Линклар

19 январ 2018, Тошкент вақти: 00:59

Rossiya O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurmoqchi. Qachonligi noma’lum

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Belarus. Astravetsk Atom elektr stansiyasi.

Bu haqda xabar qilgan «Rosatom» davlat korporatsiyasi axborot xizmatiga ko‘ra¸ 29 dekabrda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohada hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolangan.

Hujjatni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Nodir Otajonov va «Rosatom» bosh direktori Aleksey Lixachev tomonidan imzolandi.

Bitim O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish sohasida ikki tomonlama o‘zaro aloqalar uchun huquqiy asos yaratadi.

«O‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalishlar orasida O‘zbekiston atom energetikasi uchun milliy infratuzilmani yaratish va takomillashtirish hamda kadrlarni tayyorlash, mamlakatda AES va tadqiqot reaktorlarini qurish, shuningdek ularni butun sikl davomida qo‘llab-quvvatlash kabilar bor», - deyiladi “Rosatom” tarqatgan xabarda.

Shuningdek, hamkorlikdagi ishlarning ehtimoliy yo‘nalishlari orasida O‘zbekiston mineral-xomashyo bazasini o‘rganish bilan uran konlarini qidirish va o‘zlashtirish, uran moddasini saqlash bo‘yicha maxsus joylarni asl holatiga qaytarish, radiofaol izotoplarni ishlab chiqarish va ularni sanoatda, tibbiyot hamda qishloq xo‘jaligida qo‘llash va boshqa ilmiy tadqiqotlar bor.

Bitimda aniq loyihalar va ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun qo‘shma ishchi guruhlarni tashkil etish, ekspertlar bilan almashish, seminarlarni tashkillashtirish ham nazarda tutilgan.

Karimov quyosh energiyasidan umidvor bo‘lgan edi

"Rossiya O‘zbekistonda AES quradi" degan gap-so‘zlar 2014 yilda Rossiya OAVlarida paydo bo‘lgani ortidan rasmiy Toshkent bu iddaolarni jiddiy rad qilgan edi.

2014 yilda “O‘zbekenergo” DAK matbuot xizmati “O‘zbekiston atom elektrostansiyasi qurishni rejalamagan” degan bayonot bilan chiqqan edi.

Bu bayonotda rasmiy Toshkent “insoniyat uchun istiqbolli bo‘lgan muqobil energiya tizimlarini rivojlantirish yo‘lida” ekanligi ta’kidlangan edi. Bunga misol o‘laroq prezident Islom Karimovning 2013 yilgi farmoni asosida Samarqandda qurilayotgan quyosh nurini elektr quvvatiga aylantiruvchi stantsiya haqida ma’lumot berilgan. Shuningdek, “O‘zbekenergo” Jizzaxda kuniga quyosh nuri bilan suv isitadigan 50 ming dona qurilma ishlab chiqaradigan qo‘shma korxona qurish rejalangani haqida yozgan edi.

Markaziy Osiyoda ilk AES?

Ayni paytda Markaziy Osiyo hududlarida atom elektr stansiyalari mavjud emas. Tengri-Nyus nashrining habar berishicha¸ Qozog‘istonda AES qurilishi joriy yilda boshlanadi. Xabarga ko‘ra¸ stansiya Sharqiy Qozog‘iston viloyati, Kurchatov shahrida Yaponiya texnologiyasi asosida qurilishi rejalangan. Tengri-Nyus nashrining yana bir xabariga ko‘ra, Qozog‘iston Tashqi Ishlar vazirligi xodimi Marat Sizdikov AES qurilishi Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) nazorati ostida bo‘lishini aytgan. Nashrga ko‘ra¸ Qozog‘istonning uran qazib olish bo‘yicha ko‘rsatkichlari atom energiyasidan tinch maqsadda foydalanish sohasida qo‘shimcha stimul yaratadi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ram Qozog‘istonda 2016 yili 24 ming tonna uran qazib olingan.

O‘zbekistonda AES qaerda quriladi? Qurilish qachon boshlanadi? O‘ta qimmat turuvchi bu ob’ekt qurilishi qaysi manba(lar)dan moliyalashtiriladi? Bu savollarga, hozircha, javob yo‘q.

XS
SM
MD
LG