Линклар

Шошилинч хабар
18 октябр 2018, Тошкент вақти: 23:00

Farg‘onalik tadbirkor: Hokimning aybi bilan qariyb 6 mlrd so‘m zarar ko‘rdim


"Men prokuraturadan 53 ta xat oldim, hammasida "siz keltirgan vajlar tasdiqlanmadi", degan bir xil javob. Hamma hujjatlardan ko‘rinib turibdiku adolatsizlik bo‘layotgani?! Prokuratura qaysi hujjat egalik xuquqini berishini bilmaydimi?"

Bu xitob farg‘onalik tadbirkor Xamidulla Topvoldiev Ozodlikka yo‘llagan xatdan olindi. Topvoldiev o‘zining Farg‘onadagi mulki bilan bog‘liq bir necha yildan buyon davom etayotgan muammolari to‘g‘risida Ozodlikka oldin ham arz qilgan edi.

O‘sha arizasidan so‘ng "muz biroz eriy boshlaganday", tadbirkorning ishi ijobiy hal bo‘la boshlaganday ko‘ringan edi. Biroq kuni kecha etib kelgan xat mazmuniga qaraganda, unday bo‘lmaganga o‘xshaydi.

Prezident Mirziyoev tadbirkorga keng yo‘l berish kerakligi to‘g‘risida takror va takror aytayotgan shu kunlarda Xamidulla Topvoldievning xatini OzodMaktub ruknida e’lon qilishga qaror qildik.

Topvoldievning xatini tahrirsiz, imlo xatolarini deyarli tuzatmay, stilistikasiga teginmay, qanday yetib kelgan bo‘lsa, shundayligicha e’lon qilayapmiz. Maktubda tilga olingan shaxslar va idoralar adresiga bildirilgan iddaolar, sifatlar va baholar mutlaqo muallifnikidir va ular uchun OzodMaktub rukni mas’ul emas.

Ozodlik radiosi mikrofoni Topvoldievning maktubida ismlari keltirilgan shaxslar va nomlari keltirilgan idoralar uchun doim ochiq.

Mana, endi Xamidulla Topvoldievning xatini o‘qing:

Xamidulla Topvoldievdan kelgan xatning boshi
Xamidulla Topvoldievdan kelgan xatning boshi

Men, Topivoldiev Xamidulla Alimovich 29.10.1963 yilda Marg‘ilon shaxrida tug‘ilganman, millatim o‘zbek, oilam, 4 nafar farzandim bor, ma’lumotim oliy, Marg‘ilon shahar Chevarchilik ko‘chasi, №38 uyda yashayman. «Miss Nozilabegim» MChJ da 2004 yildan beri rahbar bo‘lib ishlayman.

Farg‘ona viloyatida muhit shunaqaki, viloyat xokimi Shuxrat G‘aniev bizda ham prokuror, ham sudya, ham militsiya - davlatimiz qonunlarini pisand qilmaydi, xohlagan tashkilotini - u xususiymi yoki davlatnikimi - xohlagan odamiga sotib yuboraveradi. Bu ishlarni o‘zim boshimdan o‘tkazdim.

2012 yili bizning jamiyatimiz binosi - Farg‘onadagi Markaziy univermag Bosh vazir protokoliga tushib, rekonstruksiya kilish tayinlandi. Farg‘ona viloyat shtabi smeta kildirib 11 milliard so‘m hisobladi. Bizning tashkilotimiz qaytadan smeta tayyorlatib 7 milliard so‘m qildirdik.

Bosh vazir protokoliga asoslanib bizga Ipoteka bankidan 7 milliard so‘m kredit ajratildi. Biz jamiyatimiz bino inshootlarini garovga qo‘yish uchun baholangan summa 4 milliard, 750 million so‘mni tashkil qildi. Bizning tashkilotimiz 7 milliard so‘mga yarasha garov topa olmadi. Biz qo‘limizdan kelganicha o‘z kuchimiz bilan rekonstruksiya qilmokchi edik. Viloyat shtabidagilar Toshkentdagi MEGAPLANET binosiga o‘xshatib qurilish qilasizlar deb so‘zlarida turib olishdi.

