haqida yolg‘on xabar tarqatmoqda” deya nomlangan maqolada niderland gazetasida Moskvada nutriya (daryo kalamushi) go‘shtidan ovqat tayyorlovchi maqolaga asosiy e’tibor qaratilgan. Muallif Vladimir Kornilov niderlandcha maqolani o‘zgartirib, ayrim holatlarda esa ochiq-oydin yolg‘onlarni qo‘shib ta’rifladi. Kornilov maqolada G‘arb sanksiyalari tufayli Moskva turg‘unlari och qolayogani va shuning uchun kalamush go‘shtini eyayotgani yozilganini iddao qildi. Kornilov Niderlandiya matbuotini keskin tanqid qilar ekan, maqolasini “ulkan” deya ta’rifladi. Aslida maqola 400 so‘zdan oshiq emas edi.

Kornilov maqolasi haqida bir necha Rossiya nashri xabar qildi. Ammo original maqolada Tohir Xoliqberdievga tegishli restoranlar nutriya go‘shtidan tayyorlangan delikateslar haqidagina yozilgan edi. Rossiya matbuoti tanqidchisi Kovalyov o‘zining “Lapshesnimalochnaya” saytida “Agar G‘arb matbuoti aldamagan bo‘lsa, hechqisi yo‘q, ular o‘rniga biz aldaymiz va ularni bosh fosh qilamiz!” sarlavhasi bilan tandiqiy maqola chop etdi.

XS
SM
MD
LG