Линклар

21 январ 2018, Тошкент вақти: 11:23

Gaz va elektr qimmatlashi ortidan ba’zi tadbirkorlar ishlab chiqarishni to‘xtatdi

  • Абдулла Искандар/Озодлик

Chiqindilarni qayta ishlaydigan ba’zi tadbirkorlar ham elektr quvvati uchun tariflar oshgani bois o‘z ishini to‘xtatdi.

Vazirlar Mahkamasining "Tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish va realizatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ortidan ba’zi kichik tadbirkorlar ishlab chiqarishni to‘xtatdi. Ozodlik suhbatlashgan Toshkent va Urganchdagi ikki tadbirkor aynan shu qaror bois ishlab chiqarishni to‘xtatganini aytib berdi.

Tadbirkorlardan biri, 46 yashar Ulug‘bek Urganchda betondan trotuar uchun dekorativ bruschatka ishlab chiqaradi. Ozodlik bilan suhbaatda Ulug‘bek vaqtincha ishlab chiqarishni to‘xtatganini aytdi:

- To‘lovlar oshgandan keyin bruschatka o‘zini oqlamay qoldi. Tannarx oshdi. Bruschatka ishlab chiqarishda ham gaz¸ ham elektr sarfi katta. Bruschatka katta bosimli bug‘ yordamida hosil bo‘ladi. Stanok esa elektr bilan ishlaydi. Gaz narxi to‘rt marta oshdi. Hozir to‘xtatdim ishlab chiqarishni¸ dedi tadbirkor.

Yana bir tadbirkor esa, Toshkentda yashaydi. Ozodlik bilan suhbatda 40 yashar Shuhrat plastik granulalardan to‘shama va qoplama maxsulotlar ishlab chiqarib kelgani va shu kunlarda ishini to‘xtatganligini ta’kidladi:

- Plastik gilam va boshqa qoplamalar ishlab chiqarish jarayonida ko‘p miqdorda elektr sarflanadi. Bosh vazirning dekabrdagi 1025-sonli qarori asosida elektrga pul to‘lash biz uchun foyda keltirmaydigan bo‘lib qoldi. Oy uchun 100 foiz predoplata qiling deyishdi. Limit qo‘yishdi. Limitdan oshsang yana to‘lov. Chas-pikda elektr qo‘llansang qimmat tarif. Ishni to‘xtatdim¸ dedi suhbatdosh.

Ishchilar bekor qoldi

Bu ikki tadbirkor qo‘lida ishlaydigan yigirmaga yaqin ishchi shu kunlarda bekor qolishgan. “Bahorgacha kutaman agar vaziyat o‘zgarmasa ishchilarni bo‘shatib bruschatka ishlab chiqaradigan texno-liniyani sotib yuboraman”, dedi urganchlik Ulug‘bek Ozodlik bilan suhbatda.

Boshqa tadbirkorlar ham taraddudda

Ulug‘bekning aytishicha¸ viloyatda ohak va shpaklevka ishlab chiqaradigan sexlar ham ¸ energiya uchun to‘lovlar ortgani bois ishini to‘xtatgan.

Bosh vazir Abdulla Aripov 2017 yilning 27 dekabrida imzolagan qaror ilovasida “Tabiiy gaz va elektr energiyasini realizatsiya qilishda ularga nisbatan narx belgilashning alohida tartibi belgilangan” tashkilotlar ro‘yxati keltirilgan.

Qurilish uchun zarur gips-karton, keramika plitalari, bruschatka, keramik cherepitsa, va quvur ishlab chiqaruvchi korxonalarga ham elektr va gaz uchun oshirilgan to‘lov belgilangan.

Qurilish mollarining narhi oshadi

Toshkentdagi qurilish mollari bozorida ishlaydigan va o‘zini Saidazim Otabekov deb tanishtirgan savdogar nazarida bu qaror qurilish mollari qimmatlashuvi va mahalliy ishlab chiqarish pasayishiga olib keladi:

- Quvur¸ cherepitsa degan mollarni o‘zimizdagi sexlarda chiqarishadi. Hatto kafel plitalarimiz Ispaniyadagi plitalar darajasiga ham yetib qoluvdi. Endi bular ishni to‘xtatsa bozordagi narhlar oshadi. Qozog‘istondan olib kelib sotamiz¸ qozoq tadbirkorini yanada boyitadigan qaror bo‘libdi bu, - dedi mahalliy savdogar Ozodlik bilan suhbatda.

