Линклар

20 январ 2018, Тошкент вақти: 00:34

Shvetsiya matbuoti: Obidxon qorini o‘ldirishni buyurgan shaxs o‘lgan

  • Абдулла Искандар/Озодлик

2012 yil Shvetsiyada otib ketilgan Obid qori Nazarovning komadan chiqqandan keyingi surati

Shvetsiyada yashayotgan o‘zbekistonlik imom Obidxon qori Nazarovni 2012 yilda “o‘ldirishga buyruq bergan shaxsning o‘zi o‘lgan” Bu haqda bir qator shved OAVlari jumladan Thelocal nashri ma’lumot tarqatdi.

Shvetsiyadagi nufuzli Sverigesradioning Shvetsiya prokurori Krister Petersonga tayanib bildirishicha¸ "Shvetsiyada bir umrlik qamoq jazosini o‘tayotgan qotil Yuriy Jukovskiyga pul o‘tkazgan O‘zbekistondagi shaxsning 2017 yil mart oyida o‘lganligini Interpolning O‘zbekistondagi idorasi Shved adliya tizimiga rasman ma’lum qilgan. 4 yanvar kuni tarqatilgan ayni xabarda aytilishicha¸ Shved prokuraturasi “Obid Nazarovga suiqasd qilishga buyurtma bergan O‘zbekistonlik shaxsni qidiruvdan olib tashlagan”

Shvetsiya prokurori Krister Peterson Sverigesradiodagi chiqishida bu holatga qisman oydinlik kiritgan:

"(O‘zbekiston hukumatining) rasmiy versiyasi shuki, u (Qotilga buyurtma bergan shaxs) o‘lgan, shunday ekan, men bu odamni topaman deb o‘ylamayman. Boshqa ma’lumotni olmagunimcha, tergov vaqtincha to‘xtatildi. O‘zbekistondagi tizim bu suiqasd amaliga aloqador bo‘lganmi yo yo‘qmi degan savol javobsiz qolmoqda", - degan Peterson o‘zining Sverigesradiodagi chiqishida.

Obidxon qori politsiyaning doimiy himoyasi ostida

Ozodlik muhbiri 2017 yilning fevralida Obidxon qori Nazarovning o‘zi bilan qisqa muloqot qilib uning komadan chiqqani va doimiy politsiya qo‘riqlovi ostida yashayotgani haqida ma’lumot bergan edi.

2012 yilda suiqasdchi o‘qiga nishon bo‘lgan Obidxon qori murakkab jarrohlik amaliyoti ortidan omon qolgan, ammo uzoq vaqt komada bo‘lgan.

2014 yilda Obidxon qorining o‘g‘li Dovudxon Ozodlik studiyasidagi suhbatda otasining komadan chiqib vrachlar nazorati ostida ekanligini bildirgan edi.

Nima bo‘lgan edi?

Shvetsiyada tergovchilarining sudga taqdim qilgan ayblov hulosasiga ko‘ra, suiqasd harakatini O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan Yuriy Jukovskiy amalga oshirgan.

Hodisa ortidan Jukovskiy bir muddat Rossiyada yashirinib yurgan¸ lekin Rossiya hukumati uni Shvetsiyaga topshirgan edi.

2015 yilda Jukovskiy 18 yillik qamoq jazosiga hukm etildi. Obidxon Qori oila a’zaolarining shikoyati ortidan 2016 yilda bo‘lib o‘tgan apellyatsiya sudi jazoni bir umrlik qamoq jazosiga o‘zgartirdi.

Suiqasd buyurtmachisi kim?

2015 yil noyabrida Shvetsiya prokuraturasi Ostersund sudiga bergan ayblov xulosasida suiqasd ortida O‘zbekiston hukumati turganini bildirgan edi.

Sudda qatnashgan Ozodlik muxbirining aytishicha¸ Jukovskiy rasmiy Toshkent buyurtma berganini rad qilgan va uni "bir odamni" topish va videoga yozib olish vazifasi bilan Umidbek Aminov ismli kishi yo‘llaganini bildirgan edi.

Shvetsiya prokurori Krister Peterson Jukovskiyga pul o‘tkazib, Obid qorini o‘ldirishga buyurtma bergan shaxsning ismini matbuotga ochiqlamadi.

Ozodlik 5 yanvar kuni Interpolning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan bog‘lanib, bu yuzadan izoh so‘radi. Ozodlik bilan gaplashgan mulozim bu borada izoh bera olmasligini bildirdi.

Jukovskiy ustidan hukm chiqarilgan 2016 yil, mart oyidagi sud majlisida qatnashgan Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ Obidxon qorini o‘ldirish buyrug‘ini bergan kishi O‘zbekiston vatandoshi Umidbek Aminov ekani va u qidiruvga berilgani prokuror tarafidan sud jarayonida aytilgan.

Obid Nazarovga o‘q uzilgan to‘pponcha
Obid Nazarovga o‘q uzilgan to‘pponcha

Obidxon qori Nazarov haqida

Hozir 60 yoshga kirgan Obidxon qori Sobitxon o‘g‘li asli namanganlik, oddiy hunarmand oilasida tug‘ilgan.

1980-1984 yillarda Obidxon qori Toshkent Islom oliy ma’hadida ta’lim olgan.

1985-1990-yillari Toshkentdagi “Tillashayx” jome masjidida imom noibi, 1990-1996-yillarda esa “To‘xtaboy” jome masjidida imom-xatib sifatida faoliyat yuritgan. Tarafdorlarining fikricha, u imomlik paytida haq so‘zni aytishdan tiyilmagan va o‘sha kezlardayoq rejimni ochiq, keskin tanqid qilgani uchun O‘zbekistonda tanilgan.

Obidxon qori 1990- o‘rtalaridan boshlab O‘zbekiston maxsus xizmatlari ta’qibi ostiga olingan.1998 yilning bahorida esa O‘zbekistonni tark etgan.

2000 yilda qo‘shni Qozog‘istonga o‘tib, u yerda 2006 yil bahoriga qadar yashirin hayot kechirgan. 2006 yilning martida BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha oliy komissarligi tomonidan qochqin, deb tan olingan va Shvetsiyadan siyosiy boshpana olgan edi.

Shuningdek, 1992-1998 yillar davomida Obidxon qori “Ozodlik” radiosining diniy dasturini olib borgan va tinglovchilarni Qur’oni karim tafsiri bilan tanishtirgan edi.

XS
SM
MD
LG