Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 15:44

O‘zbek elchilari "tualeti yo‘q" O‘zbekistonga kuniga ikkitadan turist yubora oladimi?


Berlindagi Xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekistonni reklama qilgan o‘zbek qizlari.
Berlindagi Xalqaro turizm ko‘rgazmasida O‘zbekistonni reklama qilgan o‘zbek qizlari.

“1 fevraldan boshlab elchilarning tizimi o‘zgaradi¸ vazifasi o‘zgaradi. Manga har kuni ikkita turist yuborsangiz¸ shu ham investitsiya”¸ dedi 22 dekabr kuni parlament va xalqqa qilgan yillik murojaatida prezident Shavkat Mirziyoev.

Elchilar “kuniga ikki turist”ni qanday olib kelmoqchi?

Murojaati davomida elchixonalarni kinoya bilan “siyosat bilan” shug‘ullanib¸ iqtisod¸ investitsiya masalalarini ikkinchi o‘ringa tushirganlikda ayblagan prezident tanqididan keyin¸ Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha¸ xorijdagi elchixonalar o‘z “biznes plani”¸ “yo‘l xaritalari”ni tuzmoqda.

Yevropa mamlakatlaridan biridagi o‘zbek elchixonasi xodimlaridan birining mikrofonsiz suhbatda aytishicha¸ prezident murojaatidagi gap bir yildan beri aytilayotgani uchun¸ katta yangilik bo‘lmagan. Elchixonalarda yil davomida turizmni rivojlantirishga oid ish rejasi tuzilgan va unga ko‘ra asosiy e’tibor mahalliy sayyohlik agentliklari bilan hamkorlik¸ O‘zbekiston turizm imkoniyatlarini targ‘ib qiluvchi tadbirlar o‘tkazishga qaratilgan.

Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasining turizm uchun mas’uli Ozodlik muxbirining prezident topshirig‘ini bajarish yuzasidan ko‘rilayotgan taklif va rejalarga oid savoliga “rasmiy murojaat bilan chiqsangiz¸ rasman javob olasiz”¸ degan javob bilan cheklandi.

Ozodlik bunday savol bilan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mutaxassisi¸ Toshkentdagi yirik sayyohlik shirkati va o‘zbekistonlik tahlilchiga murojaat qildi.

Prezident tomonidan “O‘zbekturizm”dan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga aylantirilgan tizim rasmiysi¸ sayyohlikni davlatga katta investitsiya olib keladigan sohaga aylantirishga qaratilgan ish muttasil borayotganini tatskidladi.

“Chexiya ham bir kunda turistlar uchun jozibador bo‘lib qolmagan. Sohada mavjud muammolarning hammasidan xabarimiz bor¸ ularni hal qilish uchun ish qilinayapti. Tugayotgan yilning 9 oyidagi o‘sish 26 foizga yetgani to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizni ko‘rsatadi”¸ degan qo‘mita mutaxassisi aniq raqamlarni berish so‘rovini rad etdi.

Muammolar o‘sha-o‘sha

Toshkentdagi¸ asosan rivojlangan davlatlardan kelayotgan sayyohlarga xizmat ko‘rsatuvchi xususiy sayyohlik agentligi rahbari Ozodlik bilan suhbatda¸ prezident bir yildan beri turizmni rivojlantirish haqida tinimsiz gapiratganiga qaramay¸ asl vaziyatda sezilarli o‘zgarish yo‘qligini bildirdi.

“O‘zbekistonga¸ asosan¸ yevropalik pensioner-qariyalar Toshkent uchun emas¸ Samarqand¸ Buxoroniyam bir ko‘ray¸ deb keladi. Afrosiyob tezyurar poezdini qo‘ydik¸ deyishadi. Lekin qachon qarasang¸ bu poezdga gruppa uchun bilet topish muammo. Bir tomoniga topilsa¸ qaytishiga yo‘q. Samolyot qimmat¸ uning borib-qaytish vaqtlari turist uchun qulay emas. Yengil mashinada olib boray desak¸ yo‘lda tualet¸ sanitariya qoidalariga mos ovqatlanish joylari yo‘q. Turkiyadan kelganlar¸ yo‘lda to‘xtab¸ tahorat olamiz deydi¸ sharoit yo‘q. Tualetga kirib¸ qusguday bo‘lib chiqadi. Elementar sharoit haliyam yo‘q¸” deydi rivojlangan davlatlardan kelatgan turistlar bilan ishlovchi turrfirma rahbari.

