Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2018, Тошкент вақти: 10:39

AQSh matbuotiga ko‘ra, maxsus prokuror Robert Myuller Oq Uy rasmiylarini prezident Donald Trampni so‘roq qilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Ayni paytda Myuller boshchiligidagi tergov guruhi 2016 yilgi prezident saylovi kampaniyasiga Rossiyaning ehtimoliy aralashuvini tergov qilmoqda.

AQSh ommaviy axborot vositalari (OAV)ning 8 yanvarda "mavzudan xabardor kishilar"ga iqtibosan ma’lum qilishicha, tergov guruhi Trampning advokatlari bilan yaqinda bo‘lib o‘tgan muzokara chog‘ida tez orada so‘roq uchun talabnoma yuborilishi mumkinligini aytgan. Lekin hali tergov qilish uchun na sana belgilangan va uchrashuv vaqti haqida biror kelishuvga erishilgan.

Oq Uy rasmiylari ushbu muzokara Myullerning 2016 yilgi prezident sayloviga Rossiyaning ehtimoliy aralashuvi bo‘yicha tergov ishlari nihoyasiga etayotganini anglatishini aytmoqda, deb xabar beradi OAV.

Sobiq prezident Bill Klinton bilan bog‘liq ish tergov qilinganda uning o‘zi eng oxirida so‘roq qilingan edi. Tramp va uning advokatlari Rossiya bilan biror maxfiy kelishuv bo‘lganini qayta-qayta rad etdi va Myuller boshchiligidagi tergovchilar bilan to‘liq hamkorlik qilishga va’da berdi.

6 yanvar kungi matbuot konferensiyasida Trampdan uni Myuller so‘roq qilishi mumkinligi haqida so‘ralganda, u buni istisno qilmadi:

– Hech qanday kelishuv bo‘lgani ham, jinoyat sodir etilgani ham yo‘q. Biz hamma ishni ochiq qilganmiz. Biz bu ishni ikki yo‘l bilan qilishimiz mumkin edi: yopiq tarzda ish yuritishimiz mumkin edi, buning uchun esa ko‘p yillar kerak bo‘lar edi, – dedi Tramp. – Lekin noto‘g‘ri ish qilmaganimizdan keyin, kelinglar, hamma narsa haqida ochiq gapirib, muammoni hal etaylik.

Oq Uy yuristi Tay Kobb 8 yanvar kuni tarqatgan bayonotda aytilishicha, Oq Uy Trampning Myuller bilan suhbatlari mazmunini oshkor qilmaydi, ammo Rossiya bilan bog‘liq tergovni "tezroq tugatish uchun yordam berish maqsadida" hamkorlikni davom ettirmoqda.

Tramp hech qanday jinoyat sodir etmaganini iddao qilayotgan bir paytda, rasmiylar Myuller bilan suhbat prezident uchun xavfli bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Chunki uning o‘zi vaqti-vaqti bilan "haqqoniy mubolag‘a" yoki "begunoh bo‘rttirish"dan foydalanishini tan olgan edi.

Myuller Trampning to‘rt nafar sobiq maslahatchisiga ayblov e’lon qildi, ularning barchasi so‘roq paytida yolg‘on guvohlik bergani aytilmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Tramp advokatlari Myullerning tergovchilari bilan shaxsan gaplashish xavfli ekanini inobatga olib, savollarga javoblar yozma ravishda berilishini afzal bilmoqda.

Aslida o‘tgan yil may oyida tayinlangan Myullerning vazifasi Tramp yordamchilari Rossiya bilan maxfiy til biriktirgani yoki biriktirmaganini aniqlashdan iborat. Ammo OAV bildirishicha, u Tramp turli yo‘llar bilan tergovga xalaqit bergan yoki bermaganini ham surishtirmoqda, chunki prezident Myuller maxsus prokuror etib tayinlanishidan oldin mazkur ishni tergov qilayotgan sobiq FTB direktori Jeyms Komini lavozimidan chetlatgan edi.

Qo‘shma Shtatlarda odil sudlovga xalaqit berish jinoyat hisoblanadi. Komi Trampning o‘zi o‘tkazayotgan tergov ishiga aralashmoqchi bo‘lganini aytgan edi. U chetlatilishidan bir necha oy oldin guvohlik berishicha, Tramp o‘ziga, milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn ishi yuzasidan tergovni tugatishga umid qilyapman, degan.

Tramp Flinning ishi bo‘yicha tergovni to‘xtatishni iltimos qilganini rad etdi. Prezident maslahatchilaridan biri Flinnga o‘tgan yil oxirida ayblov e’lon qilindi. Xabar berilishicha, Flinn endi tergovchilar bilan hamkorlik qilmoqda.

Tergovchilar yaqinda ayni paytda Oq Uyda ishlayotgan va sobiq maslahatchilar, jumladan, apparat boshlig‘i Reyns Praybus va prezidentning kuyovi Jared Kushnerni so‘roq qildi.

XS
SM
MD
LG