Gaz va elektrga qaram bo‘lmagan sexlarga yashil chiroq yoqiladimi?

Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumanida ishlaydigan va o‘zini Navro‘zbek deb tanishtirgan tadbirkorning aytishicha¸ bu qaror ishlab chiqarishning “elektr va gazga qaram bo‘lmagan” turlari uchun stimul bo‘lishini uqtirdi:

- Men gaz va elektr ishlatmasdan pishiq g‘isht ishlab chiqardim. Xom g‘ishtlardan ota buva uslubida humbuz yasab g‘isht pishirdim. Ko‘mir ketdi holos. Bizda gazning bosimi bo‘lmagani uchun shu ishga qo‘l uruvdim. Bugun hisoblab ko‘rsam, o‘zini oqlab foyda olib kelyapti¸ dedi tadbirkor.

Navro‘zbek o‘zi bilmagan holda Bosh vazir qaroridagi bir bandni targ‘ib qildi:

Qarorda yoqilg‘ining muqobil turlaridan (ko‘mirdan) foydalanish to‘g‘risida xulosalar berilishini ta’minlash ko‘rsatilgan.

***

O‘zbekistonda 2018 yil 1 yanvardan tadbirkorlar foydalanilgan tabiiy gaz uchun to‘lovlarni yangi tariflar bo‘yicha amalga oshiradi. Bu haqda «O‘ztransgaz» AJ ga tayanib, Kun.uz xabar qildi.

«O‘ztransgaz» Aksiyadorlik jamiyati shuni ma’lum qiladiki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 dekabrdagi «Tabiiy gaz va elektr energiyasi yetkazib berish va realizatsiya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 1025-sonli qaroriga muvofiq iste’molchilarning ayrim toifalariga 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab tabiiy gaz uchun oshirilgan tariflar belgilandi», deyilgan xabarda.

Endilikda, pishirilgan g‘isht, asfalt, sement ishlab chiqaruvchi, gips va ohaktosh qazib olib, qayta ishlovchi, beton va temir-beton ishlab chiqaruvchi korxonalar, issiqxona va issiqxona-parnik xo‘jaliklari, chinni va fayansdan buyumlar ishlab chiqaruvchi korxonalar, gips-karton, yo‘lakbosh va keramika plitalari, bruschatkalar, keramik va tsement-qum cherepitsalar, quruq qurilish aralashmalari, shuningdek, quvur buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalar, muayyan xizmatlar ko‘rsatuvchi restoranlar, kafelar va boshqa umumiy ovqatlanish ob’ektlari (mehmonxonalar va ularga tegishli bo‘lgan ob’ektlar bundan mustasno)ga tabiiy gaz to‘lovi 1 kub.m uchun 1000 so‘m etib belgilandi.

Ma’lumot uchun, bungacha, 2017 yilning 15 iyulidan e’tiboran iste’molchi tashkilotlar uchun 1 kub.m tabiiy gaz narxi 263,4 so‘m edi. Shu tariqa, narxlar tabiiy gaz uchun qariyb 4 baravar oshmoqda.

Endilikda, ro‘yxatda sanab o‘tilgan ishlab chiqaruvchilar xarajatlar oshishiga mos ravishda mahsulotlar narxini ham keskin ko‘tarishini kutish mumkin.

Hozircha aholiga yetkazib beriladigan tabiiy gaz tariflari oshirilgani haqida ma’lum emas. Oxirgi marta, o‘tgan yilning yozida aholiga beriladigan tabiiy gazning 1 kubometri hisoblagich bo‘lgan holda 246,1 so‘mdan 263,4 so‘mga oshgandi.

Hukumat qaroriga binoan, yuqorida tilga olingan korxonalar uchun elektr quvvati tariflari ham oshirilgan.

XS
SM
MD
LG