Bu suhbatdosh Toshkent aeroportidagi sharoitning yomonligi¸ biletlar qimmatligi¸ mehmonxona va restoranlar tizimining rivojlangan davlatdan keluvchilar standartiga mos emasligi kabi muammolarni tilga oldi.

“Tualet uchun kim mas’ul¸ bilmayman. Lekin nahotki Yevropadagiga o‘xshab¸ katta magistral yo‘l bo‘ylarida to‘xtash uchun toza-ozoda joylar qilib¸ o‘sha joyda ham tamaddixona¸ ham toza hojatxona¸ ham oyoqning chigalini yozadigan obod joy qilish shuncha qiyin! Mahalliy hokimliklar qilishi kerak deb o‘ylayman. Menga qolsa¸ tualet tashkil qilishni xususiy firmalarga bersin¸ chorasini topar”¸ deydi yillardan beri turistlar bilan ishlayotgan agentlik rahbari.

Tashviqot va tadbir bilan turist ko‘payadimi?

Yillardan beri Yevropada yashab kelayotgan o‘zbekistonlik tahlilchi¸ Mirziyoevning turizmni to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya darajasida talqin etayotganini olqishlaydi.

Ayni paytda¸ bu suhbatdosh¸ bir yildan beri taklif etilayotgan taklif va choralarning O‘zbekistonni sayyohlar tig‘iz mamlakatga aylantirishiga ishonmasligini aytadi.

Deylik¸ dunyoni ko‘rishga¸ tanishga qiziqqan yevropalik O‘zbekistonga borishni niyat qildi. Birinchisi¸ viza masalasi. Rivojlangan mamlakat aholisi bu masalada juda injiq¸ viza dahmazasi borligini eshitishi bilan niyatidan qaytadi. Mayli turagentsto orqali vizaga hujjat topshirib¸ unga 40 yevro to‘lashga rozi ham bo‘ldi¸ viza oldi ham¸ deylik. Keyingi bosqich¸ O‘zbekistonga bilet masalasi. Yevropadan Toshkentga “O‘zbekiston havo yo‘llari”dan boshqa deyarli birorta aviakompaniya uchmaydi¸ “Havo yo‘llari”ning monopoliyasi bu haliyam. Aeroportdagi parking¸ aviakerosin va katering narxini nihoyatda qimmat qilganidan keyin¸ hech kim uchmay qo‘ydi. Bu degani bilet qimmat¸ reyslar siyrak degani. 1000 dollarga yaqin biletni oldi ham deylik. Kelib qo‘nadigan aeroportini bir tasavvur qiling¸ Afrika davlatlaridagidan ham battar. Tiqilinch¸ to‘polon¸ yukini ololmay sarson¸ bu yoqda pasport¸ bu yoqda bojxona¸ bu yoqda melisa va MXX tekshiruvi. Aeroportdan mustaqil ravishda shaharga borish uchun qulay transport tizimi yo‘q. Dod-voy qilib mijoz talashadigan xususiy taksichilardan qo‘rqmay bo‘lmaydi. Amallab oteliga yetib oldi ham. Narxi qimmat¸ ovoragarchilik¸ rasmiyatchiligi ko‘p. Shahar aylanishga chiqsa¸ aksar joy¸ ayniqsa¸ tualetlarda antisanitariya. U yog‘ini istagancha davom ettiraverish mumkin¸” deydi O‘zbekistondagi infrastruktura vaziyatini tasvirlagan bu suhbatdosh.

Bunday vaziyatning yaqin orada tubdan o‘zgarmasligi va O‘zbekistonning ommaviy turizm manziliga aylana olmasligini ta’kidlagan bu tahlilchi¸ turizm sohasidagi prioritetni Yevropa va Osiyoning rivojlangan boy davlatlari emas¸ birinchi galda mintaqa va janub-sharqiy Osiyo qilib belgilashni taklif etadi.

Markaziy Osiyo aholisi 70 millionga yaqinlashib borayapti. Qo‘shnilarimizning ko‘pi Samarqand¸ Buxorodagi ziyoratgohlarni ko‘rishni orzu qiladi¸ yo‘llar ochiq va arzon bo‘lsa¸ jon deb borgisi keladi. Bu yana birinchi galda¸ vizalarni bekor qilish¸ Smartwings, EasyJetga o‘xshagan kichik-kichik xususiy aviakompaniyalarga yo‘l berish¸ yo‘llardagi to‘siqlarni olib tashlashga borib taqaladi. Bunday qarorni esa, na Tashqi ishlar vazirligi¸ na turizm qo‘mitasi bera oladi. Hamma sohani erkinlashtirish¸ liberallashtirish davlatning bosh siyosatiga aylansa¸ turizm ham buning samarasini sezmay qolmaydi”¸ deydi bu kuzatuvchi.

Mirziyoev: Turizm paxtachilikdan ko‘ra 10 baravar foydaliroq!

Noyabr oyida Samarqandda qilgan chiqishida prezident Mirziyoev 2017 yilning 9 oyi davomida Samarqand viloyatiga kelgan sayyohlar turli xizmat va tovarlar uchun jami 480 milliard so‘m sarflaganini tilga oldi.

Vaholanki, viloyatdagi barcha fermerlarning yil davomida og‘ir mehnat qilib yetishtirgan paxtasi hisobidan olgan foydasi atigi 52 milliard so‘mni tashkil etadi. Ana shu ikkita raqam misolida ham o‘zingiz yaqqol ko‘rib turibsizki, ilgari e’tibordan chetda bo‘lgan turizm – butun xalqimiz yil o‘n ikki oy ovora bo‘ladigan paxtachilikka nisbatan bir necha barobar ko‘p daromad keltiradi. Biroq, paxtachilikni kengaytirishning umuman iloji yo‘q bo‘lgani holda, Samarqandning salohiyatini inobatga olsak, turizmni rivojlantirish imkoniyatlari cheksizdir¸” dedi jumladan prezident.

Hokimiyatga kelishi bilan Mirziyoev sohani rivojlantirish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan ekani aytib kelingan ikki muammoni hal qilishga qaratilgan qarorlar qabul qildi.

2016 yilning 2 dekabr kuni Mirziyoev “O‘zbekiston Respublikasi sayyohlik sohasini rivojlantirishni tezlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni bilan 2017 yil 1 aprelidan 15 mamlakat vatandoshlari¸ shuningdek 12 davlatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun O‘zbekistonga kirish uchun viza tartibini bekor qildi.

Ammo oradan 20 kun o‘tib - 22 dekabr kungi boshqa bir farmon bilan prezident Mirziyoev bu qaror ijrosini 2021 yil 1 yanvarga qadar kechiktirdi.

Reuters agentligi o‘z diplomatik manbalariga tayanib¸ bu qarorning MXX raisi Rustam Inoyatov bosimi ostida bekor qilinganini xabar qildi.

Ayni shuningdek prezident Mirziyoev 30 iyun kungi qarori bilan Toshkentda joriy yil qurilishi boshlanishi belgilangan qariyb yangi milliard dollarlik yangi xalqaro aeroport loyihasini to‘xtatib qo‘ydi. Uyi buziladigan yuzlab oila malomatiga qolishni istamagan prezident qarori bilan yangi aeroport qurish o‘rniga¸ hozirgi “Vostochniy” (yangi nomi Islom Karimov) aeroporti bazasida fuqaro aviatsiyasining zamonaviy kompleksi barpo etiladigan bo‘ldi.

Ozodlikka bu qaror ortidagi sabablarni izohlagan hukumatga yaqin mulozim¸ yangi aeroportga ajratilgan hudud O‘zbekiston boshqaruvida ta’siri kuchli shaxslar biznesiga taalluqli bo‘lgani bois¸ qurilish ana shu shaxslar bosimi ostida bekor qilinganini bildirdi.

XS
SM
MD
LG