Линклар

19 январ 2018, Тошкент вақти: 01:01

Mulozim: Soliq to‘lamay yurgan duradgor oqlanadi, o‘g‘irlangan pullar kechirilmaydi!

  • Абдулла Искандар/Озодлик

2017 yilda Turkiyaga million dollar olib kirmoqchi bo‘lganida Istanbul aeroportida ushlangan edi.

Toshkentdagi Xalqaro press-klubning joriy haftadagi sessiyasida chiqish qilgan Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzaev «yashirin iqtisod cho‘ntagidagi pulni ochiq iqtisodga yo‘naltirish stimullari» haqida gapirdi.

Mirzaevning ayni tadbirda ta’kidlashicha¸ «bugungi kunda yashirin iqtisodiyotning O‘zbekiston Ichki yalpi mahsulotidagi hajmi 50 foizni» tashkil qiladi. Mahalliy muxbirlar savoliga javob qaytargan Mirzaev «O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda shu vaqtga qadar yashirincha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan o‘zbekistonliklar uchun moliyaviy amnistiya choralari ko‘rish rejalashtirilmoqda» degan fikrni bildirdi.

O‘tgan yilning 8 dekabrida Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan parlamentdagi chiqishida mamlakat prezidenti Mirziyoev "Agar kimdir mamlakatga bir vagon valyuta olib kelsayu, uni tekshirishsa, hammasini shu zahoti ishdan olaman!" degan edi.

Ayni paytda Ozodlik suhbatlashgan rasmiylar va tahlilchilar¸ prezidentning gapi bilan mavjud qonunchilik orasida katta masofa borligini aytishdi.

Bir vagon pulni O‘zbekistonga olib kirish mumkin. Faqat deklaratsiyada ko‘rsatishingiz lozim.

O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasidagi Ozodlik suhbatlashgan mulozim mamlakatga valyuta olib kirish qat’iy tartibda amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratdi. Ismi efirda aytilmasligini istagan mulozimning aytishicha, «O‘zbekiston hududiga kirib kelayotgan har bir shaxs bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishi va o‘zi bilan olib kirayotgan buyum va valyutalar haqida ma’lumotni ko‘rsatishi shart.»

Mulozimga ko‘ra¸ valyuta deklaratsiyada ko‘rsatilmagan bo‘lsa ular olib qo‘yiladi.

“Ko‘plar o‘zlari bilan olib kelayotgan valyuta miqdorini bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatishdan qo‘rqishadi. Yoningizda qancha pul bo‘lsa ham qo‘rqmay deklaratsiyada ko‘rsatishingiz mumkin. O‘zbekiston hududiga valyuta olib kirishda hech qanday cheklov yo‘q. Istaganingizcha pul bilan kirishingiz mumkin”, dedi bojxona vakili.

Iqtisodiyot vaziri 1- o‘rinbosari bayonotini uning yordamchisi inkor etdi

O‘zbekiston Iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzaev Xalqaro press-klub sessiyasida O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda shu vaqtga qadar yashirincha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan o‘zbekistonliklar uchun moliyaviy amnistiya choralari ko‘rish rejalashtirilayotgani haqida bildirdi.

Shuningdek, mulozim bu haqda KUN.UZ muxbiriga bergan blits- intervyusida ham ta’kidladi.

Ozodlik muxbiri Iqtisodiyot vaziri birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzaevning yordamchisi, o‘zini Feruzbek, deb tanishtirgan mulozim bilan suhbatlashdi. Mulozim vazirlikda «moliyaviy amnistiya» haqida hech qanday hujjat mavjud emasligi va bunday hujjatning rejalashtirilayotganidan xabarsiz ekanligini aytdi.

Iqtisod vazirligining Ozodlik bog‘langan boshqa mulozimlari ham «kelib chiqishi shubhali bo‘lgan» pullarni oqlash bo‘yicha mexanizm yo‘qligini ta’kidlashdi.

Ayni vazirlikda ishlaydigan va o‘z ismi aytilishini istamagan mulozimga ko‘ra¸ «Mubin Mirzaevning bu gapi davlat rahbari Mirziyoevning «bir vagon pulni bemalol olib kirish» haqidagi ritorikasiga javoban qilingan populistik gapdir»

- O‘g‘irlangan pullar kechirilmaydi¸ amnistiya qilinmaydi. Bunaqa mexanizm yo‘q. O‘zbekiston Xalqaro konvensiyalarga qo‘l qo‘ygan davlat sifatida jinoiy pullar yuviladigan hududga rasman aylana olmaydi¸ dedi mulozim.

Yashirin sex va kasanachilar

Ayni paytda o‘z faoliyatini qayddan o‘tkazmasdan yuritayotgtan tadbirkorlarni o‘tmishdagi faoliyati uchun javobgarlikka tortmaslik haqida prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda:

- Masalan, deylik bir duradgor soliq to‘lamay¸ qayddan o‘tmay mebel yasab, sotib yurgan bo‘lsa, u oqlanadi. Chunki u ajdarxo kabi qonunlardan qo‘rqib qayddan o‘tmagan. Mantiqan u aybdor emas. Lekin kimdir davlat yoki shaxs mulkini o‘g‘irlagan bo‘lsa, u oqlanmaydi¸ dedi mulozim.

Naqd pul va plastik pul tafovuti bois yashirin iqtisod gullamoqda

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosarining «yashirin iqtisodning moliyaviy amnistiyasi» haqidagi gapini «mavhum va amalga oshmaydigan gap» deb atadi:

- Mulozim O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining yarmini yashirin iqtisod ekanini tan oldi. Tan olgani yaxshi. Lekin mamlakatda hali ham erkin konvertatsiya mavjud bo‘lmagani bois yashirin iqtisodiyot o‘z jozibasini yo‘qotmay turaveradi. Naqd pul va plastik pul tafovuti bois yashirin iqtisod gullamoqda Vazir o‘rinbosarining "xorijiy mamlakatlarda shu vaqtga qadar yashirincha tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan o‘zbekistonliklar" degan gapi mavhum. Kim ular? Qanaqa yashirin biznes? Bunga aniqlik kiritish kerak¸ deydi tahlilchi.

Ilxomovga ko‘ra¸O‘zbekistonning birinchi prezidenti Gulnora Karimovaning G‘arbda muzlatilgan aktivlarini «yashirin tadbirkorlikdan kelgan boylik» deb atasa bo‘ladi:

- Bu holatda bu boyliklarni oqlash¸ amnistiya qilish g‘oyasi absurd¸ chunki bu boyliklar taqdirini sud hukmi belgilaydi, dedi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG