Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:40

OzodDayjest: Toshkentda propiska muammosi bois malakali kadrlar xorijga ketib qolmoqda


170 ga yaqin omonatchi milliardlab mablag‘ini qaytarib ololmay sarson. Liberal-demokratik partiya nashri propiska institutini tanqid qildi. O‘zbekiston ekologik harakati o‘z faoliyatiga tanqidiy baho berdi. Joriy hafta matbuot shu kabi voqealar haqida yozdi.

_____________________________________________________________

170 ga yaqin omonatchi 6 yildan buyon milliardlab mablag‘ini qaytarib ololmayapti

167 nafar O‘zbekiston vatandoshi “Kredit ekspress” kredit uyushmasiga qo‘ygan milliardlab so‘m mablag‘ini 6 yildan buyon qaytarib ololmayapti (“Darakchi”, 4 yanvar). Vatandoshlar omonat mablag‘larini mazkur kredit uyushmasiga 2011 yilda qo‘ygan. O‘sha yilning iyulida Markaziy bank to‘satdan kredit uyushmasiga berilgan litsenziyani qaytarib olgan. Keyinroq kredit uyushmasi rahbarlariga nisbatan mablag‘ o‘zlashtirish, hujjatlarni soxtalashtirish kabi jinoyatlar bo‘yicha ish ochilgan. Aybdorlar zimmasiga omonatchilarga mablag‘larni qaytarish majburiyati yuklangan. Ammo oradan 6 yil o‘tsa-da, haqdorlar sarson bo‘lmoqda. 167 nafar omonatchi esa kredit uyushmasining bunday noqonuniy xatti-harakatlari uchun Markaziy bank ham mas’ul deb hisoblaydi. Ularga ko‘ra, haqlarni undirish bo‘yicha sud hukmi ijrosini bir necha yildan buyon bajarmay kelayotgan sud ijrochilari ham jazoga tortilishi lozim.

Xorijda O‘zbekistondagidek duch kelgan joyda propiska so‘ralmaydi

Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlarini tamomlagan iqtidorli yoshlar uchun poytaxt propiskasini olish eng og‘riqli muammo bo‘lib qolmoqda (“XXI asr”, 1 yanvar). Propiska vajidan mamlakat iste’dodlarni boy berayapti. “Bor umidlari armonga aylangan, yashin tezligida o‘tib ketguvchi “vaqtinchalik propiska”dan zada bo‘lgan umidli kadrlar, ayniqsa, biror tilni biladigan yosh jurnalistlar diplomini qo‘ltiqlab... ona qishlog‘iga emas, xorijga jo‘nab ketadi. Chet elda bizdagidek yetti pushtigacha so‘rab-netishmaydi, duch kelgan joyda “Propiskang bormi?” deyaverishmaydi”, deb yozadi liberal-demokratik partiya nashri. Bundan tashqari, diplomini sandiqqa tashlab qora ishning boshini tutganlar ham bor ekani qayd etilgan.

O‘zbekiston ekologik harakati o‘z faoliyatini tanqidiy baholadi

O‘zbekiston ekologik harakati Markaziy kengashi plenumida harakat faoliyati tanqidiy baholandi (“Jamiyat”, 2017 yil 29 dekabr). Qayd etilishicha, Ekologik harakat atrof-muhit muhofazasi, yer, suv va biologik resurslardan oqilona foydalanish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, chiqindilarni boshqarish borasida belgilangan ishlarni oxiriga etkazmagan. Shuningdek, dolzarb ekologik masalalarni xalq deputatlari mahalliy kengashlari muhokamasiga kiritish, jamoatchilik tinglovlarini tashkil etishga ham e’tibor qaratilmagan. Ekologik harakat raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari Boriy Alixonov harakat katta imkoniyatlarga ega ekani, ammo ular to‘liq ishga solinmaganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoev 2017 yil 22 dekabridagi parlamentga murojaatnomasida O‘zbekiston Ekologik harakati a’zolari Oliy Majlisga kvota, ya’ni maxsus ajratilgan o‘rinlar asosida kiritilayotgani bois sust ishlayotganini qayd etib, kvota amaliyotidan voz kechish vaqti kelganini aytgan edi.

XS
SM
MD
LG