7 milliard so‘mga yarasha garov topa olmaganimizdan keyin, Ipoteka bank boshqaruvchisi A.Mo‘minov meni viloyat shtabiga olib kirib 7 milliard so‘m kredit mablag‘ini 2 bosqichga bo‘lib berishini viloyat shtabidagilarga tushuntirdi. 1- bosqichda olingan milliard so‘m kreditni binoga sarf qildirib, binoni yangidan baholatishni va 2 bosqichda shu binoimizni o‘zini garovga qo‘ydirib kolgan 4 mlrd. so‘mni ya’ni to‘liq 7 milliard so‘m kredit mablag‘ini berishini viloyat shtabida taklif kiritdi. Biz shu taklifga asoslanib 7 milliard so‘mk reditni o‘rniga, 3 milliard so‘mga shartnoma tuzdik.

Bankdan 3 milliard so‘m kredit olib va o‘z mablag‘imiz bilan jami 5 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlarini bajardik.

Bank ikkinchi bosqich kreditiga yana boshka garov kuyishimizni talab qilib, qolgan 4 milliard so‘m kreditni berishdan bosh tortdi. Biz ikkinchi bosqichga yarasha garov topa olmadik. Bank kreditni to‘liq bermaganligi sababli bizda rekonstruksiya ishlari to‘xtab koldi. Bank kreditni qaytarish uchun bizning tashkilotimizni sudga berdi.

Bank bizni bajargan qurilish-montaj ishlarimizni har oyda kontrol-obmer qilib oyma oy pul o‘tkazib bergan. 3 milliard so‘mni birdaniga bizning hisob raqamimizga o‘tkazib bergani yo‘q.

Viloyat xo‘jalik sudi bankning talabini ko‘rib chiqib, Xadicha Sulaymonova nomli ekspertiza tashkilotiga baholatish uchun berdi. Ekspert Xotam 3 ta viloyatga bitta o‘zi ekspert ekanligini vaj kilib, 2011 yilda qilingan kadastr xujjatiga asoslanib, yangi qilingan qurilish-montaj ishlarini inobatga olmasdan, biz rekonstruksiya qilish davomida buzib tashlangan binoni narxini chiqarib, 3 milliard, 300 million so‘m atrofida narx chiqarib berdi.

Xo‘jalik sudi sudyasi ekspert Xotamni 4 oy sudrab, eski kadastr hujjatidan narx chiqarganidan e’tiroz bildirganida Xotam o‘zi hisob-kitob qilishga ulgurmaganini va 2011 yil kadastr hujjatiga asoslanib narx chiqarganini aytdi.

Xadicha Sulaymonova nomli ekspertiza tashkiloti eksperti Xotam bank kontrol obmer qilgan protsentovkalarni inobatga olmadi. Bino ekspertizaga chiqqan paytda binoning fasadi va 1 - 2 qavatlari bitgan edi. Binoning narxini pasaytirish uchun ekspert Xotam atayin 2011 yil kadastr xujjatiga asoslanib narx chiqargan.

Apellyatsiya sudi a’zolari tashkilotimizga kelishib, qurilish-montaj ishlarimizni ko‘rib va viloyat prokuraturasi protestiga asoslanib asosiy binoni o‘ziga 6 milliard, 700 million so‘m narx belgilab berishdi.

Bank boshlang‘ich 2011 yil kadastr xujjatiga asosan ya’ni, garovga olingan narx 3 milliard, 750 million so‘m bilan o‘zi kontrol-obmer, oyma oy qilingan protsentovkalar va biz qilgan sarf xarajat qiymatlarini inobatga olmay birja savdosiga chiqarib yubordi.

Viloyat xokimi Shuxrat G‘aniev 2014 yilda bizning takilotimizga tegishli bo‘lgan omborxonalarni yo‘lga tushadi deb buzdirib tashlab, xududdan 2 nafar mebelchilarga, B.Umarov va Jalilovlarga moddiy qiziqish evaziga bizning tashkilotimizga bo‘lgan yerdan qaror chiqarib berdi.

Bu qarorlarni ko‘tarib viloyat xokimining ukasi Shavkat G‘aniev ikkala tadbirkor bilan oldimga kelib, yer endi ularga tegishli ekanligini va qurilish boshlashlarini aytishdi. Men ularni xaydab yubordim.Ertasiga viloyat xokimi Shuxrat G‘anievni o‘zi kelib B.Umarov va F.Jalilovlar qurilishni boshlaydi dedi.Men xokimga yer qonun bo‘yicha bizning tashkilotimizga tegishli ekanligini aytsam viloyat xokimi Shuxrat G‘aniev xozir seni qamataman deb militsiya xodimlarini chaqirib shaxar militsiya boshlig‘iga meni oborib qamab ko‘yishga buyruq berdi.

