Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:09

OzodDayjest: DMT imtihonlarda korrupsiya mavjud bo‘lib kelganini tan oldi


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Davlat test markazi bu yil imtihonlarda korruptsiya bo‘lmasligiga va’da berdi. Andijonda guvohnomasiz rulga o‘tirgan ayol bir piyodani bosib ketdi. Teatr aktyori spektakllarga hokimlar kelib, boshqalarga ibrat bo‘lishi lozimligini aytdi.

_____________________________________________________________

Davlat test markazi imtihonlarda korrupsiya mavjud bo‘lib kelganini e’tirof etdi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori o‘rinbosari Qahramon Haqberdiev bu yil oliy o‘quv yurtlariga qabul imtihonlarida korrupsiya bilan bog‘liq holatlarga yo‘l qo‘yilmasligini bildirdi (“Oila davrasida”, 11 yanvar). “Abiturientlar sonining yildan-yilga ortishi va imtihon bir kunda bo‘lgani uchun testlar turli tarqoq binolarda o‘tishiga sabab bo‘ldi. Bu esa ularning adolatli o‘tishiga xalaqit berib keldi. Endi markazimizda Korrupsiyaga qarshi komissiya ish olib bormoqda”, degan Q.Haqberdiev. Davlat test markazi yillar davomida test tizimida adolatsizliklar va korrupsiya urchiganini rad etib kelgan. O‘zbekiston Prezidentining tanqididan keyin Davlat test markazi ham kamchiliklarni tan olishga majbur bo‘lmoqda. 2018 yilda test jarayoni 1 avgustdan 15 avgustga qadar yaxlit katta zallarda videokuzatuv ostida o‘tkazilishi ma’lum qilingan. Natijalar esa imtihonning ertasigayoq e’lon qilinishi kutilmoqda.

Andijonda guvohnomasiz rulga o‘tirgan ayol piyodaning o‘limiga sabab bo‘ldi

Andijon shahrida yashovchi ayol guvohnomasiz mashina boshqarib ketayotib 24 yoshli piyodani urib yubordi (“Postda”, 6 yanvar). Tafsilotlarga ko‘ra, Bog‘ishamolda dam olmoqchi bo‘lgan uch nafar qarindosh ayol tanishlaridan sayohatga olib borib kelishni iltimos qilgan. Shu tariqa ayollar “Kobalt” avtomashinasida safarga chiqishgan. Yo‘lda ayollardan biri tanish haydovchidan mashina minishni o‘rgatishni so‘ragan va rulga o‘tirgan. Ammo chorrahalardan birida tormoz o‘rniga gazni bosib, yo‘lni kesib o‘tayotgan piyodani urib yuborgan. Tibbiy yordam ko‘rsatilishiga qaramay, 24 yoshli piyoda vafot etgan. IIV nashri guvohnomasiz mashina haydash, guvohnomasi bo‘lmagan shaxslarga mashina boshqaruvini topshirishdan qaytargan.

Muqimiy teatri aktyori: Spektakllarga hokimlar kelib, boshqalarga ibrat bo‘lsin

Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatri unutilgan maskanga aylandi, o‘z vaqtida gurkiragan teatrning nufuzini yana qaytarish uchun esa o‘n yillik strategiya ishlab chiqish kerak (“Darakchi”, 11 yanvar). Bu haqda teatr aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Aleksandr Bekchanov intervyusida ma’lum qilgan. “Hokim, tashkilot direktori odamlarga o‘rnak bo‘lib, spektakllarimizni ko‘rgani kelsa, xalqning teatrga bo‘lgan e’tibori ortadi. Teatrlarga tomoshabinni qaytarish kerak... Shu teatrda ishlayotganimga 35 yil bo‘ldi. Shu vaqt mobaynida qanchadan-qancha direktoru bosh rejissyorlar ishlab ketdi. Ular orasidan musiqaning “m” harfini bilmaydiganlarni ham ko‘rganmiz. Teatr xodimlari o‘zimizni tajribaga boqilgan quyondek his qilamiz”, degan aktyor A.Bekchanov.

XS
SM
MD
LG