Линклар

18 январ 2018, Тошкент вақти: 13:10

Toshkentlik ota qamoqdagi o‘g‘lini qiynoqqa solgan tergovchi jazolanishini talab qilmoqda

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Toshkentlik Shavkat Sultonov, hozirda Navoiydagi qamoqxonada jazo o‘tayotgan o‘g‘li 21 yashar Davron Sultonovga nisbatan tergov paytida dahshatli qiynoq qo‘llanilgani haqidagi shikoyati bilan, Oliy sudgacha borib adolat topmaganidan keyin, Ozodlikka murojaat qilganini 28 dekabr kungi suhbatda gapirib berdi.

- O‘g‘lim 2016 yil dekabrda jinoyatga aralashib qolib qo‘lga olinganda o‘lasi qilib urilgan. U hushidan ketgan o‘shanda. Keyin ROVDning binosiga oborib rosa urishgan. Ertalabgacha urishgan. Sog‘ joyini qoldirishmagan. Qon ketish boshlangandan keyin tergovchilar tez yordam chaqirishgan. Mana qo‘limda turibdi tez yordam spravkasi¸ deydi farzandi qiynoqlarga solinganidan shikoyat qilaverib charchaganini aytarkan Shavkat Sultonov.

Tergov paytida kaltaklangan Davron Sultonovga shoshilinch tibiy yordam ko‘rsatgan Toshkent shahar Ibn Sino nomidagi Birinchi klinik shifoxonasi bergan ma’lumotnoma Ozodlikda mavjud.

Ma’lumotnomada Sultonov Davronning 2016 yil 10 dekabr kuni xirurgiya xonasiga Shayxontoxur IIB xodimi tarafidan olib kelingani yoziladi. Hujjatga ko‘ra¸ “bemorga xirurg X.Ro‘zimetov tomonidan o‘ng oyoq son orqa yuzasi, o‘ng bilak, chap sohasidagi shilingan jarohat tashhisi qo‘yilgan”.

Hujjatda aytilishicha¸ “bemorga xirurg X. Ro‘zimetov tomonidan zarur yordam ko‘rsatilgan”.

Tibbiy ma’lumotnoma

Farzandi qiynoqqa solinganidan shikoyat qilgan Shavkat Sultonovning iddaosiga ko‘ra¸ o‘g‘li doktordan qaytib tergov izolyatoriga kelgan 11 dekabr tongida Shayxontoxur tuman IIB tergovchisi Firidun Shokirov uni yana kaltaklangan:

- O‘g‘limni yaralarini tikib, yod surib olib kelishsa, tergovchi Shokirov yana battar kaltaklab burnini sindirdi¸ deb iddao qildi suhbatdosh.

Qiynoq qo‘llanilgani aytilgan mahkum Davron Sultonov pasporti

Qiynoq qo‘llanilmagan

Toshkent shahar huquq-tartibot organlaridagi ismini aytishni istamagan mulozim Ozodlik bilan suhbatda¸ sud qarori bilan ozodlikdan mahrum qilingan mahkum Davron Sultonovga nisbatan qiynoq qo‘llanilmaganini aytdi:

- Texnik travma olgan u. Qo‘lga olish paytida qochaman deb yiqilib tushgan va IIB xodimlari uni tezda shifoxonaga olib borib tibbiy yordam ko‘rsatilishini ta’minlashgan. Qiynoqlar haqidagi shikoyat, tuman¸ shahar va Oliy sudda ko‘rilgan sud majlislarida inobatga olinmaganiga e’tibor qaratishingizni so‘raymiz¸ dedi Toshkent shahar huquq-tartibot organlaridagi ismini aytishni istamagan mulozim.

"Sud hukmi bilan Jinoyat kodeksining bir necha moddalari bo‘yicha aybli deb topilgan Davron Sultonov shu kunlarda Navoiydagi 9- zonada jazo o‘tamoqda¸ u sudda o‘z aybini to‘la bo‘yniga olgan", deb qo‘shimcha qildi mulozim.

Nima bo‘lgan edi?

Ozodlik tasarrufida mavjud bo‘lgan sud-tergov hujjatlarida 21 yashar mahkum Davron Sultonov O‘zbekiston Jinoyat kodeksiniing 165- moddasi (Tovlamachilik), 227-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish), 166- modda (talonchilik), 267- moddasi (Transport vositasini olib qochish) bo‘yicha ayblangani aytilgan.