Men bu qarorlardan norozi bo‘lib Farg‘ona shaxar prokuraturasiga ariza berdim.

Farg‘ona shaxar prokuraturasi protest kirgizib, bu qarorlarni bekor qildi.

Farg‘ona shaxar xokimi D.Raxmatov 2015 yilda yanvar oyida 24 va 55 son bilan qaytadan qaror chiqardi.

Men bu qarorlarni bekor kilish uchun fuqarolik sudiga murojat qildim.

Sud jarayoni bo‘layotganiga karamasdan B.Umarov va F.Jalilovlar qurilishni boshlab yuborishdi. Men hamma xujjatlarimni ko‘rsatib qurilishni to‘xtatib qo‘ydim.

Viloyat xokimi Shuxrat G‘aniev kelib, shaxar xokimi D.Raxmatovni va 15 ga yaqin militsiya xodimlarini noqonuniy qurilish bo‘layotgan joyga qo‘yib ketdi.

Xamma xujjatlarimiz bo‘lishiga qaramasdan,Farg‘ona shaxar fuqarolik sudi sudyasi X.Xakimov yer mening tashkilotimga tegishli ekanligi xaqidagi xujjatlarni ko‘rsata olmadi deb, B.Umarov va F.Jalilovlar foydasiga ajrim chiqarib berdi.

Men viloyat sudiga ariza berdim, viloyat sudi xam shaxar fuqarolik sudini ajrimini tasdiqladi.

Keyin men Oliy sudga ariza berdim, Oliy sud Farg‘ona viloyati va shaxar fuqaroliksudlarini ajrimlarini bekor qilib, viloyat sudiga qaytadan ko‘rish uchun yubordi.

Farg‘ona viloyat sudi xokimni aytganini qilib B.Umarov va F.Jalilovlar foydasiga qaror chiqarib berdi.

Farg‘ona viloyat xokimi Sh.G‘aniev bizni 10 milliard so‘m turadigan bino-inshootlarimizni 4 milliard , 89 million so‘mga birja orqali sottirib yubordi.

Biz bu muammolarimiz yuzasidan portalga 4 marotaba murojat qildik har safar bizni ishimizni viloyat prokuraturasiga jo‘natishadi, viloyat prokuraturasi xokim Shuxrat G‘aniev ustidan yozilgan ariza chekkada qoldirib Ipoteka bankidagi qalbaki dalolatnoma ustidan jinoiy ish ochdi. Qalbakilashtirilgan dalolatnomani shahar militsiya tergov qilyapti.

Viloyat xokimi ustidan yozilgan arizani shahar militsiya tergovchisi tergov qila oladimi?

Miss Nozilabegim jamiyatini bankdan qarzi bor ekan, xolis betaraf bo‘lgan tashkilotga baxolatib birjaga chiqarsa bo‘lardiku?

Farg‘ona viloyat xokimi Shuxrat G‘aniev va ukasi Shavkat G‘aniev O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini pisand qilishmaydimi?

Xozirgi kunda bizning tashkilotimiz viloyat xokimi Sh.G‘aniev tadbirkorligi orqasidan 6 milliard so‘mga yaqin zarar ko‘rdi.

Viloyatimiz xokimi Shuxrat G‘aniev esa o‘zi xoxlagan tashkilotni, tadbirkorni xususiy mulkiligidan qat’iy nazar xoxlagan odamiga ukasi Shavkat G‘aniev orqali sotib yuboryapti.

2017 yil 20 fevral kungi 196-sonli qaror bilan Farg‘ona viloyat xokimi Shuxrat G‘aniev bizning tashkilotimizga tegishli bo‘lgan qaxvaxona maydonchasi va 2 ta musiqali fontanni “ MEXNAT OIL ” MChJ ga sotib yuborgan. Aslida bu yer bankni garov summasiga kirmagan. Men bu joylarga 600 million so‘mdan ziyod pul mablag‘ini sarflaganman. Bu yer menga tegishligi xaqidagi xamma xujjatlar bor.

