Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:34

OzodDayjest: Bahodir Yo‘ldoshev: Shayboniyxonga nisbatan salbiy munosabat o‘zgarishi kerak


Muhammad Shayboniyxon.
Muhammad Shayboniyxon.

Taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev O‘zbekiston Prezidentidan Shayboniyxonning qabrtoshini Rossiyadan keltirishni so‘radi. O‘zbek matbuoti xorijda ishlab yurganlarni vatanga qaytishga da’vat qilmoqda. Toshkent shahri va viloyatida 37 ta matbaa korxonasi guvohnomasi bekor qilindi.

_____________________________________________________________

Rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev: Shayboniyxonga nisbatan salbiy munosabatni o‘zgartirish kerak

​Taniqli rejissyor, O‘zbekiston xalq artisti Bahodir Yo‘ldoshev 1451-1510 yillarda yashagan hukmdor Shayboniyxon shaxsiga nisbatan salbiy munosabatni o‘zgartirish lozim, deb hisoblaydi (Darakchi, 28 dekabr). Ushbu tarixiy shaxs o‘tmishda qonxo‘r hukmdor, Bobur Mirzoning ashaddiy dushmani sifatida talqin qilingan. B. Yo‘ldoshevga ko‘ra, aslida Shayboniyxon Bobur Mirzo hayotini saqlab qolishga urinadi, temuriyzoda bilan jang qilganda ham uni qurshovdan chiqarib yuboradi.Registonning orqasida Shayboniylar daxmasi bo‘lgan, o‘sha yerdagi qabrtoshlarni sovet davrida Leningradga Ermitajga olib ketishgan. Juda chiroyli qabrtosh bo‘lgan. Endi zamon o‘zgardi, hukumatimiz, prezidentimiz iloji boricha qabrtoshni qaytarib olib keltirib, Shayboniyxon qabriga qo‘yishadi, deb o‘ylayman , degan rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev.

Matbuot: Erkaklar xorijda ishlab yursa, vatanda tobutni kim ko‘taradi?

Aksar erkaklar ishlash uchun xorijga ketgani bois O‘zbekistonning ayrim qishloqlarida og‘ir yumushlarni ayollar qilishiga to‘g‘ri kelmoqda (Jamiyat , 22 dekabr).Xudo ko‘rsatmasin, birov o‘lib-netib qolsa, bu turishda tobut ko‘tarish ham shu zaifalarning yelkasiga tushadimi? Nazarimizda, buni jiddiy o‘ylab ko‘radigan vaqt keldi. Yo‘qsa, yomon oqibatlarga olib keladigan muammolar girdobida qolishimiz tayin , deb yozadi gazeta. Maqolada erkaklar olis mamlakatlarda yurgani bois ko‘p sonli ayollar yakka-yolg‘izlikda ezilayotgani qayd etilgan va muhojirlikdagi yigitlar O‘zbekistonga qaytishga da’vat etilgan. Xo‘sh, ayollar nima qilsin? Axir, ular sizni kutishdan charchadi? Siz musofirlikdan charchamadingizmi? deya ehtirosli savollar quyiladi maqolada. Ammo muallif xorijda ishlayotgan ko‘p millionli o‘zbekistonliklar vatanga qaytib kelsa, ularni munosib ish bilan ta’minlash imkoni bormi, degan muhim masalaga e’tibor qaratmagan.

Toshkent shahri va viloyatida 37 ta matbaa korxonasi guvohnomasi bekor qilindi

Joriy yilning so‘nggi ikki oyi davomida Toshkent shahri va viloyatidagi 444 ta matbaa korxonasida monitoring o‘tkazilib, ulardan 37 tasining guvohnomasi bekor qilindi ( Hurriyat , 27 dekabr). O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi Axborot xizmatiga ko‘ra, monitoring tadbirlari noqonuniy matbaa faoliyati bilan shug‘ullanayotganlarni aniqlash, ishlab chiqarilayotgan matbaa mahsulotlarining standart talablarga mosligini o‘rganish, mazmunan sayoz, ma’naviyat va milliy qadriyatlarga mos kelmaydigan adabiyotlar tayyorlashning oldini olish maqsadida o‘tkazilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, mamlakatda 1800 dan ortiq matbaa korxonasi faoliyat ko‘rsatadi. Ular har yili 4 mingdan ortiq nomda 60 milliondan ziyod nusxada matbaa mahsulotlari ishlab chiqaradi.

XS
SM
MD
LG