Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:13

Turkiyadan O‘zbekistonga berib yuborilgan boshpana izlovchi 15 yilga qamaldi


21 dekabrda Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Qarshi tuman sudi 38 yashar Erkin Avazovni 15 yilga ozodlikdan mahrum etdi. Qarshi tuman sudi xodimining Ozodlikka bildirishicha, hammasi bo‘lib uch kun davom etgan sud so‘ngida Erkin Avazov O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-moddasi 1-bandi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tarqatish), 159-modda (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish), 155-modda (Terrorizmni moliyalashtirish) va 246-moddada (Kontrabanda) aybdor deb topilgan.

Sud jarayonini yaqindan kuzatayotgan yaqinlariga ko‘ra, prokuror Erkin Avazovni Turkiyada yashayotgan paytda Suriyadagi jangarilarga mablag‘ yetkazib turganlikda ayblagan.

Advokat Menglijon Xolmirzaev Ozodlik bilan suhbatda u himoya qilgan Erkin Avazov sud jarayonida o‘ziga qo‘yilgan qo‘yilgan ayblovlarga iqror bo‘lganini bildirdi:

- Erkin Avazov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni tan oldi. O‘zining onasi oldida, o‘zining urug‘lari oldida, o‘zining avlodlari oldida, mahallasining oldida ochiq sudda o‘zining bergan ko‘rsatmasida, bayonotida tan oldi. Telefonida aniqlangan narsalar bo‘yicha, o‘zi saqlagan adabiyot bo‘yicha ekstremizm g‘oyalari mavjudligini o‘zi tan olgan. Bu holatlar bo‘yicha ekspertiza xulosasi bor, - dedi advokat Menglijon Xolmirzaev.

Advokat tergov jaraënida o‘z mijoziga nisbatan qiynoq qo‘llanilmaganini qo‘shimcha qildi.

Erkin Avazovning yaqin do‘sti Ozodlik bilan suhbatda chiqarilgan hukmdan taajjubga tushganini aytdi.

"Unga xorijdagi jangarilarga moliyaviy yordam bergan¸ degan ayblov qo‘yilibdi. Taajjubga tushdim. Chunki, men juda yaxshi bilaman, uning moliyaviy ahvoli juda og‘ir edi. O‘zimdan bir necha marta qarz olgandi. Ko‘plardan qarzi bor edi. Hatto, kvartira pulini to‘lashga ham qiynalardi," - dedi ismi sir qolishini istagan Erkin Avazovning do‘sti.

"Maxfiy" deportatsiya

Erkin Avazov 22 iyunda Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi
Erkin Avazov 22 iyunda Turkiyadan O‘zbekistonga deportatsiya qilingandi

Erkin Avazov shu yilning 22 iyunida Turkiyadan O‘zbekistonga “maxfiy tarzda” berib yuborilishi ortidan Toshkent aeroportida hibsga olingan edi.

Yaqinlariga ko‘ra, Erkin Avazov 2017 yilning aprel oyida Istanbulning Pendik mavzesida turk pollitsiyasi o‘tkazgan aksilterror reydlari paytida hibsga olingan.

Aksilterror reydlari yangi yil oqshomida Istanbuldagi “Reyna” tungi klubiga uyushtirilgan hujum ortidan boshlangan edi.

Turkiya Ichki ishlar vazirligi hujumga aloqadorlikda gumonlangan 780 kishi, jumladan 350 nafar xorij vatandoshi hibsxonalarda saqlanayotgani haqida ma’lum qilgandi.

Reydlarda ushlangan o‘nlab o‘zbekning aksari keyinchalik hech qanday ayblovsiz qo‘yib yuborilgan.

Ozodlik asli Qashqadaryodan bo‘lgan Erkin Avazovning hozirda Turkiyada qolgan rafiqasi bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi:

- Ikki bolam bilan Turkiyada qoldik. Xo‘jaynim shu yerda savdogarchilik qilardi. Ikki oy avval bizning rayonimizdagi reydlar payti politsiya ushlab, hujjati yo‘qligi uchun olib ketgandi. Endi O‘zbekistonga maxfiy tarzda berib yuboribdi, - deb aytgan edi Erkin Avazovning ismi sir qolishini istagan rafiqasi.

Erkin Avazov Turkiyaga 2014 yilda rafiqasi va ikki farzandi bilan Rossiyadan ko‘chib kelgan.

Turmush o‘rtog‘iga ko‘ra, "tirikchilik uchun" ular O‘zbekistondan Rossiyaga, keyin Turkiyaga kelishga majbur bo‘lganlar.

Turkiyada ekan Avazovlar oilasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining "boshpana izlovchi" maqomini olgandi.

Aka-uka Avazovlar 2013 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan
Aka-uka Avazovlar 2013 yildan buyon qidiruvda bo‘lgan

Ozodlikka taqdim etilgan rasmiy hujjatlardan Erkin Avazov va akasi Umid Avazovning diniy ekstremizm ayblovi bilan 2013 yildan buyon O‘zbekistonda qidiruvda bo‘lgani ko‘riladi.

41 yashar Umid Avazov¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ hozirda Rossiyaning Krasnoyarsk viloyati Berezovka shaharchasidagi maxsus jamloqda saqlanmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 25 yilligi munosabati bilan prezident Shavkat Mirziyoev 2 ming 700 nafar sudlanganlarni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzoldi.

Shu kungacha O‘zbekistonda deyarli har yili Mustaqillik kuni yoki Konstitutsiya kuni munosabati bilan amnistiya e’lon qilib kelingan.

Bu amnistiyalarga muvofiq, odatda, yoshi 60dan oshgan mahkumlar, jamiyat uchun o‘ta xavfli bo‘lmagan jinoyatlarga qo‘l urganlar ozod qilingan.

XS
SM
MD
LG