Men viloyat prokuroturasiga murojat qilsam, prokurotura keltirgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmadi deb javob berishdi.

Men prokuroturaga ko‘rsatgan mulkka egalik xuquqini beruvchi xujjatlar asos bo‘la olmas ekan u qonuniymi qonuniy emasmi?

Bizning viloyatimizda xokim Shuxrat G‘anievni gapi O‘zbekiston Respublikasi qonunlaridan yuqori turadi.

Yuqoridagilarga asoslangan holda va O‘zbekiston Respublikasi FPKning 320-323-moddalariga, “Tadbirkorlik faoliyati erkinliginig kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni ximoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi FKning 11,164,207,482-moddalariga,Er kodeksining 31,91-moddalariga zid ravishda Farg‘ona shahrida mulkiy tajovuzlarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Farg‘ona shahar xokimining 2015 yil 19 yanvar kungi 24-sonli, 2015 yil 19 yanvar kungi 55-sonli qarori hamda 30.04.2014 yil kungi 628-sonli noqonuniy qarorlarini “EFFECT REAL GROUP” MChJ auksion savdo komissiyasi 09.08.2016 yilda savdo auksionida qatnashgan“ASVEN DISTILLERIES” va “MEHNAT OIL” MChJ tashkilotlari auksionga bir kun qolganida SUM binosi va xolatini o‘rganmasdan, auksion savdosida qatnashgan ikkala korxonani egasi bitta odam ekanligi aniqlandi.

2017 yil 20 aprel kungi 15-15083848-sonli ish bo‘yicha sud qarorlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi protest kirgizgan. 2017 yil 30 may kuni shu ish yuzasidan Oliy xo‘jalik sudi rayosati 2015 yil 3 mart kungi, 2016 yil 9 mart kungi va 2016 yil 4 may kungi qarorlarni bekor qilgan.

2017 yil 1 avgust kungi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi protestiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov xay’atining ajrimiga asosan Farg‘ona shaxar va viloyat sudlarini barcha chiqargan qarorlari bekor qilingan.

2017 yil 4 avgust kuni ushbu ish qayta ko‘rish uchun Andijon viloyat iqtisodiyot sudiga chiqarilgan. Mana olti oydan beri Andijon viloyat iqtisodiyot sudi ekspertiza qila olmayapti. Men Xadicha Sulaymonova nomidagi ekspertiza tashkilotiga borsam, ekspertiza raxbariyati ish xujjatlarida bank qo‘l qo‘yib bergan protsentovkalar bor, shu summani sud qo‘shib qo‘yaversin deb o‘zlarini chekkaga olishyapti. Xadicha Sulaymonova nomidagi ekspertiza tashkiloti Farg‘ona viloyat xokimi Shuxrat G‘anievni gapi bilan bizni tashkilotimizga 6 milliard so‘mga yaqin zarar keltirdi.

Men prokuraturadan 53 ta xat oldim, xammasida "siz keltirgan vajlar tasdiqlanmadi", degan bir xil javob. Hamma hujjatlardan ko‘rinib turibdiku adolatsizlik bo‘layotgani?!

Prokuratura qaysi hujjat egalik xuquqini berishini bilmaydimi?

Toshkent xuquqni muxofaza qilish organlari viloyat xokimi Shuxrat G‘anievdan shunchalik tili qisiqmi?

Xurmatli Ozodlik radiosi, men sizlarga o‘zimdagi mavjud bo‘lgan, yer va tashkilot menga tegishli bo‘lganligi xaqidagi xujjatlarni va Farg‘ona viloyati sud qarorlari, Bosh prokuratura protesnlari, Oliy sud ajrimlari va Farg‘ona viloyat xokimi Shuxrat G‘anievni tadbirkor mulkiga tajovvuz qilayotganligini tasdiqlovchi xujjatlarni yuborayapman.

Xurmatli Ozodlik kanali mening buzilgan mulkiy xuquqlarimni tiklanishida yordam berishingizni so‘rayman.

Ilova: 24 varoqda. ( 3 ta surat )

«MISS NOZILABEGIM»

MChJ raxbari: X. A. Topivoldiev.

***

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMaktub sizga muntazir!

OzodMaktub rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG