Линклар

19 январ 2018, Тошкент вақти: 02:56

Farg‘ona viloyat, Farg‘ona tuman huquq-tartibot organlaridan olingan ma’lumotga qaraganda, o‘tgan yil 19 dekabrda Farg‘ona shahrida o‘zini jurnalistman, deb tanishtirgan N. A. hibsga olingan.

Ma’lum bo‘lishicha, 61 yashar shaxs Farg‘ona shahridagi “Do‘stlik” mehmonxonasi yonida viloyatning Farg‘ona tumanidagi 32-bog‘cha mudirasidan 800 dollar miqdorida pora olayotgan paytda prokuratura va MXX xodimlari tomonidan ushlangan.

32-bolalar bog‘chasi murabbiylaridan birining aytishicha, N. A. dekabr oyi boshida ushbu muassasaga tekshiruvga borib, qish-bahor mavsumiga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etarlicha jamg‘arilmaganini aniqlagan.

N.A. qish-bahor mavsumidagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zahirasini shakllantirish borasidagi ahvolni o‘rganish uchun bog‘chamizni tekshirishga keldi. “Tafsilot press” gazetasi muharriri ekanini aytib, hujjat ko‘rsatdi. Rejada ko‘rsatilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari jamg‘arilganligi holati matbuotda yoritmaslik evaziga 1500 AQSh dollari talab qildi. Biz bu haqda tegishli organlarni xabardor qildik,“ dedi ismi sir qolishini so‘ragan boshlang‘ich ta’lim muassasasi xodimasi.

Farg‘ona tuman huquq-tartibot organlaridan birida ishlovchi xodim ma’lumotiga qaraganda, olingan ma’lumot asosida “qo‘shma tadbir” amalga oshirilgan:

19 dekabr kuni olingan ma’lumotlarga asosan Farg‘ona tuman Milliy xavfsizlik xizmati prokuratura qoshidagi Departament xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan qo‘shma tadbir davomida “Tafsilot Press” gazetasi muharriri A. N. S. 800 AQSh dollarini Farg‘ona shahar “Do‘stlik” mehmonxonasi oldida olgan vaqtda ushlandi,” dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olingan shaxs ustidan tergov jarayonida poraxo‘rlik bo‘yicha boshqa holatlar ham aniqlangan.

Farg‘ona viloyat Tergov boshqarmasiga jo‘natganimizdan keyin holatlari ozgina ko‘payib, boshqa tuman, viloyat hududlaridayam shu turdagi jinoyatni sodir etganligi bo‘yicha ma’lumotlar bo‘lgani aniqlandi. Shu sababli Ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamentiga yuborildi,” dedi u.

Xodimning qo‘shimcha qilishicha, tekshiruv jarayonida “Tafsilot press” nomli gazetaning umuman mavjud emasligi ma’lum bo‘lgan.

Ozodlik O‘zbekistondagi Ommaviy axborot vositalari reestrida ham “Tafsilot press” nomli gazeta yo‘qligini aniqladi.

Voqeadan xabardor Toshkentdan huquq faoli Abdurahmon Tashanovning aytishicha, hibsga olingan shaxs oxirgi paytlarda turli ommaviy axborot vositalariga tijoriy reklama berish istagida bo‘lgan shirkatlar bilan hamkorlik qilgan:

- Men Farg‘onada bir jurnalist hamkasbimiz qamalipti, degan gapni eshitgandan keyin ko‘pchilik jurnalistlardan uning qaerdanligini bilgandan keyin, qishloqdoshlaridan so‘radim, lekin, afsuski, ko‘pchilik uni tanimadi. U bilan avval ishlagan jurnalistlardan so‘raganimda, bu jurnalist gazeta va jurnallarda keyingi paytlarda paydo bo‘lgan biznes va tijorat bo‘limlariga pul tushirish bilan shug‘ullanganini aytishdi. Ya’ni, homiylik va reklama asosida tushirilgan pullardan ma’lum bir foizini olib tirikchilik qiladigan xodim bo‘lgan ekan, - dedi Abdurahmon Tashanov.

XS
SM
MD
LG