Hukm qat’iy shikoyatga o‘rin yo‘q

Toshkent shahar huquq-tartibot organlaridagi ismi maqolada qayd etilishini istamagan mulozimning aytishicha¸ mahkum Davron Sultonov Toshkent shahridagi uyushgan jinoiy guruh tarkibida chet ellik mehmonlarni shantaj qilish jinoyatida ishtirok qilgan:

- Bu banda bir-biri bilan uzviy bog‘langan uch guruhdan iborat bo‘lgan. Birinchi guruh chet elliklarni topib ularga xata (maxsus kvartira) da fohishalar bilan pul evaziga ko‘ngil ochishni taklif qilgan. Ikkinchi guruhdagi yoshi 18 ga to‘lmagan qizlar fohisha rolida bo‘lishgan. Uchinchi gruppa esa go‘yoki maxsus hizmat SNB MVD xodimlari rolini o‘ynashgan. Chet elliklar qizlar bilan jinsiy aloqaga kirishgan paytda uchinchi guruppadagi tovlamachilar kelib chet elliklarni shantaj qilib katta pulini olishgan. Bu banda ushlangan paytda mahkum Sultonov o‘zining Neksiya mashinasida qochishga urinayotib IIB xodimini oyog‘ini bosib ketdi. Keyin u o‘z mashinasini tashlab¸ ko‘chada turgan begona kishining Matiz rusumidagi mashinasidan tushirib yuborib ugon qilgan (olib qochgan). Bu epizodlarni ko‘rib chiqqqan sud adolatli hukm chiqardi. Sultonovga 7 yilu 1 oy berildi.Bu Oliy sudda kassatsiya shikoyati asosida ko‘rilganda ham hukm kuchda qoldirildi¸ deydi mulozim.

Ozodlik tasarrufida tuman va shahar sudlari chiqargan hukm nushalari bor.

Bu hujjatlarga ko‘ra¸ Shayxontoxur tuman jinoyat ishlari sudining 2017 yil 27 apreldagi majlisida Davron Sultonov JKning uchta moddasida aybli deb topilgan va unga 8 yilu 6 oyga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bu hukm yuzasidan kassatsiya shikoyatini ko‘rib chiqqan Toshkent shahar jinoyat ishlari sudining 2017 yil 28 iyuldagi majlisi Davron Sultonovga berilgan jazoni yumshatib uni 7 yilu 1 oy ozodlikdan mahrum qilish to‘g‘risida hukm chiqargan.

Mahkumning yaqinlari bu hukm ustidan O‘zbekiston Oliy sudiga murojaat qilgan. O‘zbekiston Oliy sudi bu shikoyat yuzasidan joriy yil 29 noyabrida mahkumning otasiga rasmiy javob berib "Toshkent shahar jinoiy ishlar sudining hukmi o‘zgarishsiz qoldirilganini" bildirgan.

Mahkumning otasi¸ o‘g‘lining jinoyat qilganini tan olishini aytdi:

- Jinoyatga aralashib qolgani to‘g‘ri. Lekin mashina ugon masalasi bo‘rttirilgan. U mashina egasidan iltimos qilib mashinasini olib ketgan. Keyin mashinani egasiga o‘zim qaytarib oborib berdim. Mashina egasi tilxat yozib berdi. Mashina bardachogidagi 550 000 so‘mga ham tegilmagan.Mayli, mening o‘g‘lim jinoyat qildi¸ buni tan olaman. O‘g‘lim ham aybiga iqror bo‘ldi. Lekin nega uni urishdi?! Nega qiynoqqa solishdi?! Nega uni mayib qilishdi?! Nega sovuqlarda uni qaqshatishdi?! Prezidentimiz qiynoqlarga qarshi ma’ruza qilganini eshitib¸ bolamni qiynagan tergovchilar jazolanishini talab qilaman, dedi toshkentlik Shavkat Sultonov.

Shikoyatga o‘rin bor

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 22 yanvar kungi chiqishida qiynoqlarga butkul barham berilishini ta’kidlagan edi.

30 noyabrda esa prezident “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarnni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” farmonni imzolagan.

O‘zbekiston prezidenti farmoniga binoan tergov paytida qiynoq qo‘llash taqiqlanadi, shuningdek, qiynoq va noqonuniy yo‘llar bilan olingan ko‘rsatmalar sudda inobatga olinmaydi.

O‘g‘li qiynoqqa solingani yuzasidan turli instantsiyalarga shikoyat yozib charchagan Shavkat Sultonov bu farmon asosida o‘g‘lining ishi qayta ko‘rib chiqilishi va qiynoq qo‘llagan IIB xodimlari jazolanishini so‘ramoqda.

XS
SM
MD
LG